Navoiy kalomi — jahon ma’naviyati ko‘prigi: Samarqanddan Seulgacha
Turkiy dunyo ma’naviyatining quyoshi -Alisher Navoiy merosi bugun nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda yangicha talqin va e’tirof etilmoqda.
Ushbu maqolada Navoiy ijodining ingliz va koreys tillariga oʼgirilish jarayoni, tarjimadagi badiiy mahorat va milliy sheʼriyatimizning Uzoq Sharqdagi inʼikosi haqida fikr yuritamiz.
Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi 2025-yil 7-oktabr kuni Ozarbayjonning Gʻabala shahrida boʻlib oʻtgan 12-sammitida Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqi bilan ishtirok etib, turkiy dunyoning global siyosat va iqtisodiyotdagi oʻrnini mustahkamlashga xizmat qiluvchi qator strategik tashabbuslarni ilgari surdi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan eng muhim gumanitar loyihalardan biri — 2026-yilda “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – Turkiy dunyo ma’naviy hayotida” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etish gʻoyasi boʻldi. Ushbu tashabbus zamirida ikki buyuk mutafakkirning jahonshumul merosini bugungi kun talablari asosida qayta kashf etish maqsadi yotibdi.
Darhaqiqat, Alisher Navoiy siymosi va uning boy ilmiy-badiiy merosi turkiy xalqlar ma’naviy taraqqiyotining oʻzak qismini tashkil etadi. Bugungi kunda Navoiy ijodini jahon madaniy maydoniga keng integratsiya qilish masalasi har qachongidan ham dolzarbdir. Zamonaviy oʻzbek navoiyshunosligi oldida turgan eng muhim vazifalardan biri — Gʻarb va Sharq mamlakatlarida shoir ijodining idrok etilish darajasini chuqur tahlil qilishdir.
Ma’lumki, tarjima asar kitobxon va mutaxassislar orasida o‘z bahosini topishi tezda amalga oshadigan ish emas, ammo mumtoz shoir va yozuvchilar ijodiga bo‘lgan qiziqish hech qachon so‘nmagani bois, ularning tarjimalariga ham hamma davrlarda ehtiyoj mavjud bo‘lgan. Buyuk mutaffakir Alisher Navoiyning ijodiy merosi XX asrda eng ko‘p rus tiliga o‘girilib, dunyoga asosan rus tili orqali tanilgan bo‘lsa, XXI asrga kelib, bevosita tarjimalar ommalashdi. Bu borada marhum ustoz, Samarqand davlat chet tillar instituti faxriy o‘qituvchisi, o‘z vaqtida Samarqand tarjima maktabining sermahsul tarjimoni, “Do‘stlik” ordeni sohibasi, poliglot Dinara Sultanovaning xizmatlari alohida e’tirofga loyiq. Uning “Selected Gazels of Navoiy” to‘plami o‘zbek tilidan ingliz tiliga bevosita o‘girilgan o‘ttizta durdona gʻazalni o‘z ichiga oladi.
Navoiy she’riyati jozibasi bugun Koreya yarim orolini ham zabt etmoqda
To‘plamning internet tarmog‘ida keng tarqalishi natijasida Koreya Respublikasining Uiduk universiteti professori Ko Gil Xvan shaxsan qiziqish bildirib, mazkur g‘azallarni koreys tiliga o‘girishga jazm etdi. Bu xayrli ishda unga shogirdi Akmal Toshev hamda SamDCHTI katta o‘qituvchisi Zilola Shukurova yaqindan yordam berdi. 2022-yil Koreyada nashr etilgan “Selected Gazels of Navoiy” (koreyscha tarjimalar qo‘shilgan holda) to‘plami muqaddimasidagi mana bu satrlar qalbimizda faxr uyg‘otadi: “Koreys xalqi uchun Qirol Sejong qanchalar buyuk shaxs bo‘lsa, o‘zbek xalqi uchun Alisher Navoiy siymosi shu qadar ardoqlidir…”.
Darhaqiqat, Alisher Navoiy shaxsiyati va u yaratgan adabiy meros bugungi kungacha butun turkiy xalqlar uchun faxr va ilhom manbai bo‘lib qolmoqda.
