Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida 11 kilogrammdan ortiq narkotik moddalar ashyoviy dalil sifatida olindi

Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi har qanday jamiyat uchun jiddiy muammo sanaladi.

Unga qarshi kurashish borasida Davlat xavfsizlik xizmati huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda muayyan ishlar olib boryapti.

Jumladan, Urgut tumanida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan shaxs belgilangan tartibni buzib, aylanma yo‘llar orqali Tojikiston Respublikasidan 8 kg 860 gr “opiy” moddasini kontrabanda yo‘li bilan mamlakatimiz hududiga olib o‘tmoqchi bo‘ldi. U “o‘zbek-tojik” davlat chegarasini qo‘riqlayotgan DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilarining to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, giyohvandlik vositasini tashlab, noma’lum tomonga qochadi. Ammo ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida og‘ufurush qo‘lga olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida Urgut tumanida yashovchi, yana bir shaxs uning jinoiy sherigi ekanligi aniqlanib, protsessual tartibda ushlandi.

Surxondaryo viloyatida qayd etilgan holatda esa Denov tumanida yashovchi, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tekshirilganda, uning yonida 31 gramm “opiy” moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Shundan so‘ng, u ajal og‘usini Denov tumanida istiqomat qiluvchi fuqarodan sotib olganligi aniqlanib, mazkur narkosavdogarning yashash xonadonidan ham 1 kg 483 gr “opiy” moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Xorazm viloyatida kuzatilgan holatda Gurlan tumanida yashovchi, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun ikki marotaba sudlangan shaxs 877 gramm “gashish” moddasini xaridorga 14 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositasi tojikistonlik narkokurerlar tomonidan yurtimizga aylanma yo‘llar orqali olib kelingan.

Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.