Xalq ta’limi fidoyilari e’tibordan chetda emas

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining tegishli buyrug‘iga ko‘ra, qator yillardan buyon mehnat qilib kelayotgan, alohida ahamiyatli yutuqlarga erishgan bir guruh umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari “Xalq ta’limi fidoyisi” va “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
Taqdirlanganlar orasida Payariq tumanidagi 45-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Saparboy Normo‘minov, Ishtixon tuman 2-son ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Sanobar Po‘latova, Jomboy tumani 9-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Gulrabo Abdullayeva, Paxtachi tumani 4-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Olga Silantevalar bor.
- O‘ttiz yildan buyon bolalarga ona tili va adabiyot fanidan dars berib kelaman, - dedi Ishtixon tuman 2-son ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Sanobar Po‘latova. – O‘quvchilarim fan olimpiadalari, “Bilimlar bellashuvi”, “Yosh kitobxon”, insholar tanlovi, “Mening qahramonim” kabi turli ko‘rik-tanlovlarda qatnashib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Masalan, 2023 yili o‘quvchim Rahbaroy Sindorova ona tili va adabiyot fanidan fan olimpiadasining respublika bosqichiga chiqqandi. 2024 yil 10-sinf o‘quvchim Ravshana Sindorova MDH davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro ko‘rik-tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritib, “Yosh tadqiqotchi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shukrki, mehnatlarim besamar ketmadi. 2010 yilda “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan bo‘lsam, bugun “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandim.
Bugun viloyat hokimligida ushbu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mukofotlarni viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev topshirdi va faol o‘qituvchilarning keyingi pedagogik faoliyatiga omad tiladi.