Kambag‘allikdan chiqish: Farovonlikka aql va bilim bilan erishiladi

Bir paytlar yer sayyorasining farovonlik nuqtasi bo‘lgan qadimgi Rimning 55 millionlik aholisining 60 foizidan ko‘prog‘i qashshoq yashagan. Ular mutlaq kambag‘allikda kun kechirgan odamlar bo‘lib, biologik tirik qolishni ta’minlaydigan minimal ehtiyojlarnigina zo‘rg‘a qondirish imkoniga ega edi.

Asrlar osha kambag‘allik tushunchasi, me’yorlari ma’lum jamiyatdagi umumiy hayot standartlari asosida o‘zgarib bordi. Bugun kambag‘allik me’yorining asosi, moddiy-maishiy ta’minoti ko‘rsatkichlari, oilaviy daromad yoki iste’mol xarajatlarining minimal miqdori ko‘rinishida namoyon bo‘lmoqda.

Sir emas, kambag‘allik mavzusi yillar davomida O‘zbekistonda mavhum sanalar edi. Ammo har qanday ishning yechimida, unga to‘g‘ri yondashish, muammoni hal etish uchun esa uning borligini tan olish lozim. Yillar davomida yopiq mavzu bo‘lib kelgan, “kam ta’minlangan”, “ehtiyojmand” kabi jumlalar bilan o‘ziga xos tarzda ifodalangan bu jumla, ilk bor Shavkat Mirziyoyev tomonidan ochiq-oydin qayd etildi. Bugun kambag‘allikdan chiqishgina emas, balki farovonlik sari yetaklayotgan harakat - xalqona islohotlarning bardavomligi sanalgan yangi tashabbus, avvalo, oddiy odamlar qalbida muayyan yangilanishlarga, yashash va turmush tarzini butunlay o‘zgartirib yuborishiga asos bo‘lmoqda. Bugun kim kelarkan deb, oyna ortidan umidvor tikilganlarga kami ko‘stini so‘rab, kunda-kunora eshigidan tuman rahbarlari, tashkilot vakillari kelib so‘rab tursa, ularning umidsiz mudroq qalbida daxldorlik hissini, kelajakka ishonchini orttirib, ijobiy harakatga undashi aniq.

Yuksalayotgan inson qadri

Kambag‘allik, avvalo, bu qatlam mavjudligining tan olinishi sohaga yondashishning dastlabki burilish nuqtasi bo‘ldi. 2020 yilda bu katta ish boshlanganida, 23 foiz aholi daromadi kambag‘allik chegarasiga yetmasdi. Ish boshidan aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun davlat tomonidan bir necha dasturlar asosida imtiyozli kreditlar ajratildi, subsidiya berila boshlandi, mehnat qilaman, degan oilalarga yer berildi. Qo‘lida hunari yo‘q kishilarga avval kasb-hunar o‘rgatilib, ish bilan ta’minlandi. Ko‘rilgan choralar natijasida O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 2022 yil boshida 17 foizni tashkil etdi, 2024 yilga kelib 11 foizga tushdi. 2030 yilga qadar esa ushbu ko‘rsatkichni keskin qisqartirish reja qilingan. 

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 25-moddasida “Har bir inson o‘zi hamda oilasining salomatligi va farovonligini ta’minlash uchun zarur turmush darajasiga ega bo‘lish, jumladan, kiyim-kechak, oziq-ovqat, tibbiy xizmat va zarur ijtimoiy xizmatga ega bo‘lishga hamda ishsizlik, kasallik, nogironlik, bevalik, qarilik yoki unga bog‘liq bo‘lmagan sharoitlarga ko‘ra tirikchilik uchun mablag‘ bo‘lmay qolgan boshqa holatlarda ta’minlanish huquqiga ega”, deb belgilangan.

Shunga ko‘ra, kambag‘allik darajasi o‘lchovi, uning chegarasini asosiy tovar va xizmatlar (oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, turar-joy haqini to‘lash, suv bilan ta’minlash, elektr energiyasi, maktab ta’limi, tibbiy xizmat) uchun zarur bo‘lgan daromadlar sifatida belgilangan.

