Nafs g‘olib, sog‘liq mag‘lub bo‘lmasin!

Ko‘pchilik “101” filmini ko‘rgan. Unda 1941 yilda Smolensk yaqinida asirga tushib, keyin Gollandiyaning Amersfort konslageriga jo‘natilgan 101 nafar o‘zbek yigitining fojiali taqdiri haqida so‘z boradi.

Bu yigitlar natsistlar rahbari Yozef Gebbels buyrug‘i bilan nemis targ‘iboti uchun maxsus tanlab olinadi va fashistlar ular orqali “sovet asirlari och, ojiz”, degan tasavvurni yaratishni ko‘zlaydi. Shu maqsadda yigitlar qasddan uzoq vaqt och qoldiriladi. So‘ng suratga olish ishlari boshlanadi va ular oldiga bir dona non irg‘itiladi. Biroq voqea kutilganidek kechmaydi. Ochlikdan holsizlangan yigitlar bir lahza jim turishadi, keyin ulardan biri nonni ehtiyotkorlik bilan olib, teng bo‘laklarga bo‘ladi va har bir asirga o‘z ulushini uzatadi. Hech kim non uchun talashmaydi, hech kim boshqasining haqiga ko‘z tikmaydi.

Filmda bir burda nonga qanoat qilgan qahramonlarimiz o‘z qadriyatini, sabr va shukurni hayotiy mezon, deb bilgan millat qiyofasini namoyon etadi. Ammo so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etilayotgan ayrim holatlar bu qadriyatga zid tushmoqda. Ovqat yeyish musobaqalari, “kim ko‘p yeydi”, degan bellashuvlar, pul tikib o‘tkaziladigan “xo‘randalar bahsi” kabi jarayonlar na qanoatga, na madaniyatimizga mos keladi. Tasvirlarda kamida o‘n kishilik oshni to‘rt kishi tanovul qilayotganiga ko‘zingiz tushadi. Bu holat endilikda boshqa taomlarga ham ko‘chgan. Buyurtma somsadan tortib, tovoq-tovoq go‘shtxo‘rlikkacha, hatto qurt va banan yeyish borasida bahsga kirishadiganlar videosi ko‘paydi.

Xavotirlisi, atrofdagi zavq bilan tomosha qilayotganlarning aksariyati yoshlar. Bu kabi holatlar shaxsiy tanlov sifatida oqlansa ham, tobora ommalashayotgani bilan jamiyatning ma’naviy muhitiga ta’sir etmay qolmaydi. Birinchi navbatda, bunday bellashuvlar sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Ovqatni me’yoridan ortiq iste’mol qilish nafaqat oshqozon va hazm tizimiga zarar yetkazadi, balki uzoq muddatli oqibati ortida semizlik, qandli diabet, yurak-qon tomir kasalliklari kabi og‘ir xastaliklarga sabab bo‘lishi mumkin.

Bu “ko‘ngilochar” shou-musobaqada g‘olib deb topilgan ishtirokchi aslida mag‘lub. Qo‘lga kiritilayotgan arzimas sovrin uning uchun eng katta boylik sanalmish salomatlik badaliga kiritilyapti. Bundan tashqari, bu kabi ovqatlanish musobaqalarining insonga ijtimoiy va psixologik ta’siri ham bor. Bellashuvlarning shou tarzida tashkil etilishi va ijtimoiy tarmoqlarda ommaviy tarqalishi, ayniqsa, yoshlar ongida noto‘g‘ri dunyoqarashni shakllantirishi mumkin. “Ko‘p yeyish” orqali e’tibor qozonish yoki moddiy mukofot olish g‘oyasi sog‘lom va ma’naviy qadriyatlarga zid bo‘lib, jamiyatda me’yorsizlik va isrofgarchilikni targ‘ib qiladi. Shu bois bunday shou-musobaqalarga munosabatda sog‘lom tafakkur va mas’uliyatli yondashuvni shakllantirish juda muhim.