Ko Gil Xvan inglizcha tarjimalar xususida shunday fikr bildiradi: “Navoiyning saylanma g‘azallari” deb nomlangan ushbu to‘plamda qadimgi sharqona she’riy shakllar, xususan, g‘azal janri ingliz tilining poetik imkoniyatlariga moslashtirilib, zamonaviy she’riyatga yaqinlashtirilgan. G‘azal janri shaklan inglizcha sonetlarni eslatadi, ammo mazmun va ifoda borasida Navoiyga xos nozik tuyg‘ular, falsafiy teranlik va badiiy go‘zallik o‘ziga xos tarzda saqlanib qolgan”.
E’tirof etish kerakki, aruz vaznining ingliz tiliga moslashtirilishi, bu shunchaki tarjima emas, balki ikki madaniyatni (sharqona g‘azal va yevropacha sonetni) birlashtirish san’atidir.
“Selected Gazels of Navoiy” to‘plamini inglizcha va koreyscha nashrlariga Alisher Navoiyning mashhur “Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulro‘ kelmadi…”, “Ko‘rgali husningni zoru mubtalo bo‘ldum sango…”, “Ey nasimi subh, ahvolim diloromimg‘a ayt…”, “Qaro ko‘zum kelu mardumlug‘ emdi fan qilg‘il…”, “Ne navo soz aylagay bulbul gulistondin judo…”, “Ko‘zung ne balo qora bo‘luptur…”, “Qoshi yosinmu deyin, ko‘zi qarosinmu deyin…”, “Lolazor ermaski, ohimdin jahong‘a tushti o‘t…”, “Qon yutub umre jahon ahlida bir yor istadim…”, “Ko‘nglum ichra dardu g‘am avvalg‘ilarg‘a o‘xshamas…”, “Balo dashti aro Majnun meningdek ko‘rmamish davron…” va boshqa g‘azallari tarjimalari kiritilgan.
Quyida Alisher Navoiyining “Ko‘rgali husningni zoru mubtalo bo‘ldum sango...” deb nomlangan mashhur g‘azalining bir-ikki bayti misolida tarjimalar tahliliga nazar tashlaylik:
G‘azal aruz vaznining “ramali musammani mahfuz” (– v – – /– v – – / – v – – / – v – ) bahrida yozilgan bo‘lib, har bir bayt misrasi 15 bo‘g‘indan iborat. G‘azal mavzusi – ishqiy iztirob, Ma’shuqaning husniga mahliyo bo‘lish, ishqda sadoqat va fidoiylikni madh etishdan iborat.
Ko‘rgali husningni zoru mubtalo bo’ldum sango,
Ne balolig‘ kun edikim, oshno bo‘ldim sango
Har necha dedimki kun-kundin uzay sendin ko‘ngul,
Vahki, kun-kundin betarrak mubtalo bo‘ldum sango.
Mazmuni: lirik qahramon mahbubasining husni-jamolini ko‘rmoq ishtiyoqida “zor” (iztirobda) va “mubtalo” (bemor) bo‘ladi; unga ishqi tushgan kunning “balolig‘ kun” – musibatli, og‘ir, ayni damda orombaxsh kun ekanini his qiladi; ko‘nglini yordan uzmoqchi bo‘ladi, biroq yuragidagi ishq o‘ti alangalanib, mubtalolig‘ kuchayib boradi. Baytlarda ruhiy ziddiyat, muhabbatning og‘riqli, ammo shirin hislari ifodalangan.
Inglizcha (D.Sultanova tarjimasi):
I longed, was thirsty for beholding the beauty owned by you,
And how dreadful day it was that, that day I was enchanted by you.
And lots of days in and days out I tried from you drive away,
Alas, day by day more and more I’d been enchained by you.
Ushbu tarjimada asliyatdagi “zor” va “mubtalo” so‘zlari ingliz tilida “longed” (mushtoq bo‘lmoq) va “thirsty” (tashna bo‘lmoq) leksemalari orqali mahorat bilan ifodalangan. Tarjimon shunchaki so‘z o‘yinini emas, balki Navoiyga xos ruhiy iztirob va ma’naviy tashnalikni ingliz kitobxoniga yetkazib bera olgan.
