Yonimizdagi soxta mehribonlar

«Odamlarda oqibat qolmadi», «Falonchi bunaqa ekan», «Uyni, mashinani o‘zining puliga olmagani aniq»,  «Sen haqingda shu­naqa dedi»…

Oramizda o‘zgalarni yomonlab, o‘zining «qimmatli» maslahati bilan jar yoqasiga yetaklaydigan odamlar kam emas.

Bu haqda yozishimga yaqinda o‘zim guvohi bo‘lgan voqea sabab bo‘ldi.

- Uka, yon qo‘shnim bilan uzoq yildan buyon bitta joyda turamiz, - deb gap boshladi bir kishi ishxonamga kelib. - O‘zi bor-yo‘g‘i taksi haydaydi. Lekin yaqinda dang‘illama to‘y qildi, yangi mashina, uy sotib oldi. Rosti, qo‘shnim buncha narsaga birdaniga erishganiga ishonmayapman. Menimcha, u qandaydir ishga aralashgan yoki boyroq odamning qimmatroq narsasini o‘margan. Bo‘lmasa, taksichilik qilib birdaniga boyib ketish qiyin. Shuni bir ijtimoiy tarmoqqa chiqarsak, tegishli tashkilotlar o‘rganarmidi deyman-da. Faqat bu haqda men shikoyat qilganimni hech kim bilmasin. Mahallada gap-so‘z ko‘payadi.

- Aka, qo‘shningiz bilan ke­lishmay qolganmisiz?

- Yo‘q.

 - Sizga og‘irligi tushyaptimi yoki ziyoni tegyaptimi?

- Yo‘q.

- Gumon qilyapsiz, biror nojo‘ya ishidan aniq xabar topdingizmi?

- Yo‘q.

- Unda nega qo‘shningizdan shikoyat qilyapsiz?

- Har ehtimolga qarshi tekshirish kerak deyapman, uka.

Murojaatchining gap-so‘zi, xatti-harakatidan maqsadini tushundim...

– Biz murojaatni murojaatchi­ning ism-familiyasi bilan chiqara­miz, - dedim. - Bordiyu, biror tashkilot yoki shaxs haqida yolg‘on ma’lumot bersangiz yoki tuhmat qilsangiz, qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilasiz. Jinoyat, huquqbuzarlik yoki qonunbuzilish holatlari haqida huquqni muhofaza qilish organlari­ga murojaat qilishingiz mumkin.

Murojaatchi indamay xonamdan chiqib ketdi.

Go‘yoki odamlar salbiy tomonga o‘zgarib ketyapti-yu, bu toifadagilarning o‘zi yaxshiligicha qolgan. Faqat ular bilag‘on, to‘g‘ri yo‘lda yuradi, boshqalar esa «egri», hali uning «darajasi»ga yetmagan. Bunday kishilarni jamiyatda, jumladan, har qanday jamoada, do‘stlar, hamkasblar va hatto yaqinlar orasida ham uchratish mumkin. Ularni "Yonimizdagi soxta mehribonlar", deb qo‘ya qoldim.

Oramizda yana bir toifa odamlar borki, mansab yoki amal tegdimi, darrov burni osmonda bo‘ladi. "Albatta, bu tabiiy hol, amal insonni o‘zgartiradi", deyishingiz mumkin. Biroq bu odamlarning ustidan kulish, boshqalarni mensimaslik yoki ulardan zo‘r ekanligini ko‘rsatish kerak, degani emas. Bu shuhratparastlik ham deyiladi. Har bir insonning o‘z yo‘li, qarashlari, xarakteri bo‘ladi. Dinimizda musulmon odam boshqa bir musulmondan o‘zini ustun qo‘yib, mensimasligi, masxara qilishi, uni ayirishi, ayniqsa, kamchiligini yuziga solishi qattiq qoralangan.

Bir to‘yda uzoq yillik ta­nishimni uchratib qoldim. Yuqoriroq tashkilotda ish boshlabdiyu, odamgarchilik­ni unutibdi. Boshqalarni oyoq uchida ko‘rsatyapti, suhbatdoshlari ustidan kulib, nuqul kamsitgani-kamsitgan. Ha, yana o‘ziga o‘xshagan bir-ikkita kekkaygan oshnasini yoniga olib, g‘iybat qilishini, yon-atrofdagilarga o‘zini «aqlli» ko‘rsatishini, qilgan ishlari bilan maqtanishini aytmasa ham bo‘ladi. O‘ziga bino qo‘ygan o‘sha «aqlli»ning xatti-harakati, o‘zini tutishi to‘yda men qatori ko‘pchilik­ning kayfiyatini buzdi.  «Kim bo‘lsa ham, qayerda ishlasa ham, avvalo, hurmatini bilsin, boshqalarni ham hurmat qilishni o‘rgansin. Zo‘r bo‘lsa, o‘ziga…», deya  qizishib, jag‘iga musht tushirmoqchi bo‘lganlar ham topildi. Ammo bunaqalarga teng bo‘lishning o‘zi ahmoqlik.

Insonning mol-dunyo, obro‘ va mansabga ega bo‘lgani yaxshi, albatta. Ammo shunga yarasha tarbiyasi va xulqi ham go‘zal bo‘lishi kerak. Bu xususda algebra fanining asoschisi, buyuk bobomiz Al-Xorazmiyning ajoyib tenglamasi bor. Agar inson yaxshi xulq sohibi bo‘lsa, u 1 ga teng. Agar inson husn sohibi bo‘lsa, birning yoniga nolni qo‘sh = 10 bo‘ladi. Agar inson boy bo‘lsa, yana bir nolni qo‘sh = 100 bo‘ladi. Agar nasl-nasabli bo‘lsa, yana bir nolni qo‘sh = 1000 bo‘ladi. Agar 1 raqami, ya’ni xulqi yo‘q bo‘lsa, insonning qiymati yo‘qqa chiqib, nollarning o‘zi qoladi = 000.

Xulosa shuki, «1»imizni yo‘qotib qo‘ymaylik, yo‘qsa, hamma qilganlarimiz «0» ga teng bo‘lib, jamiyatdagi o‘rnimiz ham yo‘qoladi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.