Qo‘shrabotda bir muallim bor edi...
Tumanning Kesovli qishlog‘ida yashab, ijod qilib, so‘nggi nafasigacha o‘quvchilari taqdiri uchun jon kuydirib xizmat qilgan Shodiyor To‘rayev haqida ayrim xotiralar
Do‘sti yo‘q odamlardan qo‘rqish kerak. Bu oddiy haqiqat ekanligini endi-endi anglayapman. Oramizda shundaylaram yo‘q emas, afsuski, borligi uchun aytyapman. Nechtasini bilaman. Ular uchun ikki dunyo bir, na oqibatni o‘ylaydi, na-da oxiratni. Kuni o‘tsa, ishi bitsa bo‘ldi, oshig‘i olchi, ertaga qayrilib ketaveradi. Xudbinlik, yolg‘on, aldov qon-qonigacha singib ketgan ularning.
Sizni bilmayman, lekin bugun men oltmishinchi dovondan oshgan bo‘lsam-da, bu dunyoda nechta do‘stim qolganini bilmayman. Bor edi, afsus, ular orasida topganlarimdan ko‘ra yo‘qotganlarim ko‘proq. Ulardan biri...
Ikki haftacha burun Qo‘shrabotdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Ovozi zo‘rg‘a eshitiladi: “Norqobil aka, sizmisiz, uzr-a, eslaysizmi, men?..” Jimlik. Bir mashvaratda edim. Atrofimda shovqin-suronligi uchun eshitilmayapti deb o‘yladim. Haligi ayol piqillab yig‘layotgani uchun gapirolmayotgan edi. “Allo, men Mehrinisoman, Shodiyor jo‘rangizning...”
Endi mening ovozim chiqmay qoldi. Nafasim yetmadi. Sekin davradan chiqib, namlangan kiprigimni artib, zo‘rg‘a, yaxshimisiz, bolalar, nevaralar omonmi, deya oldim. U bo‘lsa ovozi titrab-titrab, “Shukr, aka, Musulmon aka, Halim akalaram yaxshima, e, nimasini aytasiz, hamma boylik, xayr-baraka, mehr-oqibat jo‘rangiz bilan qo‘shilib ketganakan”, dedi...
Men esa shu lahzada bu mushtipar ayolginani nima deb ko‘nglini ko‘tarmoqqa ojiz edim. “Uzr-a, sizni bezovta qilgan bo‘lsam, kelingizlar Kesovliga yangamlar bilan, uzilib ketmaylik”, deya Mehriniso shosha-pisha xayrlashdi...
Besh yil bo‘ldi yuragimning bir parchasi uzilib ketganiga yoronlar! Yo‘q, rosti, men, sizga yolg‘on, Allohga chin, Xudoning bermish kuni duolarimda eng qadrdonlarim qatorida olov yoshlik mahalim poytaxtda topganim Shodiyorni yo‘qlayman. Uni Musulmon Namoz bilan so‘nggi yo‘lga kuzatib kelgan kunimizdan beri jonday do‘stimizning quvonchdan ko‘ra ko‘proq tashvishli telefon qo‘ng‘iroqlari, ta’lim sohasidagi muammolar haqida kuyinib aytgan alamli iztiroblari... hamma-hammasi yodimizda. Lekin hayot deganlari bizning emas, o‘zining o‘zaniga yurg‘izar ekan-da odamni. Vaqti-bemahal uning oilasi, yaqinlarini yo‘qlay olmadik. Bahonalarimiz bisyor.
