Murojaatnoma — har bir mahalla uchun amaliy qo‘llanma

Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi muhim siyosiy-ijtimoiy ahamiyatga ega hujjat. Unda mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari, islohotlarning yangi bosqichlari, xalq farovonligini oshirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilab beriladi.

Ana shu Murojaatnoma mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, uning ahamiyatini tushuntirish maqsadida joylarda turli ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Shu kabi tadbirlardan biri Samarqand shahridagi Charmgari mahallasida tashkil etildi. “Murojaatnoma – islohotlarimizning dasturamali” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Nargiza Abdullayeva, mahalla yettiligi a’zolari, faollar va nuroniylar ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida N.Abdullayeva Prezident Murojaatnomasining mazmun-mohiyati haqida atroflicha to‘xtaldi. Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi mahalla institutini qo‘llab-quvvatlashda mutlaqo yangi bosqich boshlanayotganidan dalolat ekanini ta’kidladi. Bu esa mahallalarni mamlakat taraqqiyotining muhim bo‘g‘ini sifatida yanada mustahkamlash, ularning imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Murojaatnomada mahallalar infratuzilmasini tubdan yangilash, aholining turmush sharoitini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda ijtimoiy himoyani kuchaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgani alohida qayd etildi. Bu vazifalarning izchil ijrosi mahallalarda yashovchi aholining farovonligini oshirish, ijtimoiy muammolarni joyida hal etish imkoniyatini kengaytiradi.

Davra suhbati jarayonida mahallalarda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, fuqarolarning faolligini oshirish, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar. Nuroniylar o‘z taklif va mulohazalarini bildirib, Murojaatnomada belgilangan vazifalarni amalga oshirishda har bir fuqaro faol ishtirok etishi lozimligi ta’kidlandi.

Tadbir yakunida Murojaatnoma mamlakatimiz taraqqiyotining mustahkam poydevori ekani, u mahallalar hayotini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi aytildi. Bunday davra suhbatlari aholining siyosiy-huquqiy ongini oshirish, islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.