Bolangiz sog‘lom ovqatlanyaptimi?
Keyingi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda bolalarning ovqatdan zaharlanish holatlari haqida xabarlar paydo bo‘lyapti. Ko‘pincha bunday hodisalar maktab, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida uchramoqda.
Savol tug‘iladi, xo‘sh, nega avvallari bunday ko‘ngilsizliklar kuzatilmasdi? Yildan yilga odamlar orasida tibbiy madaniyat, tibbiy bilim va ko‘nikmalar oshmayaptimi?
- Bolalarning ovqatdan zaharlanish holati avvallari ham bo‘lardi, hozir ham bo‘lyapti, lekin ko‘paygani yo‘q, - deydi viloyat yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi infeksionist vrachi Nigina Ismati. – Faqat bunday hodisalar tarqalmasdi. Bugun ijtimoiy tarmoqlar ommalashgani bunday voqealardan xabardorlikni oshiryapti. Bolalar ko‘pincha ketchup, mayonezli yeguliklardan zaharlanadi. Shuningdek, sabzavotlarimiz ham avvalgidek tabiiy emas, har xil kimyoviy dorilar bilan yetrishtirilyapti. Bundan tashqari, keyingi paytlarda, afsuski, farosatsiz ota-onalar ko‘paygan. Qabulimga kelganlarning ba’zilari “Bolamni urishib qo‘ying, shokolad va koka-koladan boshqa yegulik yemaydi”, deydi. Ota-ona bolaga shu narsalarni sotib olib bermasa, bola qanday qilib bunday mahsulotlarga o‘rganib qoladi? Boshqa zararli mahsulotlarga ham ota-ona sabab bolalar o‘rganib qolyapti.
Ta’lim dargohlarida bolalarga qanday yeguliklar sotilyapti?
Bugungi kunda viloyatdagi 1266 ta umumta’lim maktablarida 784 ta oshxona va bufetlar faoliyat olib bormoqda. Ularda deyarli rangli, gazli ichimliklar, ketchup, mayonezli xotdog, gamburger kabi yeguliklar, hatto chipsi, kiriyeshki singari zararli mahsulotlar sotilmoqda. Xo‘sh, nima uchun maktab oshxonalarida bolalar uchun taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlari sotilyapti, degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy. Sababi, maktablardagi oshxonalar tadbirkorlarga auksion orqali berilgan. Tadbirkor maktab oshxonasini albatta daromad olish maqsadida olgan. Shuning uchun u bolalarning xohish-istagiga qarab oziq-ovqat mahsulotlari keltirib sotadi.
Bolalar yuqorida nomlari keltirilgan zararli mahsulotlarni yaxshi ko‘radi. Tadbirkor sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini bilsa-da, savdosi yurishi uchun taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlarini keltirib sotaveradi. Nega, ularni hech kim tekshirmaydimi, deyishingiz mumkin. Albatta, maktab va bog‘chalar shahar va tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlari tomonidan bir yilda bir marta tekshirib turiladi. Ammo, masalaning nozik jihati shundaki, tekshiruvdan oldin tadbirkorlar bu haqda xabardor qilinadi. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish maqsadida ularga keng imkoniyatlar berilgan. Shuningdek, istalgan paytda "SES" xodimlari maktab oshxonasini tekshira olmaydi. Qachonki Biznes-ombudsman tomonidan ruxsat berilsa, "SES" xodimlari maktab oshxonasini tekshirishi mumkin.
Ular ogohlantirish bilan kelsa-da, maktab oshxonasidagi kamchiliklar bartaraf etilayotgani yo‘q. Buni fakt va dalillardan ham bilishimiz mumkin.
"SES" qancha maktab oshxonasida kamchiliklar borligini aniqladi?
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi viloyat boshqarmasi 2024 yilda shahar va tuman SEO va JS bo‘limi bolalar va o‘smirlar gigiyenasi bo‘limi xodimlari Vazirlar Mahkamasining 2019 yildagi 352-sonli qaroriga asosan maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablarida tekshiruvlar olib borgan.
Albatta, bunday tekshiruvlar hududiy maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari bilan kelishilgan reja grafigiga asosan amalga oshirilgan.