Boshqacha qaralganda, aholining farovonlik indeksi; ularning moddiy, ma’naviy ehtiyojlarini qondirish jarayonlarini ifodalovchi ko‘p qirrali, murakkab ijtimoiy-iqtisodiy kategoriyalarda namoyon bo‘lmoqda. Aholining turmush darajasi, daromadlari, xarajatlari, iste’mol darajasi va uning tarkibi, uy-joy bilan ta’minlanganligi va boshqa shu kabi orzu havaslarini qamrab oladi.

Bu bor gap. “Ovqat ishtaha vaqti ochiladi”, deganlaridek, xarid salmog‘i ham hamyonning “cho‘g‘”iga qarab oshadi. Farovonlik asosi esa o‘zbekona orzu havaslar tasnifida, turfa sharoitlarda namoyon bo‘ladi. Shu bois aholi o‘rtasida, shubhasiz, orzu-havas borasidagi tafovut qisqarib bormoqda.

Buni o‘zbekona orzular ro‘yobi statistikasi misolida qiyoslab ko‘radigan bo‘lsak: O‘zbekistonda 2024 yilning 8 oyida 48 ming 55 ta yengil avtomobil import qilingan. Bu 48 mingta qorako‘zning darvozaxonasida yangi xorijiy avtoulov paydo bo‘lganini va ularning azaliy orzusi ushalganini ko‘rsatadi. Ushbu orzumandlar soni esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8 ming 352 taga oshgan.

 Shuningdek, turmush farovonligi omillari hisoblangan maishiy texnika vositalari bilan ta’minlanganligi borasida, bugun 100 ta uy xo‘jaligida o‘rtacha kompyuter soni 69 tani tashkil etadi. Ma’lumot uchun, ushbu ko‘rsatkich 2010 yilda 12 tani, 2015 yilda 47 tani, 2020 yilda 60 tani tashkil etgan. Televizorlar esa 100 ta uy xo‘jaligiga 177 tani tashkil etadi. Xuddi shunday hisoblaganda konditsionerlar soni o‘rtacha 53 tani tashkil etadi va ushbu ko‘rsatkich: 2010 yilda 19 tani, 2015 yilda 32 tani, 2020 yilda 40 tani tashkil etgan. Shuningdek, ayollarning og‘irini yengil qiluvchi kir yuvish mashinasi soni o‘rtacha 97 tani tashkil etadi. Farovonlikning yana bir muhim omili sayohat va turizm hisoblanib, statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning yanvar-sentyabr oylarida jami 4,5 million nafar o‘zbekistonlik turistik maqsadlarda chet elga borgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 1,2 million nafarga yoki 35,8 foizga oshgan.

O‘z ovozi bilan o‘z ko‘chasini obod qilish imkoni

Aholi barcha qatlamlarining munosib hayot kechirishini ta’minlash borasida so‘nggi yillarda mamlakatimizda xalqchil soliq va byudjet siyosati yo‘lga qo‘yildi. Bu, eng avvalo, byudjet jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish, byudjet mablag‘larining sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan bir qator ishlarda o‘z aksini topmoqda. “Ochiq byudjet” portali, shu jumladan, “Tashabbusli byudjet”, “Mening yo‘lim”, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” loyihalarini shakllantirish, byudjet mablag‘larini aholi farovonligiga xizmat qiladigan loyihalarga ustuvor ravishda yo‘naltirish va ularning natijadorligini ta’minlash jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash mexanizmlari yanada takomillashtirildi. Natijada, bu loyihalar orqali aholi o‘z ovozi bilan o‘z mahallasini, o‘z makonini obod qilishi, infratuzilmasini yaxshilash imkoniga ega bo‘ldi.

