Samarqandda sayyohlarga mehmon uylarida ovqatlanish tizimini taklif etuvchi onlayn platforma ishga tushirildi
Ichki turizmni rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida Samarqand shahridagi "Hunarmandlar markazi"da «Ichki turizm yarmarkasi» tashkil etildi.
Respublikamizning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan sayyohlik firmalari, turizm sohasida faoliyat yurituvchi turoperatorlar, turagentlar, joylashtirish vositalari (mehmonxona, hostel, mehmon uyi) vakillari ichki turizm bo‘yicha imkoniyatlarini namoyish etib, turizm sohasida hamkorlik o‘rnatish va yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.
- Kompaniyamiz 17 yildan buyon ichki va xalqaro turizm hamda transport yo‘nalishida xizmat ko‘rsatib kelmoqda, - deydi “Shaherezada sam star tour dissover” turistik kompaniyasi rahbari Tolib Jahongirov. – Yiliga besh ming nafar mahalliy va xorijlik sayyohlarni qabul qilamiz va joriy yilning o‘tgan davrida 2,5 mingdan ziyod turistga xizmat ko‘rsatdik. Keyingi yillarda turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va tadbirkorlarga yaratilayotgan qulaylik sohada yangi loyihalarga qo‘l urishga undamoqda. Xususan, yaqinda Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida umumiy ovqatlanish korxonalariga qo‘shimcha qiymat solig‘ining bir qismi tadbirkorga “keshbek” sifatida qaytarib berilishi aytildi. Bunda oylik aylanmasining 60 foizini naqd pulsiz amalga oshirgan korxonalarga QQSning 40 foizi to‘langan zahoti qaytariladi. Agar naqd pulsiz aylanma 60 foizdan kam bo‘lsa, “keshbek” 20 foiz bo‘ladi. Albatta, bu bizga ichki va xalqaro turizm yo‘nalishida yanada ko‘proq xizmat ko‘rsatish uchun imkoniyat bo‘lsa, sayyohlarning arzon narxda turpaketlarning xarid qilishlari uchun qulaylik yaratadi.
Keyingi yillarda Yaponiya, Angliya, Kanada va Fransiya mamlakatlarida tashkil etilgan yarmarka va xorijiy sayyohlik korxonalari rahbarlari bilan uchrashuvlarda yurtimizning sayyohlik salohiyatini namoyish qilib, hamkorlik aloqalarini o‘rnatib kelyapmiz. Bugungi yarmarkada ham yurtimizdagi yirik sayyohlik firmalar bilan xorijiy turistik korxonalar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida kelishib oldik.
Ko‘rgazmada sayyohlik firmalarining yangidan ishga tushirilgan startap loyihalari ham namoyish etildi. Jumladan, sayyohlarga mehmon uylarida ovqatlanish xizmatlarini taklif etish loyihasi Samarqandda ilk bor ishga tushirildi.
- 2021 yilda yurtimizga kelayotgan sayyohlarga qulaylik yaratish va ularga ovqatlanish xizmatini taklif etish maqsadida “Chayxana” loyihasini ishlab chiqqan edik, - deydi “Samarqand biznes loyihalashtirish” MChJ ish boshqaruvchisi Abduqodir O‘rinboyev. – Olti oy oldin loyihani soddalashtirish maqsadida sayyohlarga unikal ovqatlanish xizmatini taklif etuvchi onlayn platforma “EATEN.UZ”ga o‘zgartirdik va bu xizmat Samarqandda ilk bor ishga tushirildi. Dastlab 30 ga yaqin sayyoh o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazganimizda 25 nafari bu platformadan foydalanish qulay ekanligini ma’lum qildi. Bundan tashqari, sayyohlarning aksariyati ularni kafe yoki restoranlar emas, balki mehmon uylari qiziqtirishini bildirdi. Shularni hisobga olib, platformaga mehmon uylari, ularda tayyorlanadigan taomlar, sharoitlar haqida ma’lumot joylashtirdik.
Ushbu sayt mehmon uylari egalari uchun ham oson daromad topish uchun qulaylik yaratadi. Hozircha platformaga faqat Samarqand shahri va Urgut tumanidagi mashhur mehmon uylari haqida ma’lumot kiritilgan. Endi respublikamizdagi mehmon uylari haqida ham ma’lumotlarni joylashtirishni rejalashtiryapmiz va yurtimizga kelgan har bir sayyoh bu xizmatdan foydalanish uchun 15 dollardan 50 dollargacha sarflaydi.
Yarmarka doirasida samarqandlik hunarmandlar tomonidan tayyorlangan milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi ham namoyish etilib, faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.