Bitta daraxt qurisayam, mas’ullar javob beradi

Viloyat hokimining yig‘ilishda aytgan bu gapi ko‘pchilikni "uyg‘otib" yubordi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda bahor mavsumida belgilanganidan ko‘proq daraxt va buta ko‘chatlari ekilgan. Biroq qarovsizlik oqibatida ularning aksariyati quriy boshlagan.

- Viloyat rahbari joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni o‘rganib yurganida bu holatga e’tibor qaratdi, - deydi viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Xushvaqov. - Bunda birichi navbatda Samarqand davlat universiteti hamda agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti olimlaridan iborat ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruh Samarqand shahridagi har bir daraxt va butalarning qurish sabablarini o‘rganib chiqdi.

Shu o‘rinda qayd etish lozim, ijtimoiy tarmoqlarda  daraxt va butalarning qurishiga har kim o‘z nazariyasini ilgari surib kelmoqda. Fakt shuki, ayrim o‘rinlarda suvsizlik bu muammoga sabab bo‘layotgani rost. Ammo ba’zi joylarda suvni xo‘jasizlarcha quyilayotgani ham ildiz chirish kasalligini keltirib chiqarib, daraxt va butalarni nobud qilmoqda.

"Yashil makon" doirasida ishlarga rahna solayotgan uchinchi sabab, bu - turli kasallik va zararkunandalar.

Albatta, birinchi hamda ikkinchi sababni mutasaddilarning mas’uliyatini oshirib hal qilish mumkin. Ammo kasallangan va zararkunandalar tufayli quriyotgan daraxt va butalarni asrab qolish uchun katta miqdorda mablag‘ kerak bo‘ladi.

Viloyat rahbari mahalliy byudjetdan bu masalani hal qilib bergach, o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi mutaxassislari ishga kirishib ketdi.

Ular tomonidan Samarqand shahridagi har bir daraxt va butaga ishlov berib chiqilmoqda.

Kuzatishlar shuni ko‘rsatdiki, dori vositalari bilan berilgan ishlov bunda yetarli emas. Shuning uchun o‘tgan hafta kuchli bosimdagi suv bilan yuvish ishlari amalga oshirildi.

Albatta, kechasi amalga oshirilgan bu yumushlarga o‘t o‘chirish mashinalari ham jalb qilindi.

Aytish mumkinki, shaxsan viloyat hokimining nazorati va bevosita tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan yumushlarda tanaffus bo‘lmaydi. Shu maqsadda ayni kunlarda daraxt va butalarni tomiridan oziqlantirish ishlariga kirishilgan.