Ayol muhabbatdan iborat

Ishonmaysizmi? Unda nega ishq desak, sevgi desak, ko‘z oldimizda ayol siymolanadi?
Shoirlik – og‘ir qismat. Shoirlikning ma’nosi – ko‘ngilni fosh etib yashamoq. Bu hayotda ko‘ngil nimalarni kechirmaydi? Hatto falonchining dardini yozdim, falon tashbehu tuyg‘ularni ham undan oldim, deb ming yozg‘irsangiz ham, sizning qalbingiz bo‘ylayveradi she’rlardan. Qolaversa, nafaqat shoir, shoir haqda so‘z aytayotgan ham. She’rim esimga keladi:
Afsuski,
Shaffof emasman,
namoyon bo‘lmay
ilojim yo‘q.
Bu ranglar
meni sotadi.
Nazarimda nafaqat adibu shuaro, oddiy kasbdagilar, hayotda barchamiz so‘zimiz, ishimiz, tutumimiz, holimiz, mehnatlarimiz bilan o‘zimizni ko‘rsatib – “sotib” yashaymiz. Biroq “sotmoq” tushunchasi Shahodat Isaxonova ijodida tom ma’noda “mehribone topmaslik”, aksincha, sotqinlar ichra yashash kabi mumtoz mazmun kashf etadi. Marginallashgan postmodernizm, ya’ni hamma qarashlar ommaviy madaniyatga moslashgan zamonda bu biroz g‘alati tuyular. Biroq vaqti kelib zamon bu badiiy yuksaklikning, idealga intilishning qadrini anglaydi:
Yo Rab... Bu ne tole yeru osmon sotdi,
Qorib qadrimni tuproqqa arzon sotdi.
Yog‘iydan qilg‘an erdim ehtiyotimni,
Xo‘p dog‘da qoldirib do‘sti nodon sotdi.
Hatto lirik qahramonning o‘z joni uni tark etish, sotish darajasiga yetadi: “Masehi Isoni kutmay, bu jon sotdi”. Shahodat Isaxonova she’rlarining falsafiyligi, kontrastlarga boyligi, obrazlarning keskinligi bilan diqqatimni tortadi. San’atning quroli shu aslidayam.
Men ham kitobxon el qatori adibani o‘quvchiligimdan taniganman. Ancha avval chiqqan “Kechikkan baxt” asari hanuz yodimda. Uzoq yillar farzand kutib va nihoyat umidiga yetganida kech bo‘lganini anglagan ayol iztiroblari... Baxt nima, kechikkanlik nima ekanligini shu kitobcha orqali his etgan bo‘lsam, ehtimol.
Nasriy asarlar bitib, so‘ngroq nazm yaratishga o‘tishning keyingi ijodga ta’siri sezilib turadi. Shoira she’rlarida his-tuyg‘ular, uning ketidan kelguvchi xulosalar konkretlik kasb etadi, shoiraning qahramoni tashbehu tug‘yonlar, badiiy metaforalar, hashamatli iboralar girdobida o‘ralib qolib ketmaydi. Tarixiylik, folklor unsurlaridan foydalanish ham o‘ta me’yorida. Men yuksak tutgan qadriyat - shu.
Xuddi o‘sha to‘g‘rilik, ochiqlik, Vatanga chuqur muhabbat bilan yozilgan “Vatandoshlarga” she’rida shoira shunday yozadi:
Bobolaring makonlari
senga suyanch, tog‘ bo‘lar.
Momolaring poyi tekkan
yerlar jannat, bog‘ bo‘lar.
O‘zga yurtda shoh esang-da,
sharaf emas, dog‘ bo‘lar.
Gar tuprog‘i ko‘zlaringni
Yopmasa, tushdir Vatan...
Shahodat Isaxonovaning shunday she’rlari borki, bir roman uchun bemalol syujet bera oladi. Misol uchun “ta’lim” radifli “Muvashshah”ni olsak. Odatda muvashshahlar biror sana yuzasidan biror shaxsga tabrik sifatida yoziladi lekin bu she’r o‘ta jiddiy asar. Agar bu she’r keyingi yillarda bitilgan bo‘lsa, mumtoz falsafiy, ilgariroq yozilgan (yili ko‘rsatilmagan) bo‘lsa, bashoratli falsafiy she’r deb atalgan bo‘lardi. Asardan oladigan hayotiy xulosalar esa barchaga birdek tegadi. Hech kim “gardun”ning “dori”dan qochib qutula olmaydi. Mazkur katta hayotga tegishli she’r maqolamizga sig‘maydi, albatta, topib o‘qing. Qoyilona yozilgan.
Shoira Navoiyning “Sen bo‘lsang, men bu jahonda mavjud” degan so‘zlarini epigraf qilib “topdim men sendan o‘zimni” deya kuyib, men, muxlisning rashkimni keltirib, dil izhor etadi. Men esa shoiraga murojaat etaman: “u ham o‘zini sizda topgan, faqat ular – fosh qilmaydilar”. U yana aytadi: "Kel" degin, men kelsam, she’r kelar, asli... Do‘zax o‘tiga kor ilohiy ishq-la... Ilhoming parisi Hur kelar, asli...”. Xuddi shunday! Siz muhabbat-la, so‘nggi ko‘rinmas jozibali ijod-la yonib-yondirib kelasiz.
Bu dunyoda mardlargina namoyon bo‘lmoq baxtidan sururlanib yashashni biladilar.