Tahlil natijalariga ko‘ra, asliyatdagi asosiy mazmun – sevgi, azob, iztirob va ruhiy bog‘lanish motivlari – ingliz tilidagi tarjimada aniq va mazmunan to‘liq ifodalangan. “Longed” hamda “thirsty” leksemalari o‘zbek tilidagi “zor” va “mubtalo” so‘zlarining emotsional-semantik yukini adekvat tarzda yetkazadi. “Enchanted by you” birikmasi “senga maftun bo‘ldim” mazmuniga mos keluvchi badiiy ekvivalent sifatida muvaffaqiyatli qo‘llangan, “Enchained by you” esa kuchli metaforik ifoda bo‘lib, asliyatdagi “mubtalo” so‘zining ruhiy-ma’joziy mazmunini adekvat tarzda aks ettiradi.
D.Sultanovaning inglizcha tarjimalari asosida Koreya Respublikasining Uiduk universiteti professori Ko Gil Xvan Navoiy g‘azallarini ilk bor koreys tiliga o‘girishga muvaffaq bo‘ldi. Koreys tilidagi namuna asliyat va inglizcha variant bilan hamohanglik kasb etadi: Koreyscha namunada asliyatdagi dramatik ohang yuksak mahorat bilan saqlangan: (Ko Gil Xvan tarjimasi):
나는 동경하고 갈구했노라 그대가 지난 아름다움을 보기를,
내가 그대에게 매혼당한 날은 얼마나 가혹한 날이었나!
나는 수많은 날들을 안팎으로그대로부터 벗어나고자노력했다,
슬프도다, 날이 가면 갈수록 더욱 더 내가 그대에게 매혹당하는 것이.
나는 동경하고 갈구했노라 그대가 지난 아름다움을 보기를, (Men sening go‘zalligingni ko‘rishga mushtoq edim)
내가 그대에게 매혼당한 날은 얼마나 가혹한 날이었나! (Senga maftun bo‘lgan kunim naqadar shafqatsiz baloli edi!)
Ingliz tilidagi “longed” va “thirsty” birliklari koreys tilida “동경하고 갈구했노라” shaklida tabiiy va semantik jihatdan ekvivalent tarzda ifodalangan. “매혼당한 날은 얼마나 가혹한 날이었나!” ifodasi inglizcha “enchanted by you” mazmunini yanada kuchliroq, dramatik ohangda aks ettiradi (so‘zma-so‘z tarjimasi: “Senga maftun bo‘lgan kun naqadar shafqatsiz kun edi”). Shuningdek, “벗어나고자 노력했다” (ya’ni “qutulmoqchi bo‘ldim”) birikmasi asliyatdagi “uzay sendin ko‘ngul” ifodasining ma’no mohiyatini aniq tarzda yetkazadi. “날이 가면 갈수록 더욱 더 매혹당하는 것이” esa inglizcha “day by day more and more I’d been enchained” birikmasining tabiiy, ohangdor va badiiy jihatdan muvofiq variantiniqayta yaratadi.
Koreyscha tarjimada inglizcha “enchanted” (maftun bo‘lgan) so‘zi yanada kuchliroq dramatik ohangda — “매혼당한” shaklida berilganki, bu asliyatdagi “ishq balosi” va lirik qahramonning ruhiy ziddiyatini yanada yaqqolroq aks ettiradi.
Shunday qilib, Alisher Navoiyning teran falsafasi, sof tuyg‘ularga boy she’riyati ingliz va koreys tillaridagi talqinlar vositasida o‘zga tilli kitobxonlar qalbiga ham kirib bordi. Bu kabi xalqaro adabiy hamkorlik, ayni paytda, madaniyatlararo mustahkam ko‘prik va milliy she’riyatimizning jahon minbarlari sari qo‘ygan dadil qadamidir. Zero, Navoiy so‘zi — butun insoniyatning umumiy mulkidir.
Firuza HALIMOVA,
Samarqand davlat chet tillari instituti filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Zilola SHUKUROVA,
institutning qo‘shma ta’lim dasturlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.