- Ovqat yeyish musobaqalari bugun ommaviy madaniyatning ajralmas qismiga aylanmoqda, - deydi psixolog Nazokatxon Yo‘lchiboyeva. - Ko‘plab yirik media maydonlar va internet platformalari bu turdagi musobaqalarni targ‘ib qilyapti. Bellashuvlarning shou va ko‘rgazmali ko‘rinishda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi esa yoshlarda noto‘g‘ri ruhiy modellarni shakllantirishi ehtimoli katta. Ishtirokchilarning sanoqli daqiqalarda yuqori kaloriyali taomlarni iste’mol qilishi ko‘pincha “tezkorlik” va “jadallik” ramzi sifatida ko‘rsatiladi. Bu esa yoshlar orasida sog‘lom ovqatlanish odatlarini buzadi, ortiqcha iste’mol va yot odatlarning shakllanishiga olib keladi. Ijtimoiy bosim ham seziladi. Ayrimlarda “Men ham shunday qila olaman”, “Undan nimam kam?” kabi fikrlar paydo bo‘lish ehtimoli katta. Ilmiy nuqtai nazardan qaraganda, bunday musobaqalar organizmning tabiiy signallariga zid harakat hisoblanadi. Tabiiy to‘qlik va to‘yinganlik hissi sun’iy ravishda buziladi. Bu nafaqat oshqozon-ichak tizimi, balki butun organizm uchun stress manbai bo‘ladi. Shu sabab bunday musobaqalardan voz kechish, parhezli, sifatli ovqatlanishni asosiy qoidaga aylantirish yaxshiroq.

To‘g‘ri, bugun yurtimizda oziq-ovqat mo‘l, taomlar xilma-xil, gazak va qaylalar, genno-modifikatsiya qilingan mahsulotlar va transyog‘lar yordamida yanada lazzatli bo‘lgan. Gazli ichimliklar va turli sharbatlar ham ishtahani ochishga xizmat qiladi. Shuning natijasida ba’zan bir o‘tirishda ikki-uch xil taomni, ustidan salatlar, meva sharbatlari va shirinliklarni ham iste’mol qilyapmiz. To‘ylarda bu holat yanada ko‘proq kuzatiladi: taomlar serob va rang-barang - odamni ko‘proq yeyishga undaydi. Ammo shunday mo‘l-ko‘l va turli xil yeguliklardan foydalanishda me’yorni saqlash juda muhim. Yetarli miqdorda taomlansak, tanimizga jabr qilmaymiz. Buyuk hakim Arastudan “Sen nega sira kasal bo‘lmaysan, boshqalardan farqing nimada?” deb so‘rashganida, shunday javob bergan ekan: “Boshqalar yeyish uchun yashaydi, men esa yashash uchun yeyman”.

Xavotirlisi, hozirgi kunda yeyish uchun bahslashadigan, “mechkaylik” musobaqasi ishqibozlari soni keskin ortib bormoqda. Ilgari bunday tadbirlarda oshxonalarga ishtirokchilar asosan yo‘l-yo‘lakay, tasodifan qatnashgan bo‘lsa, hozir boshqa shaharlardan kelib, g‘olib bo‘lish, ijtimoiy tarmoq “yulduzi”ga aylanish orzusidagilar oqib kelmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolarda ko‘pincha oshxona egalari mijozlari sonini oshirish maqsadida g‘olibni taqdirlash jarayonini tantanali tashkil etadi. Biroq ular bu bilan cheklanib qolmaydi - yangi, yanada “qudratli” ishtirokchilarni chorlash orqali raqobat muhitini kuchaytirishga harakat qiladi. Agar shunday turdagi “mechkaylik” musobaqalari ommalashaversa, ularning g‘oliblari qahramon sifatida targ‘ib etilsa, tabiiyki, ularga taqlid qiluvchilar soni ortib boraveradi.

Ammo o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Bu “chempionat”lar ortida nimalar yotibdi? Kim aslida g‘olib — insonmi yoki nafs? Aslida bunday musobaqalarda inson nafsining g‘alabasi namoyon bo‘ladi. Qatnashchi ovqatni emas, aksincha, ortiqcha ovqat uning sog‘lig‘ini, umrini yeyishi mumkin. Ovqatlanishdan qornimiz emas, ko‘nglimiz to‘lsin.

Shuhrat Normurodov.