Transformator joyiga o‘rnatildi, endi tarmoq tortiladi

Bugun, 4 iyulda telegram kanalimizda "Transformator va beton-ustunlarni o‘rnatadigan elektrchi topilmayapti" sarlavhali murojaat berilgan edi.

Mazkur murojaat yuzasidan "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Samarqand filiali javob yo‘lladi. Unda, jumladan, shunday deyiladi:

"O‘tgan yili Urgut tumani, Chumchuqli mahallasi fuqarolarining Xalq qabulxonasiga qilgan murojaatiga asosan quvvati 160 KVA bo‘lgan 1 dona transformator punkti hamda 50 dona temir-beton ustunlari ajratilib, tayanch ustunlarini o‘rnatish ishlari olib borilgan.
Ushbu qurilish ishlarining oxiriga yetkazish uchun qo‘shimcha materiallar zarurligi sababli joriy yildagi manzilli dasturga kiritilgan.

Yaqinda mazkur qurilish ishlarini yakuniga yetkazish maqsadida hududga 1,2 kilometr SIP kabellari, simlar va har xil turdagi kerakli elektr jihozlari ajratilgan.
Hozirda tuman elektr ta’minoti xodimlari tomonidan transformator punktini va qolgan 4 dona beton ustunini o‘rnatish ishlari bajarildi. Tez orada tarmoq tortish ishlar yakunlanib, transformator punkti yuqori kuchlanishli tarmoqqa ulanadi".