Yangi yildagi 5 kunlik ta’til oilaviy sayohatlar uchun foydali bo‘ldi

Yangi yil bayrami munosabati bilan yurtimizda berilgan 5 kunlik dam olish ta’tili aholi uchun mazmunli hordiq chiqarish, yurt bo‘ylab sayohat qilish hamda muqaddas qadamjolarni ziyorat etishga imkoniyat yaratdi.

Ayni kunlarda Samarqand shahridagi tarixiy obidalar mahalliy va xorijlik sayyohlar bilan gavjum. Jumladan, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va Amir Temur maqbarasida mamlakatimizning turli viloyatlaridan kelgan mehmonlar sayohat va ziyorat qilmoqda. Uzoq muddatli dam olish kunlari oilaviy sayohatlarni rejalashtirish, qariyalar va bolalar bilan birga tarixiy maskanlarga tashrif buyurish uchun ayni muddao bo‘lmoqda.

— Yoshim 76 da, — deydi qashqadaryolik Alisher Rabbanayev. — Keyingi yillarda bayramlar arafasida berilayotgan dam olish kunlarida farzandlarim meni sayohatga olib chiqishi an’anaga aylandi. Bu yil ham yangi yil munosabati bilan berilgan 5 kunlik dam olish ta’tilidan unumli foydalanib, farzandlarim va nevaralarim bilan Samarqandga keldik. Bu yerda ham sayohat qilyapmiz, ham ziyorat.

Boboning ta’kidlashicha, dam olish kunlaridagi bunday sayohatlar nafaqat oila a’zolari o‘rtasidagi mehr-oqibatni mustahkamlaydi, balki ishlaydigan yoshlar uchun ham ruhiy dam olish, yangi kuch va ilhom olish imkonini beradi. Qolaversa, qariyalarni zeriktirmaslik, ularning duosini olish maqsadida tashkil etilayotgan bunday sayohatlar savobli amallardan biridir.

Shu ma’noda, yangi yil bayrami munosabati bilan berilgan 5 kunlik ta’til yurtdoshlarimiz uchun mazmunli dam olish, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash hamda ichki turizmni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

To‘lqin Siddiqov.