Mutaxassislar yo‘llarning chetidagi daraxtlar holatini o‘rgandi

Ob-havoning issiq va quruq bo‘lishi hududlardagi mevali va manzarali daraxtlarga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Buning oqibatida ba’zi ko‘p yillik daraxtlar nobud bo‘lmoqda.
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti mutaxassis olimlari Samarqand shahar atrofidagi asosiy magistral yo‘llar chetiga ekilgan manzarali daraxt ko‘chatlari, butalar holati hamda Oqdaryo tumanida joylashgan Mahdumi A’zam majmuasidagi ko‘p yillik manzarali va mevali daraxtlarni o‘rgandi.
O‘rganish jarayonida yo‘llar chetida ekilgan daraxtlarni parvarishlashda ma’lum kamchiliklar aniqlandi. Ularning ba’zilari qurib qolgan yoki turli sabablarga ko‘ra barg tashlagan.
Daraxtlarda kuzatilayotgan kasalliklar, ularni parvarishlash bilan bog‘liq kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha institut mutaxassislari tomonidan kerakli ishlar amalga oshirildi va mas’ullarga daraxt barglarini yuvish va barglaridan qo‘shimcha oziqlantirish, ularni ertalab va kechqurun sug‘orish, turli zararkunandalarga qarshi kurashish kabi tavsiyalar berildi.