Tanqislikdan – to‘kinlikkacha: “Bemor onamga bitta baliq topa olmaganman”
“Sobiq ittifoq davrining so‘nggi yillari edi. Tuman markazidagi gastronomga baliq kelibdi, degan xabar tarqaldi. Shifoxonada yotgan onam rahmatli, muchali baliq bo‘lgani uchunmi yo parhez taomligi uchunmi, baliqni judayam xush ko‘rar edi. Eshitiboq gastronomga chopdim, - deya hikoya qiladi pastdarg‘omlik Shomurod Qurbonov. - Borsam navbat.
– Xotinim boshqorong‘i edi. O‘tkazvormaysizmi, – iltijoli qarash qiladi junjikib ortimda turgan yigit.
– Sening xotining ekan, bu yerdagilarni o‘zlari baliqqa “boshqorong‘i” ko‘rinadi, qara ularni. Bugunlar navbat tegmas-ov.
Umidsiz qaytaman. Shifoxonaga baliq o‘rniga non orasiga kabob qo‘ydirib borsam, xotinim allaqachon baliqqa ketganimni aytib, onamdan “suyunchi” olgan ekan.
– Baliq olib keldingmi, – entikib qo‘limga qaraydi onam. Xijolatdan qizarib, “Ertaga albatta olib kelaman”, deyman. Ertasiga borsam baliq tala-tala bo‘lib ketibdi. Kelgusi gal yana baliq kelgunicha onam rahmatli ovqatdan qoldi... Rosa alam qilgan. O‘sha paytlar faqat baliq emas, tovuq go‘shti, limon, asal, hatto xurmo ham tansiq edi. Bugun bozor to‘la baliq, tovuq, bedana go‘shti, o‘zimning tomorqamda ham issiqxonam bor, limon, ko‘kat uydan chiqyapti”.
Darhaqiqat, Shomurod akaning “yurakni ezadigan” bu hikoyasidagi real voqelik - oziq-ovqat tansiqligidan serobligigacha bo‘lgan yo‘l o‘z-o‘zidan kelib qolgani yo‘q. Bu borada mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi masalalari ijtimoiy-iqtisodiy siyosatimizning markaziy o‘rinlaridan bo‘lib, ushbu sohada aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha strategik jihatdan muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi.
- Ma’lumki, mustaqillikkacha sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan mamlakatimizda qishloq xo‘jaligida asosan bitta ekin - paxta yetishtirilardi, - deydi qishloq xo‘jaligi fidoyisi, O‘zbekiston Qahramoni Avaz Hosilov. - O‘zbekistonni oziq-ovqat bilan to‘la ta’minlash borasida hech qanday gap bo‘lishi mumkin emas edi. Shu sababli asosiy oziq-ovqat tovarlari, jumladan, bug‘doy, go‘sht va sut mahsulotlari, tuxum, shakar va bir necha turdagi meva hamda kartoshka chetdan keltirilardi. Keyingi yillarda mamlakatimizda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu o‘z navbatida intensiv usulda bog‘ va tokzorlar barpo qilish, issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va takroriy ekinlar ekish orqali namoyon bo‘lib, dasturxonimiz to‘kin bo‘lishida katta o‘rin tutmoqda. Shuningdek, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, biz kabi fermer va mirishkorlar uchun ham huquqiy mezon, ham intilishlar garovi bo‘lmoqda.
30 sentyabr kuni Prezidentimizning “Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat yo‘nalishidagi subsidiyalar belgilandi. Bu bilan biz, dehqonlarga yangi imkoniyatlar berildi va yangi tashabbuslarimizga asos yaratildi. Endi hududlarda shu yo‘nalishda ko‘chat yetishtirish va namunaviy bog‘lar, intensiv mevali bog‘ va uzumzorlar ko‘payadi, «in-vitro» usulida yaratiladigan ko‘chatlar soni ko‘payadi. Shu asosda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmi oshadi, narxi arzonlashadi.
Samarqand viloyati ushbu yo‘nalishda ichki va tashqi bozorni arzon hamda sifatli oziq ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda respublikada yetakchi o‘rinlarda qayd etiladigan hududlardan biri bo‘lib, viloyatda mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ham miqdor, ham sifat jihatdan muntazam oshirib borishga asoslangan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Albatta, bir necha yil avval faqat bayramlarda dasturxonimizni bezab turuvchi tansiq hisoblangan noz-ne’matlar, bugun aholining kundalik xaridi sarasiga kirib, oilaviy ratsionini tobora boyitib bormoqda.
