Samarqanddan Malayziyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi(mi?)

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Malayziyaning Saravak shtati turizm, kreativ sanoat va san’at vaziri Dato Sri Hoji Abdul Karim Rahmon Hamza rahbarligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish va turistik yo‘nalishlarni targ‘ib qilishda tajriba almashishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi alohida muhokama etildi. Ushbu yo‘nalish esa sayyohlar oqimini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Hoji Abdul Karim Rahmon Hamza Samarqandning me’moriy va tarixiy merosi katta taassurotlar qoldirganini bildirib, hudud turistik salohiyatining o‘ziga xosligiga urg‘u berdi. U Saravak shtatining hamkorlikni faol rivojlantirishga, tajriba almashish va ikki hududning turistik jozibadorligini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldilar.