Keksayish bilan ulg‘ayish o‘rtasida qanday farq bor?
Kunlardan birida professor bizga yangi talabani tanishtirdi. Yonimga ochiq chehrali, mushtdekkina bo‘lib qolgan qari kampir kelib o‘tirdi.
- Salom go‘zal qiz, mening ismim Roza, yoshim 87 da, -dedi u. – Sen bilan birga o‘tirsam bo‘ladimi?..
- Albatta. Shunday ulug‘ yoshda sizni universitetga nima yetaklab keldi – bilsam bo‘ladimi?
- Men doimo oliy ma’lumotga ega bo‘lishni orzu qilardim, - dedi kampir.
Biz shu kundan boshlab har kuni birga tushlik qiladigan bo‘ldik. Semestr oxirida, bitiruv kechasida undan tabrik so‘zi aytishni so‘radik. U minbar tomon yurar ekan qaltiroq qo‘llaridagi qog‘ozlarni tushirib yubordi.
- Barchangizdan uzr so‘rayman, odam qariganda faromushxotir bo‘lib qolarkan, - deb shpargalkasiz so‘z boshladi.
- Keling, ko‘nglimdan nima kechayotgan bo‘lsa shuni so‘zlab beray. Sizlarning muvaffaqiyatingiz yoshlik va baxtdan iborat. Inson har kuni tabassum qilishi kerak. Eng muhimi esa har biringizni orzuingiz bo‘lsin. Orzu qilishdan to‘xtadingizmi – o‘sha kuni hayotdan ko‘z yumasiz. Atrofimizda qanchadan-qancha tirik murdalar bor – buni hatto o‘zlari his qilishmaydi. Qarish bilan ulg‘ayish o‘rtasida nihoyatda katta farq bor. Mabodo 19 yoshda bo‘lsangiz-u kun bo‘yi divanda cho‘zilib yotsangiz va hech bir foydali ish qilmasangiz – siz endi 20 ga to‘lasiz. Men hozir hech narsa qilmay divanda yotsam – bilingki, 88 yoshga kirib qo‘yaman. Qarib qolishning hech qanday qiyin joyi yo‘q. Keksayish uchun alohida iste’dod shart emas. Yoshingiz o‘tib, hayotingiz o‘zgarib borayotganda ham yangi imkoniyatlarni topish – bu iste’doddir. Hech bir narsadan afsuslanmang! Qariyalar amalga oshirgan ishlaridan afsuslanishmaydi, ular qilishga ulgura olmagan ishlaridan qayg‘urishadi. Hayoti afsuslarga to‘la odamgina o‘limdan qo‘rqadi.
Bir yildan so‘ng Roza buvi oliy ma’lumotga ega bo‘ldi. Yana bir yildan so‘ng esa hech kimga og‘iri tushmasdan uyqusida tinchgina vafot etdi.
Esda tuting: qarish – muqarrar. Ulg‘ayish esa har kimga ham nasib etavermaydi.
Rus tilidan Jaloliddin Safoyev tarjimasi.