Mobil telefonga qaramlik: bolalarni nega bundan asramayapmiz?

Qo‘l telefonlarining inson salomatligiga, ayniqsa, yosh bolalarga qanchalik zarar ekanini bugun olimlar, soha mutaxassislari aytishmoqda. Yosh onalarni bu xavfdan ogohlantiryapti. Zamonaviy mobil telefonlar bolalar uchun o‘yinchoq yoki ovunish vositasi emasligi uqtirilyapti. Biroq, ko‘cha-kuyda holatning batamom aksiga duch kelyapmiz.

Taksida ketyapman. Yonimda ikki nafar yosh ona o‘tiribdi, birida ikki nafar, ikkinchisida bir nafar go‘dak bor. Mashina biroz yurgach, onasi qo‘lida ketayotgan bir yashar bola injiqlik qila boshladi. Yosh ona tezda qo‘l telefonining ekranini ochib, bolaning qo‘liga berdi. Bola undagi multfilmga ozgina qaradi, so‘ngra qo‘lchasi bilan telefonni itarib tashlab, yana injiqlik qila boshladi. Bu holat bir necha bor takrorlangach: “Bolaga nega hadeb telefonni ko‘rsataverasiz, u buni xohlamayaptiku?”, dedim. Ayol: “Yo‘q, unday emas. Bolam o‘zining multfilmini ko‘rmoqchi bo‘lyapti. Ko‘chada wi-fi yo‘qligi uchun uning multfilmi chiqmayapti, telefonimdagi boshqa multfilmlarni bolam ko‘rishni istamayapti”, dedi.

Bir yashar bolaning har kuni qo‘l telefonida ko‘radigan sevimli multfilmi borligidan lol qoldim. “Bu hali go‘dakku, telefon bolaning ko‘z nuriga yomon ta’sir qilishini bilmaysizmi?” dedim. Ayol indamadi. Suhbatimizga quloq solib ketayotgan haydovchi: “Gapingizga qo‘shilaman, mening ham nevaram bor, telefonsiz turolmaydi. Telefon bilan tug‘ilgan, desam ham bo‘ladi. Shu paytgacha to‘qqizta telefonni sindirdi. Jim o‘tirsin deb yana telefon olib beraman. Lekin keyingi vaqtlarda televizorning yaqiniga borib ko‘rayotganidan sezyapmanki, ko‘zi uzoqni yaxshi ko‘rmayapti”, dedi.

Multfilm ko‘rishni xohlayotgan go‘dak yo‘l davomida yonidagi o‘zi tengi bolalar bilan ishi bo‘lmadi, xarxashasi ham tugamadi. Aslida hali gapira olmaydigan bolalar ham bir-biri bilan tez chiqishib ketadi, o‘zlari tushunadigan tilda gaplashadi. Ammo, mashinadagi bolalarda bunday holat bo‘lmadi. Bola halitdan tashqi olamdan uzilib, virtual olamga bog‘lanib qolganiga rosa achindim. Afsuski, bunday bolalar atrofimizda juda ko‘p.

Yaqinda yozuvlarni yaxshi o‘qiy olmayotganimdan shikoyat qilib, ko‘z do‘xtiriga bordim.

- Xavfli tomoni yo‘q, yoshingizga yarasha ko‘rish qobiliyatingiz pasaygan, - dedi vrach.

Shu payt ota-ona lupali ko‘zoynak taqqan 7-8 yoshlardagi bolasini yetaklab keldi. Do‘xtir bolaning ko‘zlarini tekshirib:

- Endi ko‘zing batamom tuzalib ketishi uchun bir kunda yarim soatdan ko‘p telefonga qaramaysan, - dedi.

- Yo‘q, yo‘q, umuman telefonga qaramaydi, o‘zim uyda nazorat qilyapman, - dedi ayol eridan hadiksirab.

Ayolning o‘zini tutishidan turmush o‘rtog‘idan rosa gap eshitgani sezilib turardi. Ammo, g‘isht qolipdan ko‘chgan, bolaning ko‘rish qobiliyati ancha pasayib ketgani shundoq ko‘rinib turibdi. Taksidagi multfilm ko‘rmoqchi bo‘lgan bolaning ham ota-onasi ertaga ko‘z do‘xtiriga murojaat qilishi tayin. Davolangani bilan bola bir umr ko‘rish qobiliyatining pastligidan qiynalishi, vaqtida e’tibor bermagani uchun ota-onasidan norozi bo‘lishi mumkin.

Mobil telefon 7 yoshgacha bolalarga umuman mumkin emas

- Keyingi vaqtlarda bolalarda g‘ilaylik va miopiya (uzoqni ko‘rolmaslik)   ko‘proq uchrayapti, - deydi Samarqand davlat tibbiyot universitetining oftalmologiya kafedrasi assistenti Feruza Hamidova. – Bu kasalliklar aynan telefon, planshet, kompyuter ekranlarida ko‘p o‘tirishdan kelib chiqyapti. Aslida mobil telefon 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarga mumkin emas. 7 yoshdan bola bir kunda yarim soat, 12-14 yoshli bolalar esa bir soatdan ortiq telefon, planshet, kompyuterdan foydalanmasligi kerak. Katta yoshdagilar har yarim soatda 5-10 minutga kompyuter ekranidan uzoqlashishi talab etiladi.