Bugun esa umrining eng so‘nggi nafasigacha Qo‘shrabot tumanidagi 35-maktabda ona tili va adabiyot fanidan o‘quvchilarga saboq bergan Shodiyor To‘rayevni armon bilan eslayotganimning sababi bitta: axir, bundan to‘rt-besh yilgina avval Samarqand viloyatining barcha maktab o‘qituvchilariga Qo‘shrabot tumanidagi oddiy bir qishloqda yashab, ijod qilib yurgan mahali respublika ta’lim markazi (RTM) ilmiy-metodik kengashi (IMK) a’zosi, eksperti va O‘zbek tili doimiy anjumani ishtirokchisi, 8-sinf ona tili darsligi rasmiy taqrizchisi hamda respublika matbuotida ta’limga oid eng dolzarb muammolarni yoritgan muallif sifatida tanilgan insonni shu sohaning vakillari yo‘qlayotganmikan?! Nega biz kechagina yonginamizda farzandlarimiz boshini silab, tunu kun yelib-yugurib, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlab yurgan fidoyi bir muallimning unutilmas nomi-yu, bebaho xizmatini juda tez esdan chiqarib yubordik? Shumi endi inson qadri, shumi odamgarchilik?! Nega biz bu darajada yaxshilik, ezgulikka yo‘g‘rilgan savob ishlarni unutadigan elmiz, aytinglar!
Aytishlaricha, keyingi o‘n yilliklarda Qo‘shrabot tumanidan eng yuqori ball olib turli oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgan talabalar orasida Shodiyor To‘rayevning shogirdlari kam emas ekan. Demak, uning ikkinchi umri davom etayotir!
Bugun esa qiyomatli do‘stimiz xotirasiga bag‘ishlab yozilgan maqolalardan ayrim parchalarni o‘quvchilar e’tiboriga havola qilmoqni lozim topdik.
“Endi bizni kim o‘qitadi?”
“Shodiyor bilan to‘n kiyishmagan bo‘lsak-da, Talabalar shaharchasining qattiq nonini birga tatigan, sirdosh-sinashta jo‘ra edik.
1980 yili ToshDU(hozirgi O‘zbekiston milliy universiteti)da abituriyent mahalimiz tanishdik. Uning omadi chopib talaba bo‘ldi, kamina esa mandatdan “yiqilib”, otamning yoniga – dalaga qaytdim...
Oradan ikki yil o‘tgach, boshim necha bir g‘addor devoru baland ustunlarga urilib-urilib, boz poytaxtga qaytib keldim. Shodiyor bilan ko‘rishdik. U o‘sha paytda oxirgi kursni tamomlayotgandi. Imkoni bo‘lsa, aspiranturada qolmoqchi ekanligini aytganida rosa quvondim. Vaqti har qancha ziq esa-da, mendan ayrilmadi, uch-to‘rt kun hangoma qildik, oxiri universitetning sirtqi bo‘limiga hujjatlarimni topshirtirdi.
Yozning chillasida diplom olgach, bir kuni kechqurun dardini yordi: “Oshna, rosa o‘ylab ko‘rdim, men Qo‘shrabotga qaytmasam bo‘lmaydi, bilasiz, ko‘pchilikmiz, uka-singillarim hali yosh, ularniyam o‘qitish, uylash-joylash kerak. Otam Toshkentda qolishimga qarshimas, lekin onamni ko‘ndirish og‘irroq. Qishloqni noni – o‘zimniki, aspiranturada o‘qish bo‘lsa qochmas”.
Xullas, u keyinam o‘zicha ul-bul narsa “qoralab” yurdi, ammo aksar ijodkorlarning boshiga tushgan propiska, bola-chaqa, uy-ro‘zg‘or tashvishi sababmi, katta shahardan uzilib ketdi.
...1999 yil edi, televideniyeda ishlardim. Suhbat orasida shoir Orif To‘xtash aytib qoldi: “Shodiyor degan jo‘rangiz salom aytdi, bizning qishloqda paxsa urayotgan ekan sheriklari bilan, maktabni tashlab ketibdi, bilim-saviyasi judayam baland-ku, bunday savodli muallimlar shahri azimdayam topilmaydi, aka”...
