Toza havo bo‘yicha ekologik nazorat o‘rnatilmoqda
Viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi ishchi guruhi viloyatimizdagi sanoat korxonalari, qurilish ob’yektlarida atmosferaga ko‘tarilishi mumkin bo‘lgan chang, gazli tashlanmalar, hududda yashil belbog‘ tashkil etish, chiqindi va oqova suvlarning holatini o‘rganish borasida nazorat tadbirlari o‘tkazmoqda.
Jumladan, Samarqand shahridagi “Jomboy yashil chiroqlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati bir necha yil oldin to‘liq ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tgan va atmosferaga zarar yetkazmasdan mahsulot ishlab chiqarish texnologiyasini joriy etgan.
- Hozirda kuniga 120 tonna ko‘mir yoqamiz va 700 tonna sement ishlab chiqaramiz, - deydi jamiyat rahbari Faxriddin Jo‘rayev. – Buning uchun Xitoydan qariyb 3,7 milliard so‘mga 2 mingga yaqin havo tozalash filtrlari olib kelib o‘rnatdik. Bu qurilmalar havoga tashlanmalarni 99,4 foizgacha tozalaydi va har olti oyda filtrlarni yangilaymiz. Shu tariqa atmosferaga zararli tashlanmalar chiqarilishining oldi olinmoqda.
UzBAT Samarqand filialida “Ridal” kompaniyasining 20 dan ortiq ultra zamonaviy havo tozalash filtrlari o‘rnatilgan. Fabrikadagi yoritish tizimlari to‘liqligicha quyosh panellari yordamida ishlaydi, oqova suv ham to‘liq qayta ishlanadi. Respublikamizdagi mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan yangi va zamonaviy uskunalar yordamida 4 bosqichli havo tozalash uskunalari o‘rnatilgan. Joriy yilda ekologiyani asrash va yashil iqtisodiyotga qo‘shgan hissa uchun kompaniyaga yangi tashkil etilgan IREC yashil energetika sertifikati topshirilgan. Bu qurilmalar va ishlanmalar atmosferaga chiqariladigan tashlanmalarni 99 foizgacha kamaytirish imkonini beradi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.