Bugunning gapi: Nega qizlar janjalkash bo‘lib ketyapti?
O‘quvchilik yillarimda qizlarning bir-biriga qo‘l ko‘targani, mushtlashganini ko‘rmaganman. Oilalarda qiz bola tarbiyasiga jiddiy e’tibor berilar, ro‘zg‘or yumushlari o‘rgatilardi. Hatto qiz bola baland ovozda gapirmaydi, deyishardi kattalar.
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda hali maktab o‘quvchisi bo‘lgan qizlarning o‘zaro urushgani, mushtlashgani aks etgan video tasvirlarni ko‘ryapmiz. Ko‘cha-ko‘yda ham onasi tengi ayolga gap qaytarayotgan qizlarni uchratib qolyapmiz. Biz bolaligimizda o‘zimizdan kattaga gap qaytarishni xayolimizga ham keltirmasdik, chunki ota-onamiz kattalarga gap qaytarish mumkin emas, deb o‘rgatishardi. Xo‘sh, bugun voyaga yetmagan qizlarning ibo-hayosiz, janjalkashligiga sabab nima?
Yaqinda o‘qib qoldim. Bir xorijlik kishi: “Sizlarning ayollaringizni juda urushqoq deb bilardim, unday emasga o‘xshaydi”, debdi. Nega bunday o‘ylashini so‘rashganida “Kino va seriallaringizda ayollar faqat bir-biri bilan urishadi-ku”, deb javob beribdi.
To‘g‘risi, oltinga qimmat vaqtimni serial va kinolarga sarflashni istamayman. Ammo ba’zan qishloqqa mehmonga borganimda televizorda biror serialga ko‘zim tushsa, qahramonlarning og‘zidan chiqayotgan gapi, voqealar rivojining tuturuqsizligi, ayniqsa, ayollarning makkora o‘y-fikrlaridan asabim buziladi. Bular serial orqali odamlarga nimani o‘rgatyapti, qani bu yerda ma’naviyat, insoniylik, qadr-qimmat, deyman. Nazarimda qaynona-kelin janjali o‘zbek seriallarining bosh mavzusi bo‘lsa kerak. Negaki, har zamonda seriallarning biror qismini ko‘rib qolsam ham, faqat qaynona zolim, kelin jabrlangan yoki buning aksini ko‘rsatayotgan bo‘ladi.
Turk seriallaridagi dabdabali hayotni gapirmasa ham bo‘ladi. Yasan-tusan qilib, so‘nggi modada kiyingan ayollar hali restoranda, hali kafeda o‘tiradi. Ular qachon bolasini tarbiyalaydi, qachon ro‘zg‘or yumushlarini bajaradi, deb o‘ylaysan kishi. Buning ustiga turk seriallaridagi sevgi-muhabbat bizning mentalitetimizga ham, madaniyatimizga ham to‘g‘ri kelmaydi. Xo‘sh, televizordan tarbiya olayotgan yosh qizlardan biz nimani kutishimiz mumkin?
- To‘rt nafar qizim bor, - deydi Oqdaryo tumanidagi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabining musiqa fani o‘qituvchisi, xalq ta’limi a’lochisi Komila Qilicheva. – Qizlarimga maktabni bitirgach, oddiy qo‘l telefoni olib berganman. Institutda uchinchi kurs bo‘lgach ko‘p funksiyali, sensorli telefon olib berdim. Shunda ham ularga bildirmagan holda telefonini tekshirib turardim. Ota-onalar, ayniqsa, shaharda yashovchilar farzandi qayerdaligini bilish uchun maktabga telefon bilan yuboradi, ammo o‘sha telefon oddiy bo‘lishi kerak. Ba’zi ota-onalar qizlarining qo‘liga qimmatbaho telefon olib beryapti. Yoshlar tarbiyasini buzadigan narsa telefon bilan televizor. Telefonda qizlar kimlar bilan yozishyapti, nimalarni ko‘ryapti, bilmaysiz. Televideniyeda berilayotgan “Iqror” serialida bir ayolning ikkala qizi ham ikkinchi xotin bo‘lib erga tegyapti. To‘g‘ri, film bundan to‘g‘ri xulosa chiqarish uchun ishlangan, ammo yoshlar xulosa qilmasdan, yengil hayotga qiziqyapti.
Bugun onalarning ko‘pchiligi xorijda yoki bozorda, qizlarining tarbiyasiga kam vaqt ajratyapti. Aslida ota-ona maktab bilan hamkorlikda ishlashi, farzandi tarbiyasini jiddiy o‘ylashi kerak.
Ma’naviyat soati darslarida mavzuni hayotiy misollar bilan o‘tishga harakat qilaman. Seriallardan to‘g‘ri xulosa chiqarishni tushuntiraman. O‘quvchi qizlarga astoydil tushuntirilsa, albatta, tushunadi. Ammo onalar ham qizlariga vaqt ajratib, ular tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanishi kerak.
***
To‘g‘ri, biz televideniyeda berilayotgan saviyasiz filmlarni taqiqlay olmaymiz. Bugun texnika taraqqiyoti davrida ayrimlar dunyoning istalgan mamlakati telekanallaridagi kino va ko‘rsatuvlarni ko‘ra oladi. Aslida ulardagi tasvirlar bizning teleko‘rsatuvlarimizdan besh badtar. Shuning uchun xorijliklar uyidagi televizorini dasturlab qo‘yadi, farzandi undan faqat bolalarga oid kanallarni ko‘ra oladi. Bizda ham ota-onalar mana shu usuldan foydalanishsa, yaxshi bo‘lardi.
Aslida hamma ota-ona ham farzandi tarbiyasiga befarq emas. Shunday ota-onalar borki, ular farzandlarining vaqtini maktabdan tashqari sport, repetitor, dars tayyorlash kabi mashg‘ulotlarga taqsimlab qo‘ygan. Bunday talabchan ota-onalarning farzandlarida televizor ko‘rishga deyarli bo‘sh vaqt yo‘q. Ammo bu kabi ota-onalar soni juda kam.
Nima bo‘lgan taqdirda ham farzand, avvalo, tarbiyani oiladan oladi. Qizining oqila, sarishta, iboli bo‘lishini istagan ona vaqtini farzandi tarbiyasiga sarflaydi. Qizi bilan dars tayyorlaydi, birgalikda uy yumushlarini bajaradi, uning biror vaqtini bo‘sh qoldirmaydi. Bugun atrofimizda janjalkash qizlar paydo bo‘layotgan ekan, bunga sabab ular tarbiyasidagi bo‘shliqning mavjudligidir.
Xurshida Ernazarova.