YoPIQ mavzudagi OChIQ gaplar

Yoxud o‘zini yashirsang, isitmasi oshkor qilayotgan pedofiliya to‘g‘risida

Surat – bir tomonida ochiq-sochiq kiyingan juvon, ikkinchi tomonida qizaloq. Ustida yozuv: “Pedofilmisiz yoki yo‘q, aniqlab oling: sizda bu rasmdagi qizlarning qaysi biriga nisbatan tuyg‘u paydo bo‘ldi?”. Ijtimoiy tarmoqdagi ushbu post meni qanchalik taajjubga solgan bo‘lsa, shunchalik o‘yga toldirdi. Nahotki, bu jirkanch illat haqidagi tushunchamiz shunchalar sayoz bo‘lsa?! Shu qadar sayozki, uning profilaktikasini ham reklamaga aylantirib yuboryapmiz.

Xuddi shunday kayfiyat u bilan bog‘liq jinoyatlar muhokamasida ham seziladi: tafsilotlar, isbotlanmagan ayblovlar, kurakda turmas gaplar. To‘g‘ri, har qanday aqli raso inson norasida bolaning tahqirlanishini og‘ir qabul qiladi, bu ishga qo‘l urgan shaxs eng oliy jazoga loyiqligi masalasida ham tortishish niyatim yo‘q. Meni tanganing ikkinchi tomoni qiziqtiradi. Aytaylik, pedofiliya uchun jazo choralarini og‘irlashtirish orqali maqsadimizga erishamizmi? Nega keyingi vaqtda u haqdagi shumxabarlar yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorin singari ko‘payib ketdi? Unga qarshi kurashish yo‘li bormi?

Pedofil kim?

Bu mavzu yuzasidan berilishi mumkin bo‘lgan eng murakkab savol hisoblanadi. Sababi, pedofiliya nimaligini deyarli barchamiz, yuzaki bo‘lsa-da, bilamiz, biroq pedofil kimligini bilmas ekanmiz. Xalqaro tajriba pedofiliya jinoyati bilan qamalgan odam aslida pedofil bo‘lmasligi yoki aksincha, pedofiliyaga mayli bor odam butun umr namunali er va sevimli ota bo‘lib, jinoyatga qo‘l urmasdan yashashi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Demak, barchasini muhit va tarbiya belgilaydi.

Mavzuga qo‘l urishdan oldin unga oid bir qancha maqola va tadqiqotlar natijalari bilan tanishishimga to‘g‘ri keldi. Ularni umumlashtirib aytishim mumkinki, pedofiliya, avvalo, ijtimoiy, undan keyin psixologik muammo hisoblanadi. Shu bois pedofilning alohida belgilari yo‘q va u sizu biz kabi oddiy hayot kechiradi, kerak bo‘lsa, o‘z ichki “shayton”i bilan kurashib yashaydi. Shunday ekan, o‘zi hujumga o‘tmaguncha, dushmanning kimligini bilmaymiz. Uni izlash esa jamoatchilik orasida sarosima uyg‘otishdan boshqa narsa bermaydi. Qo‘lga tushgan taqdirda ham uning pedofil yoki pedofil emasligini faqat psixiatr aniqlashi va tashxis qo‘yishi mumkin. Ha, aynan tashxis qo‘yiladi. Sababi, pedofiliya – bu, avvalo, kasallik. U kasalliklarning xalqaro tasnifiga kiritilgan bo‘lib, jinsiy moyillikning buzilishi bilan xarakterlanadi.

Bolalar psixologi Muazzam Ibrohimova mavzuga oid maqolasida pedofilning “paydo” bo‘lishi masalasiga alohida to‘xtalgan. Unga ko‘ra, pedofiliyaga moyillik oilada onalarining kuchli “hukmron”ligi ostida ruhan ezilgan, g‘ururi toptalib, vaqtida “o‘g‘il” bolaligini isbotlay olmagan, jinsiy tajovuzga uchragan bolalarda ko‘proq bo‘ladi. Ya’ni, o‘sha manqurtlarni o‘zimiz “yaratamiz”. Tabiiyki, bu tez bo‘ladigan hodisa emas, insonning yoshligida olgan ruhiy zarbasi yillar davomida kattalashib, kuchayib boradi. U dardini kimga aytishni bilmaydi. Atrofidagilar, jamiyat bu xabarni qabul qilishga tayyor emas. Oqibatda u buni norma deb qabul qiladi va o‘zi ham jinoyatga qo‘l uradi.

