SSV mamlakat bo‘ylab barcha hududda keksa yoshdagi kishilar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, sog‘lomlashtirilishini e’lon qildi
Sog‘liqni saqlash vazirligi yana bir yangi aksiyani e’lon qildi. Unga ko‘ra, joriy yil 1 avgustdan 1 sentyabrgacha yurtimizda “Keksalar salomatligi oyligi” tashkil etiladi.
(https://telegra.ph/file/7bfd80f0216df46541a52.png)Bu davrda mamlakatimizdagi keksa yoshdagi kishilar o‘zlari istiqomat qilayotgan hududda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Xo‘sh, bundan ko‘zlangan maqsad nima?
Ta’kidlash lozimki, ayni damda yurtimizda 55 yoshdan oshgan 3 million 200 ming nafarga yaqin pensiya yoshidagi nuroniy yurtdoshlarimiz umrguzaronlik qilmoqda. Ularning salomatligini tiklashda, albatta, o‘z vaqtida ko‘rsatiladigan sifatli tibbiy xizmatning o‘rni benihoya muhim.
📌 Shu bois ushbu aksiya davomida tibbiy tekshiruv natijalariga muvofiq aniqlangan kasalliklar bo‘yicha davlat ko‘magida keksalarning sog‘lig‘ini mustahkamlash choralari ko‘riladi.
📋 Buning uchun dastlab tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladigan nuroniylar ro‘yxati shakllantirilib, ular yoshi, jinsi va salomatlik holatidan kelib chiqib, tegishli guruhlarga ajratiladi.
⚕️Shundan so‘ng aksiyaga jalb qilingan keksa yoshli insonlar maxsus tibbiy brigadalar tomonidan profilaktik va chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan o‘tkaziladi.
Tibbiy ko‘riklar yakunida:
🏥 o‘tkir va surunkali xastaliklar qayd etilgan katta yoshli bemorlardan bir guruhi birlamchi bo‘g‘indagi kunduzgi shifoxonalarda ambulator sharoitda, statsionar yordamga muhtoj qatlam esa tuman, shahar hamda viloyat miqyosidagi tibbiyot muassasalarida davolanadi;
🔬yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga ehtiyoji bor keksa yoshli bemorlarga viloyat va respublika muassasalariga imtiyozli yo‘llanmalar taqdim etiladi.
🚑 O‘z navbatida, olis va chekka hamda chegara hududlarda sayyor tibbiy brigadalar tomonidan chuqurlashtirilgan tekshiruvlar o‘tkaziladi.
‼️ Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan joriy yil mamlakatimiz bo‘ylab bir qancha salomatlik oyliklari tashkil etildi.
🔴 Mazkur sog‘lomlashtirish tadbirlari orqali qishloq xo‘jaligi xodimlari va ularning oila a’zolari, yoshlar, maktab o‘qituvchilari hamda bog‘cha tarbiyachilari tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, aniqlangan kasalliklar bo‘yicha ularning salomatligini tiklash va mustahkamlash choralari ko‘rildi, deya xabar bermoqda sog‘liqni saqlash vazirligi.