Hiqichoq bilan 9 oy kurashgan Jair Bolsanaru, 68 yil hiqillagan Charlz Osbori

Yoxud hiqichoq sababi va undan qanday qutelish mumkin?

Ba’zan hiqichoq bir necha daqiqada o‘tib ketadi. Ammo ayrim holatlarda u jiddiy muammoga aylanishi mumkin.

2025 yil dekabrida Braziliyaning sobiq prezidenti Jair Bolsonaru kasalxonada yotganida shifokorlar unga uch marta diafragma nervi blokadasi qilishga majbur bo‘lishgan. Sabab — hiqichoq. Oddiy emas, to‘qqiz oy davom etgan hiqichoq. U siyosatchini qattiq holdan toydirdi.

Xo‘sh, hiqichoq qanday qilib buncha uzoq davom etishi mumkin? Hiqichoq paytida organizda nima sodir bo‘ladi?

Hiqichoq — diafragma va qovurg‘alar orasidagi mushaklarning to‘satdan qisqarishi. Ular nafas olishga yordam beradi, ammo asablar qo‘zg‘alganda bu jarayon nazoratdan chiqadi va “hiq-hiq” takrorlanaveradi.

Ko‘pincha bu holat sababsiz bir necha daqiqada o‘tib ketadi. Ammo kamdan-kam hollarda hiqichoq oylab, hatto yillab to‘xtamasligi mumkin. Masalan, amerikalik Charlz Osborn 68 yil hiqichoq tutgan — bu dunyo rekordi.

Uzoq davom etadigan hiqichoq ayniqsa og‘ir: u na kechasi, na ovqat paytida to‘xtaydi. Odam uxlolmaydi, vazn yo‘qotadi, charchaydi.

Nega hiqichoq paydo bo‘ladi?

Qisqa muddatli hiqichoqning eng oddiy sabablari:

-  ko‘p ovqat yeyish

-  tez ovqatlanish

-  havo yutish

-  gazli ichimliklar.

Qanday qutulish mumkin?

Ilmiy tadqiqotlar ko‘p emas, lekin ayrim usullar yordam berishi mumkin:

-  qiyin tortiladigan somoncha orqali suv ichish

-  juda chuqur nafas olib, kamida 30 soniya ushlab turish

Ko‘pchilikka esa oddiy suv ichish, nafasni to‘xtatish yoki tinchlanish ham yordam beradi.

Ammo u uzoq vaqt davom etsa yoki tez-tez sodir bo‘lsa, sababi jiddiyroq bo‘lishi mumkin:

-  dorilarning nojo‘ya ta’siri

- alkogol

- asab yoki miya bilan bog‘liq muammolar

-  turli kasalliklar, yallig‘lanish yoki o‘smalar.

Qachon shifokorga borish kerak?

Agar hiqichoq bir necha kun o‘tmasa, uxlash yoki ovqatlanishga xalal bersa — albatta shifokorga murojaat qilish kerak, deydi mutaxassislar. Sababi aniqlanadi, dorilar yoki maxsus muolajalar qo‘llanadi. Chunki ba’zan oddiy ko‘ringan hiqichoq organizm berayotgan jiddiy signal bo‘lishi mumkin.

Gulnora Xoldorova tayyorladi.