Zamonaviy gadjetlardan ko‘p foydalanish oqibatida odamlarda quruq ko‘z sindromi kasalligi ham uchrayapti. Masalan, telefonda biror narsani tomosha qilib o‘tirgan odam 1 minutda 3-4 marta mijja qoqadi. Aslida normada 1 minutda 18 marta mijja qoqishi kerak. Quruq ko‘z sindromida ko‘z yoshlanishi, qum tiqilganday bo‘lishi, yot jism hissi, ertalab turganda ko‘z quruq bo‘lishi, ko‘zning toliqishi kabi belgilar kuzatiladi.

Ba’zilar kompyuter uchun maxsus ko‘zoynaklar ko‘zning ko‘rish qobiliyatini asraydi, deb hisoblaydi. Haqiqatda bu noto‘g‘ri fikr. Maxsus ko‘zoynaklar ekrandagi ma’lum nurlarni qaytara oladi, ammo ko‘rish qobiliyatining pasayishini qaytara olmaydi. Yuqorida aytganimdek, katta yoshdagi odamlar ham har yarim soatda ekrandan uzoqlashishi lozim.

Shuningdek, bizga ko‘plab abituriyentlar, maktab o‘quvchilari ko‘rish qobiliyatining pasayayotganidan shikoyat qilib kelyapti. Surishtirib ko‘rsak, ular ko‘pincha uyga vazifani telefonda bajaradi. Ba’zi o‘qituvchilar o‘qish uchun bolalarga uyga vazifani kitobdan emas, telefonda beradi. Bola uyga vazifani telefonda o‘qiydi, ko‘p vaqtini ekranga tikilib o‘tkazadi. O‘qituvchilardan bolalarga faqat kitobdan vazifa va topshiriqlar berishini iltimos qilgan bo‘lardim. 

Ko‘rish qobiliyati pasayib ketgan bolalar shifokor muolajasidan keyin ham yuqoridagi normalarga amal qilmasa, yana ko‘zi avvalgidek xiralashadi. Shuning uchun kasallikni davolashdan oldin uni keltirib chiqaruvchi omillardan chetlashish kerak.

Ixtisoslashgan maktab o‘quvchilariga telefon taqiqlangan, umumta’lim maktablariga-chi?

Yaqinda ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘quvchisi bilan gaplashib qoldim. Uning aytishicha, maktab-internatda faqat ertalab yarim soatga ota-onasi bilan gaplashish uchun o‘quvchilarga qo‘l telefonlari beriladi. Kunning qolgan vaqtida o‘quvchilar telefonlarini maktab xodimlariga topshiradi.

Ixtisoslashtirilgan maktab-internatda darslar soat 16:00 gacha davom etadi. Darsdan keyin to‘garaklar boshlanadi. O‘quvchilar o‘zlari yoqtirgan fanlar bo‘yicha to‘garaklarga qatnashadi. Kechki ovqatdan so‘ng dars tayyorlashadi. Albatta, uyga vazifalarni kitobdan o‘qishadi, telefondan emas. Shuningdek, bolalarga bir kunda besh mahal bepul ovqat beriladi.

- Haqiqatda ixtisoslashtirilgan maktabimizda qo‘l telefonlar taqiqlangan, - deydi Kattaqo‘rg‘on shahar ixtisoslashtirilgan maktabi direktori Javlon Abdullayev. – Har bir sinfning telefon saqlaydigan qutisi bor. O‘quvchilar maktabga kelgach, o‘sha qutiga qo‘l telefonini soladi. Darslar tugaganidan keyin o‘quvchilarning mobil telefonlari qaytarib beriladi. O‘quvchilarga telefonda bajarish uchun uyga vazifa berilmaydi. Ular iloji boricha uy ishlarini ham darsdan keyin maktabning o‘zida tayyorlashadi. Shuning uchun ham yutuqlarimiz bilan bemalol faxrlana olamiz. 2023-2024 o‘quv yilida maktabni 21 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, ulardan 17 nafari davlat, 4 nafari xorijiy oliy ta’lim muassasalarining talabasi bo‘ldi. O‘quvchilarning o‘rtacha kirish ballariga nisbatan shahar maktablari o‘rtasida 1-o‘rin, viloyatdagi 1200 dan ortiq maktab ichida 10-o‘rinni egalladi.

Ixtisoslashtirilgan maktablarda joriy etilgan bunday tartib afsuski umumiy o‘rta ta’lim maktablarida qo‘llanilmayapti. Ayrim ota-onalardan farzandi dars tayyorlashi uchun qo‘l telefoni olib berganini eshitib qolyapmiz. Xo‘sh, nega umumta’lim maktablarida uyga vazifalar darslikdan berilmaydi? Shundoq ham telefonga qaram bo‘lib borayotgan yosh avlodni fikrsizlik, ko‘rish qobiliyatining susayishi kabi dardlardan qutqarish vaqti kelmadimi?

Xurshida ERNAZAROVA.