Ishsiz yoshlar bilan ochiq muloqot: Viloyat hokimi o‘rinbosari olis mahallada yashovchi yoshlarning muammolarini tingladi

Urgut tumani Mangitobod mahallasida viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov ishtirokida ishsiz yoshlar bilan ochiq muloqot tarzida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini oshirishdan iborat bo‘ldi.

Ochiq muloqot davomida R.Qobilov yoshlarni ish bilan ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, zamonaviy va talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarga yo‘naltirish, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish masalalarini atroflicha muhokama qildi. Xususan, yoshlar o‘rtasida o‘z biznesini boshlash istagida bo‘lganlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, imtiyozli kreditlar, subsidiya va grant dasturlari haqida batafsil ma’lumotlar berdi.

Shuningdek, uchrashuv davomida davlat tomonidan yoshlar uchun amalga oshirilayotgan dasturlar, mehnat bozorida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, kasbiy qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari haqida ham keng tushunchalar taqdim etildi. Mutasaddi tashkilot va idoralar vakillari tomonidan yoshlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar berildi.

Muloqot chog‘ida yoshlar tomonidan bildirilgan murojaat, taklif va muammolar diqqat bilan tinglanib, ularni ijobiy hal etish bo‘yicha mas’ul rahbar va mutaxassislarga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Ayrim masalalar joyidayoq hal etilgan bo‘lsa, qolganlari nazoratga olinib, qisqa muddatda yechim topilishi belgilandi.

Uchrashuv yakunida bunday ochiq muloqotlar yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri eshitish va manzilli hal etishda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.