Mahmud Sa’diy: “Kitob hayotimning mazmuni edi”

Mahmud Sa’diy (chapda) O‘zbekiston xalq shoiri Mirtemir bilan (1975 yil).

Oliy o‘quv yurtlarining sirtqi bo‘limlarida o‘qiganmiz. Qarindosh bo‘lganligimiz tufayli sessiya paytlarida vaqti-vaqti bilan Mahmud akanikiga borib turardik. O‘qishga doir ayrim kitoblarni tanishlardan, do‘konlar yoki kutubxonalardan topolmasak, u kishiga murojaat qilardik.

Mahmud aka bajonidil rozi bo‘lar, bizga yordam berardi. Uning kutubxonasidan har qanday kitobni topish mumkin edi. Biroq u bu borada juda qattiqqo‘l edi. Bizga kerakli manbalar bilan shu yerning o‘zida tanishib chiqishni, o‘qiyotgan paytimizda uning biron joyiga qalam tekkizmaslikni yoki varaqlarini buklab, belgilamaslikni qayta-qayta uqtirardi.

Mahmud aka ko‘pincha ishdan kech qaytardi. Albatta, qo‘lida ikki-uchta kitob bo‘lardi. Ovqat tamaddi qilgach, umr yo‘ldoshi Mashhura opa uning ko‘nglidagidek qilib damlab qo‘ygan ko‘k choydan bostirib-bostirib ichardi.

Mahmud Sa’diy (o‘rtada) Matyoqub Qo‘shchonov (chapda) va Said Ahmad (o‘ngda) bilan. 1998 yil.

- Achchiq ko‘k choy tanani yayratib, uyquni qochiradi. Ovqatni yaxshi hazm qiladi. Maza qilasan, - deb bizga ham alohida damlangan ko‘k choydan bir piyoladan uzatardi. So‘ngra portfelini olib, kutubxonasiga kirib ketardi. Soat ikki-uchlargacha kutubxonaning chirog‘i o‘chmasdi. U ana shunday kitobsevar inson edi.

Mahmud aka kitobni shunchaki o‘qib chiqmasdi. Tanlab o‘qirdi. Har bir o‘qigan asarini jiddiy mutolaa qilardi, ayrim asarlarga nisbatan fikrini hamkasblari, do‘stlariga bildirardi. Aniqrog‘i, asarga o‘z nuqtai nazaridan baho berardi.

«Fikr qudrati» deb nomlangan kitobining «Debochasi»da shunday hikoya qiladi: «Men o‘zimni baxtli inson deb hisoblayman. Baxtim, avvalo, men o‘sgan oilada. Otam rahmatli o‘qimishli odam edi. Buxoro madrasalarini bitirib, qishloq bolalarini o‘qitardi. Bir sandiq chiroyli muqovali kitoblari bor edi. Menimcha, arabcha, forscha kitoblardan tashqari, yana boshqa kitoblari edi. Ba’zan kechqurunlari uyimizga qishloqdoshlar yig‘ilishardi. Otam kitob o‘qib berganida ayrimlar ta’sirlanib, yig‘lab o‘tirgani hamon yodimda.

Menga kirill alifbosini otam o‘rgatgan. Bu maktabga bormasimdan, 7 yoshga kirmasimdan burungi gap. ...Hayotimda kitobning roli juda katta bo‘lgan».

Mahmud aka sakkiz yoshga kirmasidan ham otasidan, ham onasidan ayrilib, amakisi Mamarasul Ollomurodov qo‘lida tarbiya topgan. Uning birinchi to‘liq o‘qib chiqqan kitobi Mirkarim Osimning «O‘tror» qissasi edi. Shundan so‘ng, aniqrog‘i, 4-sinfda o‘qiyotganda Oybekning «Navoiy» romanini o‘qib, qalbida kitobga chinakam mehr uyg‘ongan.

U o‘rta maktabni bitirib, qarindoshlari tavsiyasi bilan hunar-texnika bilim yurtida o‘qib, ekskovatorchilik kasbini o‘rgandi...

Yillar o‘tib, Mahmudning ekskovator richagini ushlagan chayir qo‘llari kitob muqovasini tutdi. Fikri ekskovator “kovush”ini yerga qadab, tuproq qazib olishga emas, kitob sahifalari satrlaridan mazmun-mohiyat izlash, ilm-ma’rifat nurlaridan bahramand bo‘lishdek yana bir ezgu ishga qaratildi. Shu tariqa u qadrdon ekskovatori bilan xayrlashib, Toshkent davlat universiteti talabalari safidan o‘rin oldi.

