O‘zbek qizlari koinotga nano sun’iy yo‘ldoshni uchiradi

Innovatsion rivojlanish vazirligi 2 noyabr kuni UNICEF, Tech4Impact NNT va vazirlik tomonidan fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM - Science, Technology, Engineering and Mathematics) sohalariga qiziquvchi qizlar uchun UniSat xalqaro ta’lim dasturi rasman ishga tushirilganini ma’lum qildi.

Qizlarning kosmik tadqiqotlarga qiziqishini oshirishga qaratilgan ushbu dastur YuNICYeFning O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi vakolatxonalari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Vazirlikda nano sun’iy yo‘ldoshlarni loyihalash va yig‘ish uchun barcha shart-sharoitga ega laboratoriya mavjud.

Dastur davomida O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan tanlovdan o‘tgan 15-24 yoshli qizlar dasturlash va muhandislik bo‘yicha bilimlarini oshirish, shuningdek, jamoada ishlash va loyihalarni boshqarish ko‘nikmalarini yaxshilash imkoniyatlariga ega bo‘ladilar.

O‘quv dasturining yakuniy bosqichida nano sun’iy yo‘ldoshni yig‘ish uchun uchta respublikadan qizlar Olma-otadagi Al-Farobiy nomli institutda yig‘iladilar.

Nano sun’iy yo‘ldoshni O‘zbekistonda uchirish 2022 yil 12 aprelga rejalashtirilgan. Qizlarning o‘zlari parvoz rejasini tuzib, aeronavigatsiya xizmati mutaxassislari nazorati ostida nano sun’iy yo‘ldoshni O‘zbekistondan uchiradilar.