O‘tgan yilning 12 oyi davomida 1266 ta umumta’lim maktablaridan 915 ta umumta’lim maktabida nazorat tekshiruvlari o‘tkazilgan. Joriy sanitariya nazorati olib borilgan maktablarning 569 tasida sanitariya qoida va me’yorlari buzilgani aniqlangan va kamchiliklar bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2012 yildagi 200-sonli buyrug‘iga asosan o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan 190 nafar xodim vaqtincha ishdan chetlatilgan. 26 ta umumta’lim maktabi oshxonasi yuqumli kasalliklar ko‘paygani va sanitariya talablariga javob bermaganligi sababli vaqtincha yopilgan.
2025 yilning 11 oyi davomida "SES" xodimlari tomonidan 2014 ta ob’yektda 1789 tasi reja asosida, 225 tasi rejadan tashqari nazorat o‘tkazilgan. Shundan 829 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 1062 ta umumta’lim maktabi, 2 ta Prezident ta’lim muassasalari agentligiga tegishli ixtisoslashtirilgan maktab, 2 ta IDUM, 7 ta maxsus maktab-internat, 6 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi, 43 ta professional ta’lim muassasasi, 30 ta musiqa maktabi, 31 ta sport maktablarida nazorat o‘tkazilgan.
Shunisi achinarliki, tekshirishlar davomida 1710 ta ob’yektda laboratoriya sinovlari olib borilgan bo‘lib, kimyoviy tahlildan 34 ming 811 ta namunadan 467 tasida, bakteriologik tahlillardan 16 ming 32 tasidan 643 tasida, parazitologiya tahlillaridan 209 ming 879 ta namunadan 2555 tasi talabga javob bermagan.
O‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida aniqlangan qonun buzilish holatlari bo‘yicha 1067 ta muassasa mas’ullariga nisbatan 2 346 662 000 so‘m miqdorda jarima chorasi qo‘llanilgan. Shundan hozircha 960 tasi, ya’ni 1 526 304 198 so‘m miqdori undirilgan. 28 ta muassasa oshxonasining ish faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan, tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan 551 nafar xodim vaqtincha ishdan chetlatilgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i, hududiy bo‘limlari va umumta’lim maktablari rahbarlariga 2021 yil 22 iyuldagi “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari” bo‘yicha topshiriq xatlar yuborilgan. Aniqrog‘i, 38 xil turdagi taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlarini maktab oshxonasida sotilishini to‘xtatish borasida ogohlantirilgan.
Aytgancha, maktab direktorlari taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlarini maktab oshxonasiga kiritmaslik huquqiga ega. Lekin ayrim direktorlar oshxona va bufetlarga o‘z qarindoshlarini joylashtirgani tufayli bu muammoning oldi olinmayapti.
Bola sog‘lom ovqatlanish qoidasini biladimi?
Bugun bolalarning aksariyati sog‘lom ovqatlanish tartibini bilmaydi. Buning uchun, avvalo, ota-onada sog‘lom ovqatlanish nima ekani haqida tushuncha bo‘lishi lozim. Ba’zida ko‘cha-ko‘yda yosh bolalarga rangli ichimliklar yoki chipsi kabi qotirilgan zararli mahsulotlarni sotib olib berayotgan ota-onalarga duch kelamiz. Bu nimadan darak? Bu, ota-onada sog‘lom ovqatlanish haqida tushuncha kamligini bildiradi.
Agar ota-ona bolaga yoshligidan to‘g‘ri va sog‘lom ovqatlanish tartibini o‘rgatsa, u kelgusida ko‘cha-kuyda yoki maktab bufetida sotilayotgan zararli mahsulotlarni sotib olmaydi.
Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarida umumta’lim muassasalarida ruxsat etilmaydigan oziq-ovqat mahsulotlari va taomlari ro‘yxati keltirilgan. Masalan, go‘sht qo‘shilgan, mayonez, ketchup va orasiga sabzavotlar solingan non mahsulotlari (gamburger, chizburger va xot-doglar), sun’iy ta’m, hid beruvchi moddalar, bo‘yoqlar, aromatizatorlar qo‘shilgan qandolatchilik mahsulotlari, sun’iy konservantlari bor mahsulotlar (kiriyeshki, xrustyashki, chipslar), rangli va rangsiz gazlangan ichimliklar kabi 38 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari maktab oshxonalarida sotilmasligi kerak.
Bolaning sog‘lom o‘sib-ulg‘ayishi uchun, avvalo, oilada unga to‘g‘ri va sog‘lom ovqatlanish qoidasi o‘rgatilishi, shuningdek, maktab oshxona va bufetlarida taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlari sotilmasligi lozim. Buni har bir maktab direktori va tadbirkor vijdonan tushunsa va tartib-qoidaga amal qilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Xurshida ERNAZAROVA.