Kitobga mehr qo‘ygan, ilmga chanqoq yigit talabalik yillarining dastlabki kunlaridan kursdoshlari orasida e’tibor qozona boshladi. O‘sha paytlardanoq o‘zining erkin fikriga ega ekanligi bilan ko‘pchilikdan ajralib turardi. Ayniqsa, Alisher Navoiy asarlarini qo‘ldan qo‘ymas, Abdulla Qodiriy asarlarini qayta-qayta o‘qib, mag‘zini chaqardi. Shu bilan bir qatorda rus adabiyoti, jahon adabiyoti namoyandalarining asarlarini shunchaki emas, balki fikr chig‘irig‘idan o‘tkazib o‘qib, ularni tahlil qilishni o‘rgandi. Masalan, fransuz yozuvchisi Anri Barbyusning «Do‘zax», «O‘t», «Ravshanlik» romanlaridagi voqealar rivoji uning dunyoqarashini yanada shakllantirdi. Jurnalistika sohasida turli xil publitsistik maqolalar yozib, gazeta-jurnallar sahifalarida chop ettira boshladi. Adabiy tanqidchilikka ham qo‘l urdi.

Dorilfununni tugallagach, dastlab «Lenin uchquni» (hozirgi «Tong yulduzi») gazetasida, so‘ngra «Sharq yulduzi» va «Guliston» jurnallarida muharrirlik qildi. 32 yil davomida «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida tanqid va adabiyotshunoslik bo‘limining muharriri sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Bir necha yil «Ma’rifat» gazetasida ishladi. Gazeta tahririyati qoshida tashkil etilgan «Mahorat maktabi»da jurnalistlarga jurnalistika sirlarini, tahrir san’atini, kitob tanlash va mutolaa qilish madaniyatini o‘rgatdi.

Mehnat faoliyati davomida o‘zbek adabiyoti, shuningdek, jahon adabiyoti namoyandalarining o‘nlab asarlarini o‘qib chiqdi. Bu uning jurnalistlik kasbi yuzasidan o‘z ustida tinimsiz ishlashi, asosiy vazifasi bo‘lgan tahrir san’atini mukammal o‘rganishi uchun keng yo‘l ochib berdi.

Uni ko‘pchilik ustozlari va hamkasblari «kitobxo‘r» deyishardi. Bu unga nisbatan kesatiq emas, aksincha, kitobga chinakam mehr qo‘ygan, kitob o‘qimasa, yashay olmaydigan inson deganidir.

«Mahmud Sa’diy Asqad Muxtor, Hamid G‘ulom, Vahob Ro‘zimatov, Shuhrat, Odil Yoqubov singari taniqli muharrir, jurnalist, yozuvchilar qo‘l ostida ishlab, ularning tashkilotchilik, muharrirlik, yozuvchilik ish usul-yo‘sinlarini sinchkov nazar bilan o‘rgandi, ularning tahrir maktabida ta’lim oldi. Ta’lim olarkan, oq-qorani ajratarkan, u hamisha o‘ziga, o‘z mustaqil qarashi, ish tutishi, to‘g‘ri so‘zga sodiqligicha qoldi», deya ta’kidlagan edi taniqli adabiyotshunos Ibrohim G‘afurov o‘z maqolalaridan birida.

Yozuvchi Abdusaid Ko‘chimovning ta’kidlashicha, Mahmud aka nolish, nolinish kabi miskin tuyg‘ulardan uzoq, hamisha shukur deydi, shukur qiladi. Betinim o‘qiydi, ishlaydi, yozadi...

Ammo Mahmud Sa’diy degan fikrli jurnalist, keng mushohadali olim, sinchkov noshir, tajribali muharrir, bag‘rikeng aka va haq so‘zli otaning qiyofasini bezab turgan asosiy fazilat bundayam emas. Undagi ahli qalam qadrlaydigan eng kamyob fazilat - zukko tahrirchiligidir. Qo‘liga tushgan qo‘lyozmaga (agar unda jon bo‘lsa) zargarona ishlov beradi, har bir so‘z, har bir iborani erinmay yaltiratadi. Xom-xatala kitoblar do‘konlarda qalashib yotganini ko‘rganda adabiyot uchun Mahmud Sa’diylar yetishmayotganiga, ularning qadri, o‘rni bilinayotgani yanayam yaqqolroq seziladi... Negaki, u V.Belinskiy, N.Dobrolyubov, D.Pisarev, A.Merua, S.Sveyg kabi badiiy tanqid ustalarining asarlarini qunt bilan o‘rgandi. Ular yo‘lidan borib, zukko munaqqid sifatida o‘nlab tanqidiy-tahliliy maqolalar yozdi. Ana shunday urinishlari o‘laroq, uning «Teran tomirlar» kitobi yuzaga keldi. Ushbu kitobga O‘zbekiston Qahramoni, atoqli adabiyotshunos Ozod Sharofiddinov yuksak baho bergan edi.

Mahmud aka shifoxonaga tushganda uni ko‘rgani bordik. Hol-ahvol so‘rab, qo‘liga u-bu yeguliklar solingan to‘rxaltani tutqazdik.

- Iye, nima qilardinglar ovora bo‘lib, shuncha narsani ko‘tarib kelib. Undan ko‘ra, bir-ikkita kitob, besh-olti nusxa gazetalarning yangi sonlaridan olib kelsalaring, yaxshi bo‘lardi, - deya to‘rxaltani qaytarib berdi. Shunda qo‘yarda-qo‘ymay to‘rxaltani Mahmud akaga tutqazib, uning iltimosini bajarish uchun ortimizga qaytdik.

