Deputatlar jinoyatchilik va hududlar rivoji masalalarini muhokama qildi
Xalq deputatlari viloyat Kengashining yigirma oltinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya ishini Kengash raisi Shuhrat Negmatov boshqardi.
Kun tartibiga ko‘ra, dastlab viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Tohir Aripov viloyatda jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.
Qayd etilishicha, щtgan yilda viloyat hududida 15998 ta jinoyat qayd etilib, 2024 yilga nisbatan 6596 taga oshgan. Bu jinoyatlarning 5156 tasi yoki 32 foizi oldini olish mumkin bo‘lgan, 3241 tasi yoki 20 foizi aniqlangan, 7601 tasi yoki 47 foizi axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlarni tashkil qilgan. Jinoyat turlaridan qotillik 3 foizga, bosqinchilik 30 foizga kamaygan.
- 2025 yilning sentyabr oyidan boshlab, Samarqand tajribasi sifatida viloyat hududida jinoyatlarning barvaqt oldini olish va profilaktikasini ta’minlash maqsadida belgilab olingan yo‘nalishlar o‘z samarasini berdi, - dedi viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i T.Aripov. - Ya’ni, hodisa joyiga 5 daqiqada yetib borish tizimi yo‘lga qo‘yildi. "112 tizimi" bo‘yicha kelib tushgan jami 110266 ta xabarning 109079 tasiga 8 daqiqagacha, 971 tasiga 8-15 daqiqagacha, 216 tasiga 15-30 daqiqagacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida yetib borildi.
Shuningdek, “112 tizimi” orqali fuqarolardan kelib tushgan xabarlar kunlik tahlil qilinib, eng ko‘p murojaat tushayotgan shahar, tuman, mahalla, ko‘cha va xonadonlar aniqlanib, xabarlarning turlari bo‘yicha boshqarmaning tegishli sohaviy xizmatlaridan mas’ullar biriktirilgan holda muammolar o‘z vaqtida hal etilmoqda. Natijada, og‘ir oqibatlarga olib keluvchi 2 mingga yaqin jinoyatning oldi olindi. Takroriy murojaatlarning kamayishi hisobiga umumiy murojaatlar soni keskin qisqardi, ichki ishlar organlari xodimlari ustidan kelib tushayotgan murojaatlar ikki baravarga kamaydi.
Sessiyada deputatlar viloyatda jinoyat sodir etilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarliklarni aniqlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar natijalari, shuningdek tan jarohati yetkazish, kiberjinoyat, yo‘l-transport hodisalari, jamoat joylaridagi va oilaviy janjallarning tahlillari, jinoyat va huquqbuzarlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderlari berilishi bilan bog‘liq savollariga javob olishdi.
Shundan so‘ng Narpay tumani hokimi Anvar Boliyev tumanni 2025 yilda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar va 2026 yilgi rejalar yuzasidan hisobot berdi.
Hisobotda keltirilishicha, 2025 yilda tumanga 156 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Shuningdek, yil yakunida sanoat hajmi 1 trln 280 mlrd so‘mni, xizmatlar hajmi
1 trln 453 mlrd so‘mni, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi
2 trln 929 mlrd so‘mni, qurilish-pudrat ishlari hajmi 221,9 mlrd so‘mni tashkil etgan. 20,9 ming nafar fuqaroning bandligi ta’minlanib, ishsizlik darajasi yil boshidagi 5,6 foizdan 5,1 foizga tushgan, 3,7 mingta oila kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 7,6 foizdan 5,3 foizga qisqartirilgan.
- 2026-2027 yillarda tumanimiz mahallalari infratuzilmaviy loyihalari uchun 304,3 milliard so‘m yo‘naltiriladi, - dedi A.Boliyev. - Masalan, investitsiya dasturi doirasida 2 ta maktab, 2 ta bog‘cha, 2 ta tibbiyot maskani quriladi, Xalqobod mahallasi ichimlik suvini yaxshilash hamda M-37 avtomagistral yo‘lining 139-kilometrini ta’mirlash uchun 71,3 milliard so‘m, "Qishloq infratuzilmasi" va "O‘rta shaharlar" loyihasi doirasida Sarbozor, Istiqlol, Navro‘z va Nog‘oraxona mahallalarini rivojlantirish uchun 75,3 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Sessiyada xalq deputatlari viloyat Kengashidagi doimiy komissiyalar a’zolarining Narpay tumanida olib borgan o‘rganishlari natijalari hamda kuzatilgan kamchiliklar tahlil etildi. Mavjud muammolarning yechimi bo‘yicha kelgusida qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilandi.
Sessiya ishida Kattaqo‘rg‘on shahri, Payariq, Kattaqo‘rg‘on, Bulung‘ur tumanlaridagi samarasiz kichik sanoat zonalarini tugatish to‘g‘risidagi, viloyatda 2025 yil “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida tanlangan mahallalarda elektr energiyasi barqaror yetkazib berilishini yaxshilash va ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha dasturga kiritilgan takliflarni ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi, “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman va mahalla maqomi berilgan tumanlar va mahallalarda “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturining asosiy yo‘nalishlari, infratuzilma loyihalari manzilli dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi va Kengash vakolatiga doir boshqa masalalar ko‘rib chiqilib, qarorlar qabul qilindi.