Mug‘anniy, qo‘lingga olgil sozingni,
Chorlagil, fidoyi mard, jonbozingni!
Nog‘orang sasidan titrasin olam,
Ko‘rsatgil yog‘iyga kuching, bozingni!
Borligu yo‘qlikning ma’nosi - Lazgi!
Hayotu mamotning binosi - Lazgi!
“Lazgi” ana shunday qudratga ega. “Lazgi”dek go‘zal she’rni yaratgan sharqli ko‘zini bu qadar yuksak pardada tantanavor madh etolmas. Inchunin, u Ayol bo‘lsa... Ammo shoiraning ruhi-kuchi shu “Lazgi” ortida namoyon emasmi? Axir, “Lazgi”ni yuksaltirgan borligu yo‘qlikning ma’nosi, hayot va o‘limning binosi emasmi? Shu madhiya-she’rdayam “lop” etib ko‘ringan hayotingga, “xonumoningga o‘t qo‘yganlar” qarshisiga “olov, yalov” bo‘lib mardona chiqish lirik qahramondan – shoira Shahodatdan! U mardligini, kechinmalarini, alam-iztiroblarini “Lazgi”da va boshqa she’rlarida jonlantirib o‘tadi. Uning xarakteri, shaxsi asarlari ortida “manaman”deb ko‘rinadi.
Shoira asarlaridagi “fanoning qonunin buzib”, “g‘oliba yurak” tashbehlari bejiz emas. Shoira shaxsi o‘zining yuksak ezgu g‘oyalari uchun qotgan jamiyat aqidalariga qarshi bora oladigan fikrparast ijodkor.
Shoiraning lirik qahramoni andishali. Hatto sharqlik ayol - munaqqid sifatida men ham. Nega lirik qahramon erkli emas? Chunki u sharqlik, u – “tutqun qush”. U “havoni sipqorish ilinjida”gina yashaydi. Hatto lirik qahramonimiz orzuga yetganda ham tantana qilmaydi, dabdabaga berilmaydi. Shunchaki, chirog‘ing yondimi, devona ko‘nglim?” deya lutf etadi. Bu Ayol muhabbati, xohish-hissiyotlari uchun talablarning go‘zal va sharqona qo‘yilishi.
Bu kechinmalar Shahodat Isaxonovaning “Zebuniso” she’rida yorqinroq aks etgan. U – Zebuniso, muhabbati uchun o‘z otasi tomonidan uyida mahbus etilgan. Lirik qahramon - sharqlik ayolning shaxsiy tuyg‘ulari yuzinchi, minginchi darajada. Inchunun, o‘n yettinchi asrda! Shoiraning Zebunisoga bag‘ishlangan she’ri butun Sharq ayollarining qismatini ko‘rsatishga qodir. Hatto bugun ham xuddi o‘tmishdagidek ayol qaysidir ma’noda o‘z muhiti, sharoitining quli.
Aslida insoniyat, jamiyat erki ayolning erkin va ma’rifiy-ilmiy ongli ekanida namoyon bo‘ladi. Ayol huquqi barcha zamonlarda ham mukammal ko‘zga tashlanmagan. Ayolga munosabat insoniyatning, jamiyatning, qadimda shohlarning axloqiy tafakkurining ko‘rsatkichidir (“Quduq bildi "shox"ingni, Men qamishday nay bo‘ldim”). Boburiy shoh Avrangzebning qizi Zebuniso ham o‘z muhabbati uchun “tovon to‘lagan”, uning sevgilisini qatl etishgan. Shoira momomizning qismatini chin qalbdan kuyinib, insonning, ayolning kechinmalarini ijtimoiy o‘ringa ko‘tarib, obrazli tarzda tasvirlaydi:
Oh... Kezdim ishq bozorin,
Chekib bor g‘am, ozorin.
Lek topmadim, ul yordek
Ko‘nglimning xaridorin...
Davroningga hayf bo‘ldim,
Qismatimga shay bo‘ldim.
Quduq bildi "shox"ingni,
Men qamishday nay bo‘ldim...
“Zebuniso” she’ri yakunida muhabbat sharobining abadiy va hayotiy bor ekanligiga urg‘u beriladi:
Umr asli necha yil?
Men uchun bir kecha yil,
Og‘ungni ber, Shahodat,
Sharobing deb ichayin...
Bilasizmi, nega Vilyam Shekspirning “Romeo va Juletta”si, Chingiz Aytmatovning “Jamila”si jahon adabiyoti durdonalari hisoblanadi. Chunki bular o‘z davrining jaholatiga o‘t qo‘ygan, insoniyatni jarga qulashdan hushyor bo‘lishga chaqirgan, inson yuragi, ayol ko‘nglining javhari - muhabbatga intilish oliy ideal ekanligiga da’vat etgan mayoq asarlardir. Shunday durdonalar Shahodat Isaxonova ijodida ham topiladi va umid etamizki, yana bitiladi. Faqat bu she’riyatning mohiyatida samimiyat, ochiqlik, ayol qalbi jozibasini oshkor aylash, muhabbatning abadiyligini, insonning sohir va sof tuyg‘ulari mavjudligini anglagan o‘quvchi bahramand bo‘lishga qodir.
Raqamlashtirish va sun’iy idrok qadriyatga aylantirilayotgan yaqin o‘n yilliklarda bu yorug‘ va noyob yurak hissiyotlari va ularni samimiy yoritib bera olish ham topib bo‘lmas voqelikka aylanadi.
Gulshan Rahim,
filologiya fanlari nomzodi.