Kambag‘allikdan pul emas, aql va bilim bilan chiqiladi

Iqtisodchilarning fikricha, kambag‘allikka qarshi pul bilan emas, aql va bilim bilan kurashish zarur. Shu maqsadda yoshlarga munosib ta’lim berish, ularning ilm-fanga bo‘lgan intilishlarini ro‘yobga chiqarish, maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, umuman, ta’lim jarayonlari sifatini tubdan yaxshilash ishlari olib borilmoqda. Ilgari oliygohlarga o‘qishga kirish juda qiyin edi. Kvotalar kam, qabul imtihonlarida turli muammolar bor edi. Bu masalalar hisobga olinib, oliy ta’limga qabul kvotasi yildan-yilga oshirilmoqda. Xususan, o‘tgan davrda oliy ta’limga ajratilgan davlat grantlari soni oshirilib, ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat grantlari soni ikki baravarga oshirildi. Birgina Samarqand viloyati misolida ko‘rsak, 2010 yilda oliy ta’lim muassasalari 6 ta bo‘lib, ularda 23 ming talaba tahsil olgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib 15 ta ta’lim muassasasida 90 ming 588 nafar talaba-yoshlarning orzusi ro‘yobga chiqib, oliy ta’limdan bahra olmoqda.

Uzluksiz ta’lim ijodiy, ijtimoiy faol hamda ma’naviy boy shaxsni shakllantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi. Uzluksiz ta’limning yagona tizimida esa maktabga tayyorgarlik muhim o‘rin tutadi. Avvallari faqat shahar joylarda ishlaydigan onalar farzandlari maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan bo‘lsa, bugun tarmoqda kengayish hisobiga qamrov darajasi keskin oshgan. Bu borada Samarqandda 2010 yilda 574 ta bog‘cha faoliyat yuritib, tarbiyalanuvchilar soni 45 ming 298 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bugun ko‘plab nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari ochilishi hisobiga viloyatda 4 ming 285 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 251 ming 130 nafar baxtiyor bolajonni o‘z bahriga olgan.

Aholi turmush darajasini baholashda uning yashash sharoiti va standartlari, aholining obod va zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlangani eng muhim omillaridan biri hisoblanadi. Barcha hududlarda uy-joylar qurish sur’ati va ko‘lami yil sayin kengaymoqda. Bu borada viloyatda 2010 yil 524 ming 236 ta (kvartira) uy-joylar mavjud bo‘lgan bo‘lsa, oxirgi ma’lumotga ko‘ra, aholini uy-joy bilan ta’minlash va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga qaratilgan samarali islohotlar natijasida, (kvartiralar) uy-joylar soni 841 ming 896 taga yetgan.

Dasturxonlarimiz to‘kin

Keyingi yillarda jon boshiga to‘g‘ri keladigan eng muhim oziq-ovqat tovarlari bo‘yicha iste’mol hajmi, sarf-xarajatlar miqdori ham sezilarli ravishda ko‘paymoqda. Aholi soniga nisbatan ularning daromadlari yuqori sur’atlar bilan ko‘payganligi sababli mahsulotlar serobligi ta’minlanib, narx-navo barqarorligiga erishilib, ularning go‘sht, sut mahsulotlari, mevalar iste’moliga xarid darajasi oshib bormoqda.

Bu borada Samarqandda 2024 yilda viloyatdagi barcha toifadagi xo‘jaliklarda 151 ming tonna go‘sht, 690 ming tonna sut, 525,9 million dona tuxum ishlab chiqarilib, aholi dasturxoniga yetkazib berilgan.

Albatta, yuqorida ta’kidlaganimiz, tarixdan ham, butunjahon amaliyotidan ham ma’lumki, birgina iqtisodiy vositalar asnosida kambag‘allik bilan kurashib bo‘lmaydi. Buning uchun davlat siyosati darajasidagi jiddiy sa’y-harakatlar kerak. Iqtisodiyotdagi yutuqlar va resurslar xalq orasida teng taqsimlansa va bundan aholining zaif qatlamlari ham bahramand bo‘lsa, kambag‘allik qisqaradi. Bugungi aholiga yer berilishi, subsidiyalar ajratilishi, kasbga o‘qitilishi, zamonaviy innovatsion uskunalar bilan ta’minlanishi, shuningdek, ularga yondosh infratuzilmalar yaratilishi kabi xalqchil islohotlar fonida, bu chora-tadbirlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini his etishimiz mumkin.

Shuhrat Normurodov.