Qo‘shrabotdagi “plyaj”ni tozalash ishlari yakunlandi, suv yig‘ish boshlandi
Tuman markazi - Mustaqillik mahallasidagi 1978 yilda bunyod etilgan plyaj va uning atrofi keyingi paytlarda qarovsiz qolgandi. Ahamiyatlisi, bu ko‘lga suv chetdan kelmaydi. Mana, qariyb 50 yildirki, shu joyning o‘zida, yer ostidagi buloqlardan qaynab chiqayotgan suv ko‘lni ko‘l holida saqlab kelgan.
Keyingi paytlarda qarovsiz qolishi oqibatida ko‘l turli chiqindi va balchiqlar bilan qoplandi. Minglab buloqlarning ko‘zi yumildi. Ko‘l atrofida yashovchi ayrim fidoyi odamlar uni saqlab qolishga harakat qildi. Buning uchun katta mablag‘ kerakligi sababli tuman va viloyat hokimliklariga qayta-qayta murojaat qildi.
Nihoyat shu yil ko‘l va uning atrofida yangi loyiha asosida obodonlashtirish ishlari boshlandi.
Hududda amalga oshirilayotgan ishlar viloyat hokimi Adiz Boboyevning ham nazoratida.
Ayni paytda plyajning ichki qismidan 3 ming 680 ta maxsus texnika qatnovi orqali 55 ming 200 kub metr cho‘kindi qum-aralashmalari olib chiqildi. Buloqlar qayta ko‘z ochdi. Ushbu xayrli ishlarda faol qatnashgan fidoyilar tuman hokimi Dilshod Shakarboyev va boshqa mas’ullar tomonidan taqdirlandi.
Bu ko‘l buloqlarning tiniq suvi bilan qayta to‘ldirilib, zamonaviy suv havzasiga aylantiriladi. Hududda qo‘shrabotliklar va tuman mehmonlariga xizmat ko‘rsatuvchi so‘lim dam olish maskani tashkil etilishi rejalashtirilgan.