Bu kutilmagan xabar yuragimga o‘n olti botmon yukdek tushdi, go‘yo. Oltmish ikki tomirimning nechtasi uzilib ketdi, bilmayman. Ko‘nglimning bir chetida “Yo‘q, Shodiyor maktabsiz, o‘quvchilarisiz yasholmaydi, tirikchilik tashvishlari o‘tkinchi”, degan umid uchqunlari so‘nmagandi. Shunday bo‘ldiyam, bir gal Toshkentga – kursdoshlari bilan uchrashuvga kelganida ko‘rishdik. “Noiloj, o‘qituvchi xalqining mehnati qadrsizlanganidan keyin maktabdan ketishga majbur bo‘ldim. Ammo biror kun mutolaasiz yashaganim yo‘q, kunduzi loyhandakda tinim bilmay ishlayman, kechasi bilan yana kitob, gazeta-jurnal titkilayman, chidab yuribman, baribir maktabni sog‘indim, oshna, qaytmasam, o‘lib qolaman”.
Nihoyat, 2003 yili Qo‘shrabot tumanidagi 35-maktabda ona tili va adabiyot fanidan o‘quvchilarga saboq bera boshlaganini eshitib, chinakamiga sevindim. Eng qizig‘i, keyingi 13 yil orasida biz, poytaxtdagi qadrdonlari qishloqning, oilasining kundalik tashvishlariga ko‘milib qoldi, deb yurganimiz Shodiyor To‘rayev kutilmaganda butunlay o‘zgarib ketdi. Gohi “Ma’rifat”da, gohida esa “Oila va jamiyat” gazetalari yo “Boshlang‘ich ta’lim” va boshqa jurnallarda uning oliy o‘quv yurtlariga kiruvchilar uchun davlat test markazi tomonidan tayyorlangan test savollaridagi g‘alati chalkashliklar, maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari uchun davlatning behisob mablag‘lari evaziga qayta-qayta nashr etilayotgan ona tili va adabiyot fanlari bo‘yicha darsliklardagi qo‘pol xatoliklar, til va lotin alifbosi atrofida yuzaga kelgan murakkabliklar, shuningdek, ta’lim-tarbiya tizimidagi muammolar oshkora ochib tashlangan o‘tkir maqolalari muntazam bosilardi. Hatto uning ayrim chiqishlari nufuzli tanlovlarda g‘oliblikka munosib ko‘rildi, ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha olib borgan izlanishlari Samarqand viloyati hokimligi hamda tuman xalq ta’limi tomonidan taqdirlandi.
...2019 yil 21 fevralning rutubatli havosi yurakni ezardi. Qabristondan ortga mahzun, ezgin xayollar bilan qaytayotganimizda hamqishloqlaridan birining aytgan ushbu so‘zlarini eshitib, ko‘zlarim yoshga to‘ldi: “Kecha muallimning dunyodan o‘tganini 8-sinfda o‘qiydigan qizim eshitib ho‘ngrab yig‘lab yubordi: “Dadajon, kechagina Shodiyor ustoz kundaligimga ikkita “besh” qo‘ygandi, endi kim bizni o‘qitadi?!”.
Norqobil JALIL,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.
***
Millat kelajagi uchun yashab o‘tdi
Shodiyor bilan talabalik davrlarimiz birga o‘tdi. Lekin uni ilk bor uchratib, tanishgan kunimni eslay olmayman. Nazarimda, bir umr bilganday, bolalikdan birga katta bo‘lganday edik. Gaplari ma’nili, salmoqli, xarakteri vazmin yigit edi. Biroq nedir gap yo harakat qattiq ta’sir qilsa, o‘sha ichki shiddat uyg‘onib, uni tanib bo‘lmay qolardi. Ko‘zlaridan o‘t chaqnar, qadamlari ildam, qo‘l harakatlari keskin, so‘zlari keskir bo‘lardi.
