Daraxtlarga bo‘lgan munosabatimiz qachon o‘zgaradi?

Viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi  rahbar va mutaxassislari Samarqand shahridagi «Yoshlik» istirohat bog‘ida monitoring o‘rganishlari o‘tkazdi. 

Kuzatishlarda hududda «Yashil makon» umummilliy loyihasining mohiyati teskari talqin qilinayotgani oydinlashdi. Misol uchun, bolajonlar miriqib dam oladigan maskanda o‘nlab daraxtlarning osti betonlab tashlangan. Bu holat oxir-oqibat ko‘p yillik daraxtlarning qurishi va so‘lim go‘shaning qaqrab qolishiga sabab bo‘lishi tabiiy.

Shuningdek, hududda turli chiqindilar, xususan, xazon va o‘simliklar qoldiqlari to‘planib qolgan. O‘rganish davomida attraksionlar atrofini obodonlashtirish bahonasida tabiatga zarar yetkazgan tadbirkorlar ogohlantirildi. Tezkor tartibda daraxtlar atrofini beton qoplamalaridan tozalab, belgilangan talab darajasiga keltirish, shu bilan birga hududda sanitar tozalikni saqlash borasida topshiriqlar berildi.