Indoneziyaning birinchi Prezidenti Sukarno haqida film yaratish tashabbusi muhokama qilindi
Samarqand viloyati delegatsiyasining Indoneziyaga tashrifi qator muhim uchrashuvlar bilan davom etmoqda.
Viloyat hokimi Adiz Boboyev Indoneziya madaniyat vaziri Fadli Zon bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda madaniy aloqalarni yanada chuqurlashtirish va turizm salohiyatini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi. Jumladan, tomonlar yirik media loyihani amalga oshirish — Shayx Mavlono Malik Ibrohim hamda Indoneziyaning birinchi Prezidenti Sukarno hayoti va faoliyati haqida filmlar yaratish tashabbusi muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, Sukarno Samarqand yaqinida joylashgan Imom al-Buxoriy maqbarasini ziyorat qilgan ilk xorijiy davlat arbobi sifatida tarixda qolgan. Ushbu tarixiy fakt ikki xalq o‘rtasidagi ma’naviy va madaniy bog‘liqlikni namoyon etadi.
Kelgusida suratga olinadigan filmlar ziyorat turizmini rivojlantirish bilan birga Samarqandning Indoneziya xalqi uchun muhim ma’naviy markaz sifatidagi mavqeini yanada oshiradi.
Uchrashuv davomida Samarqand va Jakarta shaharlarida “Madaniyat haftaligi”ni o‘tkazish tashabbusi ham ilgari surildi. Bu loyiha madaniy almashinuvni faollashtirish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tashrif doirasida Samarqand delegatsiyasi a’zolari Indoneziya Madaniyat vazirligi muzeyi ekspozitsiyasi bilan ham tanishdilar.
Tadbirlar yakunida vazir Fadli Zon Samarqand tomonidan ilgari surilgan barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini bildirib, bunday loyihalar madaniy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi va qadimiy Samarqandga indoneziyalik sayyohlar oqimini sezilarli darajada oshirishini ta’kidladi.