Tramp raqibining g‘alabasi: Nyu-Yorkda yangi mer saylandi

Kecha Nyu-Yorkda saylov boshlangani haqida xabar bergan edik.

Shahar meri saylovlarida 34 yoshli Zoxran Mamdani — demokrat-sotsialist va Trampning ochiq raqibi ishonchli g‘alaba qozondi.

U Tramp qo‘llagan mustaqil nomzod Endryu Kuomoni ortda qoldirdi va shu bilan mamlakatning eng yirik shahrida Trampning siyosiy ta’siriga jiddiy zarba berdi.

Tramp saylovlar arafasida: «Agar kommunist fanatik g‘olib chiqsa, Nyu-Yorkning oxiri bo‘ladi», deb bayonot bergan edi.

Xo‘sh, Mamdani kim o‘zi?

Zoxran Mamdani Ugandada hind oilasida tug‘ilgan, keyinchalik Janubiy Afrika orqali AQShga ko‘chib kelgan. 2018 yilda fuqarolik olgan. 2020 yilda Nyu-York shtati assambleyasi a’zosi etib saylangan, 2024 yilda esa merlikka nomzodligini ilgari surgan. O‘shanda mutaxassislar uning imkoniyatlariga ishonmagan edi.

Bugun esa u Nyu-York tarixidagi birinchi musulmon meriga aylandi. Mamdani ayrim doiralar tomonidan Falastinni qo‘llab-quvvatlashi va siyosiy raqiblariga nisbatan qattiq bayonotlari uchun tanqid qilinadi.

Siyosatchi boylar uchun soliqlarni oshirish va 2030 yilgacha minimal ish haqini ko‘tarish tarafdori. Uning kampaniyasi arzon uy-joy, ijara narxlarini nazorat qilish, bolalar parvarishi va shahar transportini bepul qilish kabi g‘oyalarga asoslangan.

Nyu-York kabi uy-joy narxlari osmonga chiqqan shaharda bu g‘oyalar haqiqiy inqilobiy dastur sifatida qabul qilinmoqda.

G.Xoldorova tayyorladi.