Shu o‘rinda viloyatda oziq-ovqat sanoati yo‘nalishidagi dasturlarning samarasi sabab, o‘tgan yili bilan joriy yilgi ko‘rsatkichlarni taqqoslaganda hududda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi sezilarli oshganligini kuzatishimiz mumkin. Jumladan, viloyat g‘allakorlari tomonidan don mahsulotlari yetishtirish 2023 yilda 713 ming tonnani tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 937 ming tonnaga yetgan, sabzavot yetishtirish borasida esa 2023 yil 1 mln 600 tonna mahsulot yetishtirilgan bo‘lsa, 2024 yilda ushbu mahsulot tayyorlash hajmi 1 mln 639 ming tonnani tashkil etadi. O‘zbekning “ikkinchi noni” deb ataluvchi kartoshka ham Samarqand zaminida 2023 yilda 760 ming tonna yetishtirilgan bo‘lsa, 2024 yil 761 ming tonnaga yetkazilgan. Poliz mahsulotlari 2023 yil 172 ming tonna tayyorlangan bo‘lsa, 2024 yil 190,9 ming tonnadan oshmoqda. 2023 yilda 388 ming tonna meva yetishtirilgan bo‘lsa, 2024 yilda 395,7 ming tonna mahsulot yig‘ib-terib olingan. Umuman, barcha yo‘nalishlarda o‘sish sur’ati o‘rtacha 105 foizni tashkil etmoqda.
Shu o‘rinda, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish infratuzilmalari tabiiy ofatlar va ekstremal ob-havo hodisalari, yer unumdorligi holati, suv tansiqligi kabi omillar bilan hisoblashishga majbur. Biz uzoq yillar yer, tuproq holati bilan ishimiz bo‘lmay, suvni tejamay, faqat “plan”ni bajarish uchun dehqonchilik qildik. Albatta, bu “ura-ura”chiliklar o‘z ta’sirini ko‘rsatib, tuproq unumdorligi pasaydi, suv tanqisligi yuzaga keldi.
Keyingi yillarda bu masalada tabiiy resurslarni iqtisod qilgan xolda innovatsion, nostandart yechimlar va amaliyotlar qo‘llab, raqamli texnologiyalardan foydalangan holda aniq ma’lumotlarga asoslangan qishloq xo‘jaligini yuritish usullari qo‘llanilmoqda. Sensorlar va dronlar vositasida agrotexnik tadbirlar, suv tansiqligining oldini olish va uni boshqarishning ilg‘or texnologiyalari qo‘llanilmoqda. Bu borada viloyatda 2024 yilda 10,1 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi. Sug‘orish tizimlarini yaxshilash va tuproq unumdorligini oshirish maqsadida irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari olib borildi. Bundan kutilayotgan natija oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiriladigan ekin maydonlarida tuproq unumdorligi oshirish, o‘simlik uchun qulay bo‘lgan suv va havo, harorat va oziq rejimini, atmosferaning yer yuzasiga yaqin qatlamida havoning harorati hamda harakatini yaxshilash. Pirovard maqsad hosildorlikni va mahsulot hajmini oshirishdan iborat.
Agrar sohaning yana bir muhim tarmog‘i - chorvachilik sohasini rivojlantirish ham e’tibor markazimizda. Bu orqali asosiy oziq-ovqat tovarlari - go‘sht, tuxum, sut, asal, baliq mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish imkoni oshadi. Narxlar barqarorligi ta’minlanadi.
Bu borada joriy yilda viloyatdagi barcha toifadagi xo‘jaliklarda go‘sht yetishtirish 151 ming tonnani tashkil etib, o‘tgan 2023 yilga nisbatan 103,8 foizga, sut ishlab chiqarish 690 ming tonnani tashkil etib, 102,5 foizga, 525,9 mln donani tuxum ishlab chiqarilib, o‘sish sur’ati o‘tgan yilga nisbatan 106,1 foizga oshgan.
Viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Odilxon Baqoyevning aytishicha, hozirgi kunda viloyatda 1 ming 266 ta chorvachilik fermer xo‘jaliklari mavjud bo‘lib, shundan 874 ta qoramolchilik yo‘nalishida, 155 ta qo‘ychilik yo‘nalishida, 213 ta parrandachilik yo‘nalishida va 20 ta quyonchilik yo‘nalishida faoliyat yuritadi. 2024 yil yakuniga qadar esa chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha yana 82 ta loyihani ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Jumladan, paxta-g‘allachilik klasterlari tomonidan qoramolchilik komplekslarini tashkil etish bo‘yicha umumiy qiymati 364 mlrd so‘mlik mol bosh soni 10 ming 500 bosh bo‘lgan 12 ta loyiha shakllantirilib, ular yil yakuni bilan amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Maqsad - viloyatda ichki iste’mol bozorlarini chorvachilik mahsulotlari bilan to‘ldirish.
Albatta, aholining iste’molida go‘sht, tuxum, sut va ulardan tayyorlangan mahsulotlar bo‘lishi katta o‘rin egallaydi. Hozirda bu kabi mahsulotlar notansiq iste’mol tovarlari hisoblanib, istalgan joydan cho‘ntakbop narxga topish mumkin.
Yuqorida sanab o‘tilgan loyihalarning hayotga tatbiq etilishi, aholining sog‘lom ovqatlanishida, dasturxoni to‘kin bo‘lishida, bir so‘z bilan aytganda, farovonligini oshishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Zero, jahon hamjamiyatida Yangi O‘zbekistonning jozibador imijini belgilayotgan vosita - “inson qadri uchun” tamoyili ham, fuqarolar sog‘lig‘i va hayotini yaxshilash, ularning farovonligini oshirishga asoslanadi.
Shuhrat Normurodov.