Muammo haqida gapirmaslik uning yo‘qligini anglatmaydi

Bizda vaziyat qanday: jamiyatimizda bu illatning oldini olish, unga qarshi kurashish choralari to‘g‘risida rasmiy ma’lumot berilganini ko‘rganim yo‘q. Ba’zilarning fikricha, ayni mavzu haqida ochiq gapirilsa, pedofillar soni ko‘payib ketarmish. Biz gapirmasak ham ijtimoiy tarmoqlar bor. Deyarli har hafta shunga oid yangi jinoyat tafsilotlari bilan ta’bimizni xira qilishni kanda qilmayapti. Bunda jim o‘tirish, ko‘rib ko‘rmaganga olish to‘g‘rimi? Tushunchasizlar “olov”ni qanday o‘chirishni bilmay turib, ustiga “benzin” sepayotgan bir vaziyatda-ya?

Mulohaza yangi savollarni keltirib chiqaraveradi. Xo‘p, bu mavzuda gapirish madaniyatimizga to‘g‘ri kelmasa, muammo bilan kimdir shug‘ullanyaptimi? Mazkur savolga ham javob izlab ko‘rdim. Topganim faqat maktablardagi psixologlar bo‘ldi. Ayni kunda pedofiliyaga qarshi jangdagi “front”da eng birinchi mudofaa chizig‘i ularga ishonib topshirilgan nazarimda. Bunda psixolog o‘z ishiga mas’uliyat bilan qarasa, bolalar taqdiriga qayg‘ursa yaxshi. Agar u maktabga faqat oylik olish va gurung qilish uchun kelsa, ularga muammosi bor bola ham yaqinlashmaydi.

– Bugungi kunda maktablarimizdagi har 500 nafar bolaga bir nafar psixolog to‘g‘ri keladi, - deydi Samarqand shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi metodist psixologi Shahlo Imomova. – Turli vaziyatlar bo‘ladi. Bu haqdagi statistika oshkor qilinmasa ham tajovuzga uchrayotgan bolalarni kam deya olmaymiz. Bunday bolalar gapirishga qo‘rqadi, bo‘lgan voqea uchun o‘zini aybdor his qiladi. Ularni kayfiyati, xulqidagi o‘zgarishlardan farqlab olamiz. Bir muddat suhbatlashganimizdan so‘ng dardini aytadi. Juda ko‘p bolalarni og‘ir vaziyatda “qutqarib” qolganmiz. Shunday bo‘lsa-da, ular kuchli psixologik tushkunlikni boshidan o‘tkazadi. Bu avvaliga sezilmasa ham keyinchalik o‘z ta’sirini ko‘rsatishi aniq. Shu bois ular psixologlarning doimiy nazoratida bo‘lishadi.

Sh.Imomovaning ta’kidlashicha, yuqoridagi holatlar ko‘pincha ishlash uchun xorijga ketganlarning farzandlari bilan sodir bo‘ladi. Bunda ota-ona farzandini yaqin qarindoshlari yoki tanishlarida qoldirishi odatiy hol. Ammo ular har doim ham ishonchni oqlamaydi. Yo o‘zlari hirsini tiya olmaydi yoki tarbiyadagi e’tiborsizligi sababli bolalar nomaqbul insonlar davrasiga qo‘shilib qoladi. Ma’lumki, pala-partish jinsiy hayot kechiruvchi, giyohvand, psixotrop moddalar, spirtli ichimliklar ta’sirida es-hushini yo‘qotgan odamlar ham o‘zini boshqara olmay, “pedofil”ga aylanib qolishi mumkin. Xullas, bolani qarovsiz qoldirib bo‘lmaydi. Ularning ota-onasiz o‘sishi esa vaziyatni yanada og‘irlashtiradi.

Vaziyatni og‘irlashtirish haqida gap ketganda...

Psixolog Sh.Imomova bilan suhbat chog‘ida shu narsa ochiqlandiki, tajovuzga uchragan bolalar bu holat qayta takrorlanishidan ham ko‘ra uning boshqalarga oshkor bo‘lishidan qo‘rqishadi. “Sir”idan sinfdoshlari xabar topgach, o‘z joniga qasd qilganlar ham bo‘lgan ekan. Shu bois bu vaziyatda o‘ta ehtiyotkor bo‘lish, birinchi o‘rinda bolaning jismoniy va psixologik salomatligini o‘ylash kerak.

Bizda esa shu kunlarda barchasi teskarisiga ishlayapti. Pedofiliya haqida xabar topgan “faol” borki, uni butun respublikaga e’lon qilishga shoshadi. Videosi bo‘lsa-ku, soniyalarda qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketadi. Mayli, holatni eng ijobiy jihatdan ta’riflashga urinamiz - bu to‘g‘ridagi video yoki axborot pedofilning muqarrar jazolanishi uchun tarqatildi, deylik. Unda jabrdiydani nega o‘ylamaymiz? Butun elga tanilgan bola mahallasiga, maktabiga qanday chiqadi? Yuziga “bijir-bijir” qo‘ysak, sinfdoshlari, ko‘chadoshlari tanib olmaydi deb o‘ylaysizmi? Shunday xabarlar tagidagi muhokamalarni o‘qing, biz faqat kimnidir jazolashni istaymiz, jabrdiyda, umuman, yoshlar bilan deyarli ishimiz yo‘q.

