​Shinjon tibbiyot universiteti rektoriga SamDTU faxriy professori unvoni berildi

Bundan bir necha yil avval Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Xitoyning Shinjon tibbiyot universiteti o‘rtasida hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan edi. Kecha, 29 mart kuni Shinjon tibbiyot universiteti delegatsiyasi Samarqand davlat tibbiyot universitetiga tashrif buyurdi.

Ular orasida universitet rektori, professor Haji Akber Aisa, Uyg‘ur avtonom rayoni sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Yuy Aypin hamda bir guruh soha vakillari bor.

Tashrif davomida Xitoy delegatsiyasi Samarqand davlat tibbiyot universitetidagi ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, ikki oliygoh o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv so‘ngida Shinjon tibbiyot universiteti rektori Haji Akber Aisaga «Samarqand davlat tibbiyot universiteti faxriy professori» unvoni topshirildi.

Yakunda so‘zga chiqqanlar o‘zaro hamkorlikning ta’lim tizimida muhim ahamiyatga ega ekanligi haqida so‘z yuritib, kelgusida istiqbolli loyihalar amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldilar.