Indoneziyaga safar: Samarqand va Indoneziya o‘rtasida hamkorlik kengaymoqda
Adiz Boboyev boshchiligidagi viloyatimiz delegatsiyasi ayni paytda Indoneziyada bo‘lib turibdi.
Bugun A.Boboyev Sharqiy Yava provinsiyasi gubernatori Xofifa Indar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida ikki hudud o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy, ta’lim va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Gubernator Xofifa Indar Indoneziya xalqi O‘zbekistonni muqaddas zamin sifatida qadrlashini ta’kidlab, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining qayta ta’mirlanib ochilgani musulmonlar uchun muhim voqea bo‘lganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, Samarqand bilan yaqin aloqalar o‘rnatish Sharqiy Yava uchun ustuvor yo‘nalish ekanini bildirdi.
Tomonlar turizmni hamkorlikning asosiy drayveri sifatida baholab, hududlararo to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidlashdi. Bundan tashqari, kelgusida Sharqiy Yava ulamolari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish yuzasidan tegishlu choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.
Uchrashuv yakunida Samarqand viloyati va Sharqiy Yava provinsiyasi o‘rtasida hamkorlikni rivojlantishga kelishib olindi.
Shuningdek, Adiz Boboyev Indoneziya Din ishlari vaziri Nasaruddin Umar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda tomonlar, avvalo, Samarqandni Indoneziyadan keluvchi sayyohlar va ziyoratchilar uchun muhim markazga aylantirish istiqbollarini muhokama qildilar. Bu borada Imom Buxoriy majmuasining ahamiyati katta ekanligi alohida ta’kidlandi. Aynan shu maskan atrofida ziyorat turizmini rivojlantirish, yangi yo‘nalishlar yaratish va infratuzilmani yaxshilash ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Uchrashuv davomida maxsus turizm yo‘nalishlarini ishlab chiqish, transport va logistika tizimini takomillashtirish, shuningdek, ikki davlat ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi. Nasaruddin Umar Samarqandning boy tarixiy va ma’naviy merosi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun umumiy qadriyat ekanini ta’kidlab, indoneziyalik ziyoratchilarning bu maskanga bo‘lgan qiziqishi yanada ortishiga ishonch bildirdi.
Tomonlar, shuningdek, ma’rifiy islom qadriyatlarini birgalikda targ‘ib qilish, yirik xalqaro forum va anjumanlar tashkil etish bo‘yicha ham kelishuvga erishdilar. Mutaxassislar fikricha, mazkur tashrif yakunlari yaqin istiqbolda turistik almashinuvni sezilarli darajada faollashtiradi hamda Samarqand va Indoneziya o‘rtasida yangi qo‘shma loyihalarning yo‘lga qo‘yilishiga zamin yaratadi.
Viloyat hokimligi axborot xizmati.