O‘zbekistonda ilk bor OAV vakillariga haykal qo‘yildi

Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, sobiq AOKA binosi oldida bugun ikki qiyofa qad rostladi: o‘zbek matbuotida ilk qadamlarni qo‘ygan ayol jurnalist Sobira Xoldorova va surat orqali tarixni yozgan ilk o‘zbek fotografi Xudoybergan Devonov.

Bu shunchaki haykal emas, bir zamonlar so‘zi uchun qamalgan insonlarga e’tirof ramzi.
Sobira Holdorova 1907 yilda Namanganning Chust shahrida, kambag‘al dehqon oilasida tug‘ilgan. U qalamni tanlagani uchun jazolanganlardan edi. 1937 yilda «burjua elementlar bilan aloqaga kirishgan, ogohlikni yo‘qotgan» degan ayblov bilan qamoqqa olindi. Qamoqdagi ochlik, suvsizlik va uyqusizlik uning tanasini emas, ruhini sindirgani aytiladi.
Xudoybergan Devonov esa 1879 yilda Xorazmda tug‘ilgan. U zamonni suratga olgani uchun «xalq dushmani»ga aylantirilgan. 1936 yilda qatag‘onlar avjiga chiqqan paytda hibsga olingan. 1938 yilda Yangiyo‘ldagi siyosiy mahbuslar lageriga jo‘natiladi va 1940 yilda o‘ldiriladi.