Qaysi shaharlar toza havo talablariga javob beradi?
2025 yilda dunyodagi shaharlarning atigi 14 foizi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan belgilangan havo ifloslanishi bo‘yicha me’yorlarga rioya qila oldi. Bu haqda har yili havo sifati bo‘yicha hisobot tayyorlaydigan Shveysariyaning IQAir kompaniyasi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, shaharlarda PM2.5 zarrachalarining o‘rtacha yillik miqdori 1 kub metrda 5 mikrogrammdan oshmasligi kerak. Ammo bu talabga faqat 14 foiz shaharlar javob bergan. 2024 yilda bu ko‘rsatkich 17 foiz edi.
Tadqiqotda 143 ta mamlakat va hududdagi taxminan 9,5 ming shahar ma’lumotlari tahlil qilingan. PM2.5 bo‘yicha me’yorga faqat 13 ta davlat va hududda rioya etilgan. Ular qatoriga Avstraliya, Andorra, Bermud orollari, Virgin orollari, Grenada, Islandiya, Yangi Kaledoniya, Panama, Puerto-Riko, Barbados, Reyunon oroli, Fransuz Polineziyasi va Estoniya kiradi.
Havosi eng toza deb Nyuvudvill (Janubiy Afrika Respublikasi) shahri topildi.
Eng iflos havoga ega davlatlar beshligiga Hindiston, Bangladesh, Tojikiston, Chad va Kongo Demokratik Respublikasi kiritildi.

Shuningdek, eng ifloslangan 25 ta shahar Hindiston, Xitoy va Pokistonda joylashgan. Dunyodagi eng ifloslangan shahar — Loni (Hindiston, Uttar-Pradesh shtati) bo‘lib, u yerda PM2.5 darajasi VOZ me’yorlaridan 22 baravar yuqori.
PM2.5 — bu yoqilg‘i yoqish natijasida hosil bo‘ladigan mayda zarrachalar bo‘lib, ular o‘pka orqali qonga o‘tib, organizmdagi deyarli barcha a’zolarga ta’sir qilishi mumkin. Ushbu zarrachalar qandli diabet va saraton kabi ko‘plab kasalliklarni keltirib chiqaradi.
G.Xoldorova tayyorladi.