Hamkasbimning tilidan: “Yevropacha” tarbiya ko‘rgan dugonam bor. "Dom"ining derazasidan qarab tursa, maktabdan qaytayotgan qizining ortidan qandaydir erkak suqlanib kelayotganini ko‘rib qolibdi. Baqir-chaqir qilib, odamlarning e’tiborini tortgach, o‘sha odam qochib ketgan. Shundan keyin u qizini ko‘chaga ochiq-sochiq kiyimda chiqarmaydigan bo‘ldi”. Bu voqeani bejiz keltirmadim. O‘quvchi-qizlarimizning bugungi kiyinish madaniyati, xulqini ko‘ryapsizmi? Shahar hududida vaziyat yanada yomon. Ular maktabga bilim olishga boryaptimi yoki?.. Xullas, buyog‘i farosat va sharm-hayo masalasi. Ota-onalar bo‘lmasa, maktablar ma’muriyati, mahallalar tomoshabin bo‘lmasligi kerak. Vaziyatni og‘irlashtirmaylik!

Bolalarni qanday himoya qilish mumkin?

Biz maktabda o‘qigan kezlarimizda yoshlarni katta hayotga tayyorlovchi maxsus fan bo‘lmagan. Ota-onalarning barchasi ham farzandi bilan bu mavzuda gaplashishga jur’at topa olmaydi. Oqibatda ko‘pchilik nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekanligini kech, ba’zan o‘z boshidan o‘tkazganidan keyingina anglaydi.

Bugungi yoshlar juda tez ulg‘aymoqda va ularning xatosi qimmatga tushishi mumkin. Maktablarda esa hamon bu mavzuda gapirilmaydi. Ota-onalar esa o‘sha-o‘sha, o‘zi eshitmagan narsani bolasiga qanday tushuntirsin.

– Yoshlarni bu jinoyat tuzog‘iga tushib qolishdan himoya qilishning eng samarali yo‘li ularning ogohligini oshirishdir, - deydi Sh.Imomova. – Ilgari maktablarda yoshlarni oilaga, jinsiy hayotga tayyorlovchi “Oila psixologiyasi” fani o‘tilgan. Lekin negadir bu amaliyot to‘xtatildi. Uni qaytarish va davrga moslash kerak. Sababi, yoshlar har qanday axborotni to‘g‘ri manbalardan olishi lozim.

Hozir maktablarimizda “Odobnoma”, “Vatan tuyg‘usi”, “Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari” hamda “Dunyo dinlari tarixi” fanlarini o‘zida birlashtirgan “Tarbiya” fani o‘tilmoqda. Darsliklarni ko‘rdim. Ularda yoshlarni katta hayotga tayyorlovchi mavzular deyarli yo‘q. Xo‘p, agar fan sifatida kirita olmasak, maxsus darslar tashkil qilish, ularda yoshlarga nafaqat jinsiy hayot, balki o‘ziga bo‘layotgan tajovuzni farqlash, undan himoyalanish, shunday vaziyatda kimga murojaat qilish yuzasidan tushuncha berilishi davr talabi. Tarbiyaning bu muhim jihatini ijtimoiy tarmoqlarga topshirib qo‘ygan ekanmiz, muammo kuchaysa kuchayadiki, aslo kamaymaydi.

Bolalar psixologi M.Ibrohimova ham pedofiliya haqida ro‘yi rost gapirib, farzandlarimizni ogohlantirish davri keldi, deb hisoblaydi. Shuningdek, u bolalarga hammaga ham ishonavermaslik, xilvat joylarda yolg‘iz yurmaslikni o‘rgatish, agar xonadonda bolalar bo‘lsa, duch kelgan odamni uyga yetaklab kelmaslikka chaqiradi. Mashinada olib qochilgan maktab o‘quvchisi esingizdami? Baxtli tasodif tufayli omon qolgandi u. Bu holat qaytarilmasligiga hech kim kafolat bermaydi.

Jamoatchilik fikriga quloq tutadigan bo‘lsak, pedofiliya jinoyati uchun og‘irroq jazo chorasini belgilash va uning ijrosi muqarrar ekanligini amalda ko‘rsatish shahvoniy tusdagi jinoyatlarning kamayishiga xizmat qiladi. Bugun dunyoning qator davlatlarida shunday amaliyot qo‘llanilmoqda.

Xullas, hozircha shu. Bu mavzuda so‘z aytishning o‘zi og‘ir, aytmaslik esa undan ham qiyin. Nima bo‘layotganini ko‘rib, bilib, jim o‘tirish - befarqlikdan yomoni yo‘q. Maqsadimiz sizni ham mulohazaga chorlash, mas’ullarga esa signal berish. Harakat qilish vaqti keldi.

Asqar BAROTOV.