O‘ylamasdan gapirmaslikka harakat qilardi. Aytgan fikrini, albatta, isboti bilan keltirardi. Hatto, zarurati bo‘lmasa ham. Uning bu qilig‘i, rosti, ba’zida menga og‘ir botadi. “E, do‘stim, isbotlash shart emas, men, axir, Sizga ishonaman, hatto, noto‘g‘ri aytsangiz ham baribir, Siz tarafda bo‘laman!” deyman. U esa menga chag‘ir ko‘zlari bilan qattiq tikilib: “Siz bu fikrning isbotini bilishingiz shart”, deydi. Keyin ozgina o‘ylanib: “Do‘stga do‘st bo‘lgani uchungina emas, to‘g‘ri gapni aytgani uchun ham ishonish boshqacha bo‘ladi”, deydi.
Bugunlar o‘ylasam, talabalik davrimiz Shodiyor bilan nuqul adabiyot haqida, badiiy asarlarning yaxshi-yomon jihatlari to‘g‘risida gurung qilar ekanmiz. Bahsu munozaralarimiz ham shu mavzuda kechar ekan. Shodiyor biron kitob yo shov-shuv bo‘lgan maqola o‘qisa, avval shu borada boshqalarning fikrini eshitardi. Keyingina go‘yoki masalaga oxirgi nuqtani qo‘yganday salobat bilan “Do‘stim, masalaning mag‘zi buyoqda”, deb gap boshlardi.
Yaxshigina qalami bor edi. Hikoyalar yozardi. O‘ylab topilgan qahramonning emas, o‘zining ichki dardlarini bitgan bitta hikoyasi juda zo‘r chiqdi. O‘zi ham, biz do‘stlari ham bu hikoyadan ancha vaqt hayajonlanib yurdik. Shundan keyin yana bitta hikoya yozib keldi. O‘qitdi. “O‘ylab topilgan odamning o‘ylab topilgan his-tuyg‘ulari aks etibdi, Siz o‘zingizni yozing, chunki hozircha yoshmiz, hayotiy tajribamiz kam, bizning eng yaxshi biladigan mavzuimiz o‘zimiz”, dedim unga.
Shodiyor menga biroz sinovchan tikilib turdi. Keyin aytdiki, “Do‘stim, nahotki Siz haligacha meni yaxshi bilmaysiz?! Men o‘zimning dardlarimni doston qilib yashash uchun kelmaganman dunyoga! Dardlarim meniki, o‘zimniki. Men, yozuvchi boshqalarning dardini qalamga olishi kerak, deb hisoblayman!”. Shaxsning bunday ichki ishonchiga qarshi borish mumkin emas. Shu bois men ham bu boradagi gaplarimni bas qildim. Lekin Shodiyor shundan keyin boshqa hikoya yozmadi. Balkim, yozgan bo‘lsa ham, menga ko‘rsatmadi. O‘ylashimcha, u o‘zi yaxshi bilmagan mavzuda yozish, gapirish qiyinligini juda tez anglab yetgan edi.
Shodiyor o‘qishni bitirib, qishlog‘iga qaytib ketganida harbiyda edim. Uylanish to‘yiga ham borolmadim. Olis Sibir o‘rmonlaridagi qarag‘ay tagida o‘tirib maktub bitdim, to‘yning tafsilotlarini, kelinning kimligini yozib yuborishini so‘radim. Ikki enlikkina javob oldim. Mazmuni shuki, to‘y oddiygina, qishloqcha o‘tdi, odamlar yedi, ichdi, mazza qildi, men esa davraning to‘rida ertangi kunim qanday o‘tadi, deya o‘ylanib o‘tirdim. Kelin bola haqidagi so‘rovimga “Mening xotinim kimligini o‘zim bilsam yetadi, boshqalarga buni bilishning zarurati yo‘q”, deb qisqa javob aytibdi.
