Samarqandning ichki turizm imkoniyatlari namoyish etildi

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida Samarqand shahridagi Registon majmuasida «Ichki turizm yarmarkasi» tashkil etildi.

Ichki turizmni rivojlantirish, shu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan ko‘rgazma avvalida so‘zga chiqqan viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov yurtimizda joriy yilgi turizm mavsumi boshlangani, yarmarka davomida turizm sohasida hamkorlik o‘rnatish va yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishish, shuningdek, joriy yil Samarqandga kelayotgan xorijlik sayyohlar sonini 5 million, mahalliy sayyohlar sonini 7 million nafarga yetkazish rejalashtirilganini ta’kidladi.

Shundan so‘ng respublikamizning turli hududlaridan kelgan sayyohlik firmalari, turizm sohasida faoliyat yurituvchi turoperatorlar, turagentlar, joylashtirish vositalari (mehmonxona, hostel, mehmon uyi) vakillari ichki turizm bo‘yicha imkoniyatlarini namoyish etdi.

- Keyingi yillarda turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va tadbirkorlarga yaratilayotgan qulaylik sohada yangi loyihalarga qo‘l urishga undamoqda, - deydi “SITORA tour” turistik firmasi turoperatori Nigina Oltiboyeva. –  Kompaniyamiz dastlab 2017 yilda respublika bo‘ylab sayohatlar tashkil etgan bo‘lsa, endi 10 ga yaqin xorij mamlakatlariga ham sayohatlarni yo‘lga qo‘ydik. Shu bilan birga, xorijda yurtimizning sayyohlik salohiyatini namoyish qilib, Turkiya, Tailand, Hindiston, Malayziya, Isroil davlatlari bilan hamkorlik qilishga erishdik. Bugungi yarmarkada ham yurtimizdagi yirik sayyohlik firmalar bilan xorijiy turistik korxonalar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida kelishib oldik.

Yarmarka doirasida samarqandlik hunarmandlar tomonidan tayyorlangan milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi, milliy liboslar taqdimoti, «Chavqi» folklor-etnografik jamoasining chiqishlari namoyish etildi va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan tashakkurnoma, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.