G‘urur

- Hurmatli yo‘lovchilar! Samolyotimiz O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahriga, Islom Karimov nomli aeroportga qo‘nyapti...

Ba’zan qog‘ozga qarab chaynalib o‘qigan styuardessaning bu ma’lumotiga hamma ko‘nikib qolgan, hatto ayrimlarga matni yod bo‘lib ketgan. Biroq bu e’londan so‘ng salondagi yo‘lovchilarning har birida alohida fikr, tuyg‘u uyg‘onadi, yashirib nima qilamiz, uni oxirigacha eshitmaydiganlar ham topiladi, negaki har ko‘ngilda har xayol.

Xitoydan, bir haftalik press-turdan qaytishda men ham, safardoshlarim ham bu holatni boshdan kechirdik. Samolyotga minishdan oldin qandli diabeti bor taniqli sharhlovchi, "Xalq so‘zi" gazetasi xodimi Abduvali Sohibnazarovdan ahvol so‘rayman: "Bosh og‘rimayaptimi?". U esa xushkayfiyatda javob beradi: "Shukr, yo‘lda uxlaganimdanmi yoki Vatan yeri qo‘lladimi, bilmadim, ruhim yengil tortdi, lanjligim yo‘qoldi".

Boshqa sheriklarimga ham nazar solaman: hammasi xursand, allaqachon ertaning tashvishi bilan band. Chunki ular o‘z yeriga, o‘z makoniga yetib kelganini his qildilar. Garchi xorijda hurmat ko‘rsatishgan ersa-da, zinapoyadan tushgandan keyin shu zamin erkalashini tuydilar. O‘zlari bilmagan holda gaplari ham dadil bo‘lib qoldi.

Birga kelgan mehmonlarga nazar tashlayman: hammasi o‘z tashvishi bilan band, kimdir jomadonini avaylasa, kimdir kutib oluvchini axtaradi...

Men ham xursandman, charchoqlarim tarqagan, yarim tun bo‘lsa-da, uyqu qochgan. Yo‘q, bu shunchaki xursandchilik emas. Bu holat tasodifan tanga topib olgan yoki lotoreyasiga yutuq chiqqan kishining shodligi emas. Bu holat usta Tosh bobomning "Bolam, bu oddiy tuproq emas, ketmon ursang, suv bersang, oltin beradigan dala" deganlari, Sharofat momomning "Ertak aytolmagan o‘zbek o‘zbek bo‘lmaydi, bolam" yoki padari buzrukvorim Ishoq muallimning "O‘g‘lim, el Sizga emas, Siz elga qo‘shilishingiz kerak", degan o‘gitlarini yodimga soladi.

Negaki, bu holat jarayonida o‘zingizda  g‘urur bilan barobar kuch-g‘ayrat ham sezasiz, hamma ishni qila olishingizga ishonasiz. Bu kuch va ishonchni Sizga Vatan tuyg‘usi beradi. Beixtiyor unga munosib bo‘lishni istaysiz, Sizning o‘z burchingizni bajarishingiz Vatan ravnaqiga hissa ekanini tushunib yetasiz.

To‘g‘ri, aslida bu holat gap, fikr yoinki voqea ta’sirida paydo bo‘lmaydi. Kamina samolyot styuardessasi  e’loni bahonasida ko‘ngil kechinmalarimni aytdim, xolos.

Bu holatning ildizi chuqur. Ko‘plarning chehrasi va so‘zida ravshan aks etmasa-da, Vatanga muhabbatini nigohlari, harakatlari, hatto oddiy turishlari ifoda etadi.

Misol uchun, "Shinjondagi yashillik, ona tabiatga bo‘lgan mehr, yerning har qarichidan unumli foydalanish, daraxt va mevali bog‘larni barpo etish hamda hududning yashillik fauna va florasini jiddiy asrash borasidagi tajribasini yurtimizda yanada ommalashtirish kerak", deydi kuyinib MTRKning "O‘zbekiston-24" teleradiokanali bo‘lim boshlig‘i Olim Qodirov.

Shuningdek, hududdagi sayyohlik qishloqlariga borganimizda mahalliy aholi turmush tarzi va milliy an’analar namoyishiga moslashgan xonadonlarni ko‘rganimizda "Bizdagi kabi qilishibdi", dedi. Men "Bizlar ulardagi kabi emasmi?",  dedim hazillashib. U O‘zbekistonda sayyohlik qishloqlarida odamlar yashab turgani, mehmonlar jonli hayotni ko‘rishini aytdi. U O‘zbekistonda sayyohlik qishloqlarida odamlar yashab turgani, mehmonlar jonli hayotni ko‘rishini aytdi. Bu yerda esa yashovchilar mehmon kelishiga qarab hovlisiga kelisharkan, boshqa paytda ular tog‘ bag‘rida dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanar ekan.

Albatta, o‘rganadigan narsalar ham yo‘q emas. Misol uchun, tomchilatib sug‘orishda adirlarga yoyilib ketgan maydonlardagi tajriba maqtovga loyiq. Ammo buni ham "Paxtachi" gazetasi muharriri Sanjar Qurbonov o‘ziga xos sharhladi:

- Bu ishni boshlaganimizga ancha bo‘ldi. Davlat tomchilatib sug‘orish bo‘yicha hamma ishni qo‘llab-quvvatlayapti va rag‘batlantiryapti. Ariq va boshqa suv yo‘llari betonlashtirilyapti.

"Renessans TV" bosh muharriri Jasur Abdurahmonov esa Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikistondan kelgan taniqli hamkasblarimizga mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati va raqamlashtirish jarayoni haqida misollar bilan gapirib berdi. Demoqchimanki, vakillarimiz muomalada ham, davr siyosatini tushunishda ham, eng muhimi xalqaro integratsiya masalasida ham o‘zlarini chinakam tafakkur egalari sifatida namoyon etishdi.

Abduvali esa bu harakatni zo‘r sharhladi:

- Biz davrni tushunishda, hamkorlik qilishda dunyo tan olayotgan Prezidentimizdan o‘rganyapmiz!

Darvoqe, guruhimizning eng yosh vakili, "Renessans TV" muxbiri Marjona Ramazonova garchi press-tur davomida ko‘proq kuzatuvchi bo‘lgan bo‘lsa-da, Toshkent aeroportida juda ma’nili xayrlashuv so‘zini aytdi:
- Men jurnalistlar bilan  xalqaro munosabat o‘rnatishda, jahondagi, mamlakatimizdagi voqeliklarga baho berishda ancha tajriba o‘rgandim, yurtimizdagi o‘zgarishlar ustuvorligini anglab yetdim, - dedi u. Ochig‘i, singlimizning hayotiy xulosasi ham menda faxr uyg‘otdi.

Xullas, Shinjondagi press-tur qiziqarli o‘tdi. Bu hududda istiqomat qiluvchi millat va elatlar taraqqiyoti yo‘lida Xitoy davlati tomonidan qilinayotgan ibratli ishlarni ko‘rish barobarida biz o‘z diyorimizda bunday siyosat an’anaviy ekanligidan faxrlanib qaytdik. O‘zbekistonning dunyodagi eng tinch va xavfsiz davlatlar ro‘yxatiga kirgani fikrimizning yorqin isbotidir.

Farmon TOShEV.

***

P/S: Ushbu maqola safar tugashi bilan, aniqrog‘i, Toshkentdan Samarqandga kelguncha, yo‘lda yozildi.