Keyin katta hayot boshlandi. Har birovimiz o‘z tashvishlarimizga ko‘milib, avvaliga oyda-yilda, keyin uch-to‘rt yilda bir ko‘rishadigan bo‘ldik. Bilganim, Shodiyor juda qiynalib yashadi. Uning ko‘nglida, aqlida adabiyot orzusi yashardi, o‘zi esa maktabdagi maosh kamlik qilgani uchun mardikorlikka chiqib ketdi. Bolalik do‘stlari bilan birgalashib, loy tepib, paxsa urdi, xari ko‘tarib, tom yopdi, qirdan yer o‘zlashtirib, uzum ekdi. Tabiiyki, bu yumushlar bilan ro‘zg‘or tebratsa bo‘ladi, lekin ko‘ngildagi orzuni ro‘yobga chiqarishga imkon qoldirmaydi u. Bugunlar o‘ylashimcha, jisman toliqqan odam badiiy adabiyot mutolaasidan dam olishi mumkin, lekin ijod qilishga yangi kuch qolmaydi.
O‘sha qiyinchilik yillarida bir to‘y bahona Qo‘shrabotga bordim. Sodda, to‘pori, dangalchi qishloq odamlari davrasida ko‘nglim yayradi. Ertasi huv narida savlat to‘kib turgan Oqtovga jo‘nadik. Ayni bahor pallasi edi. Dalalardan asal hidi ufurardi. “O, asal havoni to‘yib sipqordim” (Abduvali Qutbiddin satri), deya she’r o‘qishdik. Tomday ulkan marmar xarsang tagida olov yoqib, kabob pishirdik. Shodiyorning do‘stlari xizmat qilib turdi. Biz esa she’r bazmi, adabiyot bazmini davom ettirdik.
Shodiyorning fikrlari juda tiniq edi. Turmush urinishlari iskanjasida ko‘ngil dag‘allashmagan, aksincha, muloyim tortib, biroz donishmandlik kasb qilganday tuyuldi. Gap orasida, do‘stim, endi ilmni, ijodni qayta boshlamaysizmi, deya so‘radim. Ko‘ngil yarasiga tegib ketganimni sezdim. Shodiyor bir zum kabob qo‘ra yonida uymalashayotgan do‘stlariga boqib turdi-da, “Bu yerda ijod qilish juda qiyin, odam tashvishdan ortmaydi, Toshkentga esa ketolmayman”, dedi. Keyin asta qo‘shib qo‘ydi: “U yoqda kunim o‘tmay qoladi!”.
Turmush urinishlari bir marraga yetishib, o‘g‘illari yoniga kirib qolgach, Shodiyor ota hovlini ukalariga tashlab, o‘ziga alohida boshpana qurdi. Maktabga qaytdi. Qo‘shimchasiga ellik-oltmish bolaga repetitorlik qildi. Shu asnoda o‘zbek tili va adabiyotidan darsliklarda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar masalasini yaxshi o‘rgandi. Bu haqda avvaliga davralarimizda gapirib yurgan bo‘lsa, keyinchalik ular haqida ko‘pdan-ko‘p maqolalar yozdi. O‘qituvchilar davrasida tanildi.
Ijodga qaytibsiz-da, dedim o‘shandagi uchrashuvlardan birida. “Bu ijod emas-ku, lekin shunga yaqin bir narsa, deb umid qilaman”, dedi Shodiyor.
Men unga boqib turib, qorin qayg‘usi bilan emas, millat kelajagi haqida o‘ylanib yurganligi, shuning yo‘lida qo‘lidan kelgancha ishlayotgani uchun o‘zidan juda mamnunligini sezdim. Odam o‘zini topsa, qora qozonida suv qaynasa ham ko‘ngilga baxt in qurishini tushundim...
Musulmon NAMOZ,
adabiyotshunos.
***
Qo‘lida “savodxonlik kaliti” bor edi...
Shodiyor To‘rayev deganda Behbudiy bobomiz orzu qilgan, millat bolalarini komil insonlar qilib tarbiyalashga umrini baxshida etgan va bu yo‘lda har qanday qiyinchilikni ko‘zga ilmaydigan jonkuyar, o‘z navbatida kamtarin va samimiy muallim siymosi ko‘z o‘ngimda gavdalanadi.
