«Keksalar haftaligi»: 4,5 ming nafar nuroniyning sayyohati tashkil etildi
Yurtimiz bo‘ylab «Keksalar haftaligi» o‘tkazilmoqda.
Haftalik doirasida viloyatimiz nuroniylarini e’zozlash, ularning holidan xabar olish, salomatligini asrash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida xayriya tadbirlari, tibbiy ko‘riklar, sport musobaqalari, sayyohatlar hamda yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
— Haftalik doirasida yurtimizdagi muzeylar, teatrlar va ziyoratgohlarga 4 ming 500 nafarga yaqin nuroniylarning sayyohatlari uyushtirildi, — deydi «Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi o‘rinbosari Donaqul Toshboyev. — Xususan, Bulung‘ur tumanidan bir guruh nuroniylar Buxoroga, Samarqand tumani nuroniylari Xorazmga, nurobodlik hamda ishtixonlik keksalar Surxondaryoga, Urgut tumani nuroniylari esa Zomin dam olish maskaniga sayyohat qildilar.
Shuningdek, keksalarning sog‘ligini tiklash maqsadida mahallalarda 104 ming nafardan ziyod keksalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Nogironligi bo‘lgan 384 nafar keksalarga reabilitatsiya vositalari — nogironlik aravachalari, hassa va qo‘ltiqtayoq, eshitish moslamasi, 2349 nafar yolg‘iz keksalar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj nuroniylarga oziq-ovqat mahsulotlari berildi, 618 nafar keksalar zarur dori-darmonlar bilan ta’minlandi.
Mahallalarda o‘tkazilgan madaniy ko‘ngilochar tadbirlar, shaxmat-shashka, voleybol, mini-futbol, stol tennisi kabi sport musobaqalariga 62 ming nafardan ziyod nuroniy jalb qilindi.
— Har yili oktyabr oyining birinchi haftasida «Keksalar haftaligi», noyabr oyida esa «Keksalar uchun turizm oyligi»ning o‘tkazilishi keksa avlod vakillariga bo‘lgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasidir, — deydi Payariq tumanida yashovchi mehnat faxriysi Obloqul Ernazarov. — Bunday tadbirlar nuroniylarning jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlash, ularni ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishga rag‘batlantirish va boy hayotiy tajribasidan yosh avlodni bahramand etishga xizmat qiladi.
E’tiborlisi, bu jarayonlar nafaqat keksalar, balki yoshlar uchun ham mazmunli va foydali o‘tmoqda. Muhimi, bunday tadbirlar keksalarning o‘zini jamiyatning faol va kerakli a’zosi sifatida his etishiga, ularning hayotiy tajribasi va ibratli o‘gitlarini yoshlarga yetkazishiga imkoniyat yaratmoqda.
Haftalik davomida «Inson taftini inson oladi» shiori ostida uyida yotib qolgan 10 723 nafar, shifoxonalarda davolanayotgan 443 nafar nuroniyning holidan xabar olinib, ularga moddiy va ma’naviy yordamlar ko‘rsatildi. 218 nafar keksalarning yubiley kechalari o‘tkazilib, ularga «Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limining tabriklari, tashakkurnomalari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
«Nuroniylar yoshlar nigohida» mavzusida qator madaniy tadbirlar, uchrashuvlar tashkil etildi. Ta’lim muassasalarida uyushtirilgan «Asr bilan yuzma-yuz» tadbirlari doirasida 100 yosh va undan katta 36 nafar nuroniyning holidan xabar olindi.
«Keksalarning hayoti biz uchun ibrat» mavzusida mahallalarda, ta’lim muassasalarida va tashkilotlarda davra suhbatlari o‘tkazildi. Joylarda «Qo‘sha qarish saodati» mavzusida 50, 60 va undan ko‘p yil birgalikda umr kechirib, hayot gashtini surayotgan nuroniylarning ibratli hayotini yosh avlodga targ‘ib etish maqsadida ma’naviy-madaniy tadbirlar tashkil etildi.
Tadbirlarda mahallalardagi ajrim yoqasiga kelib qolgan yosh oilalarning ishtiroki ham ta’minlanib, ularga keksalarning hayot yo‘li namuna qilib ko‘rsatildi.