SamDTUda “Bitiruvchilar oqshomi” o‘tkazildi

Samarqand davlat tibbiyot universitetida universitet bitiruvchilari va talabalar uchun “Bitiruvchilar oqshomi” tantanali bayram dasturi tashkil etildi. Tadbir ochilishida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov onlayn tarzda so‘zga chiqib, Samarqand davlat tibbiyot universitetidagi xalqaro darajadagi ta’lim dasturlari haqida so‘z yuritdi hamda universitetning O‘zbekiston tibbiyot oliy ta’lim muassasalari ichida birinchilardan bo‘lib THE IMPACT RANKING natijalariga ko‘ra dunyoning eng yaxshi 1000 talik universitetlari qatoriga kirgani bilan tabriklab, bitiruvchilarga omad tiladi.

Shuningdek, bayram tadbirida so‘zga chiqqan universitet rektori, professor Jasur Rizayev, viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov hamda viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Husan To‘xtayevlar universitet faoliyati va yutuqlari haqida iliq fikrlarni bildirib, bitiruvchi talabalarning keyingi faoliyatida omad tiladi.

Bayramona tadbirning keyingi qismida Samarqand davlat tibbiyot universitetini tamomlagan bitiruvchilarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi. Ma’lumot o‘rnida, joriy yilda Samarqand davlat tibbiyot universitetini bakalar va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha jami 1600 ga yaqin talaba muvaffaqiyatli tamomladi.