Dunyo stomatologlari Samarqandga keldi
Samarqand shahrida "Stomatologik kasalliklar profilaktikasi va davolashdagi zamonaviy yondashuvlar" mavzusida xalqaro stomatologlar kongressi bo‘lib o‘tdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Stomatologlar assotsiatsiyasi hamda Samarqand davlat tibbiyot universiteti tomonidan tashkil etilgan kongressda respublikamiz hamda AQSh, Rossiya Federatsiyasi, Fransiya, Bolgariya, Misr, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi o‘ndan ziyod mamlakatlardan 300 dan ortiq soha vakillari ishtirok etdi.
Kongress doirasida stomatologiyaning dolzarb muammolari, yangi ilmiy va amaliy yutuqlar aks etgan ma’ruzalar, zamonaviy stomatologik texnologiya va jihozlar bilan yigirmaga yaqin mahorat darslari tashkil etildi. Jumladan, “Somatik kasalliklarning oldini olish stomatologik profilaktika sifatida”, “Periodontologiyada raqamli yechimlar va klinik ko‘nikmalarning sinergiyasi”, Subperiostal implantlar – o‘tmish, bugun va kelajak”, “Zamonaviy stomatologiyada mikroskoplarning o‘rni” va boshqa shu kabi mavzular yuzasidan ma’ruzalar tinglanib, fikr va mulohazalar almashildi.