Iqtidor va bilim sinovi

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Samarqand filialida “Raqamli avlod qizlari” tanlovining viloyat bosqichi tashkil etildi.

Jamiyatda xotin-qizlar faolligini oshirish, ularning raqamli texnologiyalar borasidagi bilimlarini boyitish va bu borada yuqori natijalarga erishayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilayotgan tanlovda 125 nafar ishtirokchi 16 – 20 yosh va 21 – 30 yosh toifalari bo‘yicha bellashmoqda.

– Tanlovda “Testoria → AI Education Platform” loyihasi bilan qatnashyapman, – deydi Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 6-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Shukrona Fatullayeva. – Maqsadim innovatsion usullar orqali sifatli ta’lim berishdan iborat. Hech kimga sir emas, bugun yoshlar orasida xorijiy tillarni o‘rganishga qiziqish yuqori. Platformam o‘quvchilarga ingliz tilini o‘rganishda yordam berish uchun mo‘ljallangan. Bunda asosiy maqsad – har bir foydalanuvchiga shaxsiy yondashuv, zamonaviy texnologiyalar va samarali o‘quv materiallari orqali muvaffaqiyatga erishish imkoniyatini yaratishga qaratilgan. Loyihaning afzalligi - dastlab testlar orqali o‘rganuvchining bilim darajasi baholanib, uning darajasiga mos dastur tanlanadi. Keyin videodarslar, o‘yin mashg‘ulotlari orqali samarali o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Buni shaxsiy o‘qituvchi nazorat qilib, o‘rganuvchilarga zarur ko‘rsatmalarni berib boradi. O‘quv dastur yakunida o‘rganuvchilarga tegishli sertifikatlar beriladi. Loyiha yakuniy bosqichda. Tanlovda qanday natijaga erishishimdan qat’iy nazar loyihamni amalga oshirish bo‘yicha izlanishlarimni davom ettiraman.

Ishtirokchilarning tanlovga taqdim etgan loyihalari va ularning bu boradagi bilim-ko‘nikmalari malakali mutaxassislar tomonidan baholanmoqda.

Tanlov nizomiga ko‘ra, ikkala yosh toifasi bo‘yicha 1-, 2- va 3-o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi.