Bor tarixni nega ko‘rsatolmaymiz?
Tarixiy ajdodlarimiz, buyuk bobokalonlarimiz haqida ko‘p gapiramiz. Zotan, ularning faxrlanishga arzigulik ibrati bor. Ammo ularning hayotini targ‘ib etish va o‘rganishda judayam orqadamiz. Masalan, Alisher Navoiy haqida o‘tgan asrda olingan bitta film va videofilm bilan cheklanganmiz, ular ham o‘sha davr mafkuraviy nuqtai nazaridan olingan. Ya’ni, aslida saltanat ishlarini yoqtirmagan ulug‘ shoir oblast hokimiday ko‘rsatib qo‘yilgan. Vaholanki, Navoiyning buyukligi nimada degan savolga javob beradigan kino yaratish fursati allaqachon yetgan.
Xuddi shuningdek, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi haqida ham pichoqqa ilinadigan hech narsamiz yo‘q. Gollivudning mashhur aktyori Mel Gibson o‘ynagan “Sheryurak” kabi odamni titratib yuboradigan kinolar bizda ham olinarmikan, deb o‘ylab qolasan, kishi.
Turkiya bilan hamkorlikda ishlangan Jaloliddin Manguberdi serialimiz tomoshabinni o‘ziga tortolmadi. Manguberdi haqida gap ketarkan, Xitoy va Mo‘g‘uliston kino ijodkorlari tomonidan 2004 yilda ishlangan “Chingizxon” nomli 30 qismdan iborat serialni aytgim keladi. Albatta, har bir davlat o‘z manfaatidan kelib chiqib, tarixiy voqealarni istagancha o‘zgartiradi, ammo mana shu serialda Manguberdining jasoratini, xorazmshohlarning tanazzulini mohirlik va xolislik bilan ko‘rsatib berishgan. Shuning uchun ham bu kinoni qayta-qayta ko‘rsa arziydi. Ko‘rish va o‘rganish kerak.
Turklar Amir Temurning yuzdan bir ishini ham qilolmagan Sulton Sulaymon haqida serial ishlab, butun dunyoni ekranga mixladi. Biz esa bor tariximizni ko‘rsatolmaymiz.
Bir so‘z bilan aytganda, ekranlarimizni qaynona kelin mavzusiyu faxsh targ‘ibotidan tozalashimiz kerak. Chin ma’noda kitob ko‘rgan, o‘qigan va uqqan, o‘zbekcha fikrlaydigan rejissyorlar va ssenariychilarga juda katta ehtiyojimiz bor.
Maqsud Jonixonov.