Darvoqe, kitob Mahmud aka umrining chinakam mazmuni edi. Uning kutubxonasi javonlarida ellik ming nusxadan ziyod kitoblar bor. Mahmud aka bu kitoblarning deyarli barchasini o‘qib chiqqan. Javonlardan o‘zbek va jahon adabiyoti namoyandalari hamda adiblarining asarlari, xalq og‘zaki ijodiga oid o‘nlab dostonlar, shuningdek, turli xildagi lug‘atlar, tilshunoslik, matematika, tarix, biologiya, kimyo, fizika, astronomiya, geografiya, iqtisod, siyosatshunoslik, tibbiyotga oid kitoblar o‘rin olgan. Shunisi e’tiborliki, Mahmud aka javonning qaysi tomonida qanday kitob joylashtirilganini bilardi. Istalgan paytda ularni joyidan olib, kerakli manbalaridan foydalanardi. Biron-bir ta’sirchan jiddiy asarni o‘qib, toliqqanida darhol Alisher Navoiy g‘azallaridan o‘qib, hordiq chiqarardi. U hazrat Navoiy asarlaridan o‘nlab g‘azallarni yoddan bilardi.

Mahmud Sa’diy mehnat faoliyati davomida yuzlab publitsistik, tanqidiy, tahliliy maqolalar yozdi, ko‘plab olimlarning ilmiy maqolalarini tahrir qilib, gazeta-jurnallar sahifalarida yoritdi. Yigirmadan ortiq fan nomzodlari va doktorlarining ilmiy daraja olishlari uchun tayyorlagan ishlarining ro‘yobga chiqishi uchun yaqindan ko‘maklashdi.

Mahmud aka O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetida talabalarga saboq ham berdi. Ana shu davrda u nafaqat bo‘lajak jurnalistlar, balki shu sohada ishlayotganlar uchun «Tahrir san’ati» o‘quv qo‘llanmasini yaratdi.

U o‘z maqolalaridan birida kitobga, hayotga, kasb-hunarga mehr bolaga ota-onadan o‘tishini alohida ta’kidlagan. Bu uning hayotida ham o‘z aksini topgan. Sakkiz farzandning barchasi kitobga oshno, oliy ma’lumotli. Hatto kichik nabirasi Pokiza ham bobosi izidan borib, jurnalistlik kasbini tanlagan. U jahon tillari universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olish bilan birga, gazeta-jurnallarda maqola va she’rlari bilan qatnashib turibdi. Uning «Sevinchlardan yaralgan bahor» deb nomlangan birinchi kitobini kitobxonlar iliq kutib oldilar.

- Tunda bexosdan uyg‘onib ketsam, kutubxonamizga kirganimni o‘zim ham sezmay qolaman, - deydi Mahmud akaning umr yo‘ldoshi Mashhura opa. - Go‘yoki Mahmud aka hamon shu xonada kitob o‘qib o‘tirgandek tuyuladi. Xayolan unga xalaqit bermaslik uchun oyoq uchida yurib, sekingina eshikni yopaman. Birozdan so‘ng o‘zimni o‘nglab olganimda xo‘rligim kelib, ko‘zlarimda yosh qalqiydi. Shunda uyqum qochib, farzandlarimning otasi, suyukli umr yo‘ldoshim - Mahmud aka bilan o‘tgan ellik yillik hayotim bir-bir ko‘z o‘ngimda jonlanadi. U insonning maslahati, qolaversa, qat’iy talabi bilan Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetiga kirib o‘qidim. Birgalikda shirin hayot kechirib, ham ishladik, ham farzandlarni tarbiyaladik. Yutuqlarimizni ham, qiyinchiliklarimizni ham baham ko‘rdik...

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, zukko munaqqid, mohir muharrir, ustoz jurnalist Mahmud Sa’diyning adabiyotshunoslikni, jurnalistika sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi munosib baholangan. U 1994 yilda «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist» faxriy unvoniga, 2019 yilda «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeniga, shuningdek, «Oltin qalam» xalqaro mukofotiga sazovor bo‘ldi. «Eng yaxshi murabbiy» deb e’tirof etilgan «Oltin kabutar» mukofotiga loyiq deb topildi. Afsuski, bu mukofotni olishda uning o‘zi qatnasholmadi. Vafotidan o‘n ikki kun o‘tib, poytaxtimizdagi san’at saroyida o‘g‘li Temurbek mukofotni qabul qilib oldi.

Mahmud aka hayot bo‘lganida, hozir sakson besh yoshni qarshi olardi. Biroq inson hayoti abadiy emas. Ammo uning ezgu ishlari avlodlar qalbida mangu yashaydi. Darvoqe, tug‘ilganida Mahmud ismini olib, Mahmud Sa’diy deya shuhrat qozongan insonning o‘zbek adabiyotida, dolzarb soha -jurnalistikamiz rivojida ulkan hissasi bor.

Oyshirin Xudoyqulova,

jurnalist, mehnat faxriysi.

Rizo Xudoyqulov,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, birinchi darajali «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni sohibi.