Adiz Boboyev 103 yoshli onaxonga “Shuhrat” medalini topshirdi

Davlatimiz rahbarining "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoniga asosan bir guruh 100 yoshdan oshganlar “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Ular orasida Narpay tumani “Tepaqo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Xaticha aya Gadanova ham bor.
Onaxon uzoq yillar qishloq xo‘jaligida ishladi. Tepaqo‘rg‘onliklarning aytishicha, yaqin yillargacha xo‘jalik raislari, fermerlar g‘alla yoki paxtachilikda qaysi agrotexnik tadbirni qachon amalga oshirishni, yil fasllariga qarab dehqonchilik mavsumining qanday kelishini Xaticha momodan so‘rab, keyin ishlarga kirishar ekan.
Ayni paytda momoning farzandlari orasida o‘zi kabi pensiyada bo‘lganlari ham, turli sohalarda ishlayotganlari ham bor. 40 nafardan ortiq nevara, chevara va evaralari esa katta sulolaning munosib davomchilari bo‘lib kamolga yetmoqda.
Davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan samarqandliklarga unvon, orden va medallarini tantanali topshirish marosimini ertaga o‘tkazish rejalashtirilgan. Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev ushbu tadbir oldidan bugun Narpay tumaniga, Xaticha Gadanova xonadoniga borib, onaxonga “Shuhrat” medalini Prezidentimiz nomidan topshirdi hamda viloyat hokimligining sovg‘alarini berdi.
O‘z navbatida Xaticha aya keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan e’tibor hamda g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, dasturxonimiz to‘kin, farzandlarimiz baxtli bo‘lishini tilab, duo qildi.