Biz u bilan ta’lim-tarbiya muammolari bo‘yicha muntazam fikr almashib turardik. O‘zi ham binoyidek qalam tebratardi. Shodiyor aka har bir maqolasida, xoh darslikdagi, xoh testlardagi kamchiliklar bo‘lsin, xoh o‘qituvchilar malakasi bo‘yicha muammolar bo‘lsin, fikrlarini asoslab yozardi.
Yuqori sinflarga dars berganligi uchun bir maqolasida o‘quvchilar savodxonligi ilk maktab yoshidan boshlanishi kerakligi, bunda, avvalo, muallimning o‘zi savodli bo‘lishi zarurligi haqida qisqacha bayon etgandi. Shu bois jurnaldagi faoliyatim sabab mushtariylarimiz – muallimlar uchun beshinchi sinfga bolalar qay darajada tayyor bo‘lib o‘tishlari zarurligi, mavjud holat, muammo va kamchiliklar, ko‘riladigan chora-tadbirlar xususida maqola yozib berishini so‘radim.
Tajribali ustoz bu mavzuda fikri to‘planib qolganligini aytib, taklifimni qabul qildi va uzoq kuttirmay “Savodxonlik kaliti” sarlavhali metodik materialini tahririyatga yubordi.
U ortiqcha so‘z ishlatmasdi, tahrirsiz chop etdik. Ba’zi fikrlarini eslagim keldi: “Savodxonlik deganda, ko‘pchilikning nazarida, imlo qoidalariga rioya qilgan holda yozma nutqni shakllantirish – to‘g‘ri, bexato yozish tushuniladi. Bu to‘liq tasavvur emas, albatta. Savodxonlik, birinchi navbatda, o‘qiy olishdir. Boshlang‘ich sinflar kesimida o‘quvchi yoshi va individual xususiyatlari inobatga olinib, ishlab chiqilgan o‘qish tezligi me’yorlariga javob bera olmagan bolaning savodxonligi haqida biror narsa deyish qiyin... O‘quvchi qaysidir so‘zni to‘g‘ri o‘qiy olmasa, to‘g‘ri yoza olishi ham dargumon. Bundan ko‘rinadiki, savodxonlik ko‘pchilik nazaridagi to‘g‘ri yozish ko‘nikmasidangina emas, balki to‘g‘ri o‘qish va yozish birligidan iborat muhim bosqichdir”.
Shodiyor To‘rayev shu kabi fikrlar bilangina kifoyalanmaydi. “Men o‘z tajribamdan kelib chiqib, hamkasblarimga o‘quvchi savodxonligiga erishishga yordam beruvchi to‘rt bosqichli usulni tavsiya etaman”, deya “Xatoning oldini olish”, “Xatoni tuzatish”, “Qo‘shimcha dars” va “Amaliyot”dan iborat o‘zi yaratgan metodikani jurnalxonlarga havola etdi.
Uning bu metodikasidan bugun muallimlar foydalanmoqdalar.
Vafotidan ikki hafta avval o‘zi ham darslik va qo‘llanmalar yozayotganini va yana bir olam rejalarini jo‘shib-jo‘shib aytib ketgandi... Oxirati obod bo‘lsin.
Yigirma besh yildan buyon muallimlar bilan muntazam ishlab kelayotgan jurnalist sifatida Shodiyor aka kabi donishmand, vazmin, o‘z kasbining ustasi, shu bilan birga kuydi-pishdi ziyoli muallimlarimiz ko‘payishini orzu qilaman.
Halim SAIDOV,
O‘zJOKU o‘qituvchisi, filologiya fanlari doktori, professor.
***
"XXI asr" gazetasining 2024 yil 31 oktyabr, 44-sonidan olindi.