100 yoshga kirishning siri
15 may – Xalqaro oila kuni
Samarqandlik yuz yoshli onaxonni atrof mahalla Katta aya deb chaqirishadi. Bu faqat u kishining yoshi bilan bog‘liq emas. Onaxon urushdan keyin oziq-ovqat tanqisligi butun mamlakatni qiynab turgan bir paytda atrofdagi o‘nlab xonadonlarning bolalarini emizib katta qilgan.
Onaxon hayoti bilan yaqindan tanishar ekanmiz, inson irodasi bunchalik katta matonatni qayerdan olar ekan, atrofdagilaringga mudom, 80, 90, ana boringki 100 yoshda ham yaxshilik sog‘inib yashash, yaxshilik ulashib yurish uchun qanchalik mehr kerak ekan, deb o‘ylab qoldim. Axir oramizda hali ellikka kirib-kirmay bu bevafo dunyoning tashvishlaridan nolib, hayratlarini so‘ndirib qo‘ygan odamlar kammi? Oltmishga yaqinlashib, odamlarga yaxshilik qildimu, lekin yaxshilik ko‘rmadim, deb savobu saxovatga etak siltab qo‘yganlar ozmunchami? Yuz yoshli onaxon, Samarqand shahri, Xo‘jasoat mahallasida istiqomat qiluvchi Muslima Karimova kelinlarini poshshoyim, qizlarini jonim deb chaqiradi, nevaralarini suyugim deb erkalaydi.
Sahar turganda baraka bo‘ladi
Onaxonning uyiga kirib borar ekanmiz, xonadondagi o‘ziga xos muhitdan hayron qoldik. Xuddi bayram nishonlanayotganday, farzandu, nevaralar xush kayfiyatda, Muslima onaxon o‘rtada o‘tirvolib, barchalarini nomma nom sanab duo qilib qo‘llarini ko‘targanlari ko‘targan. 70 yoshli onaxonlar ham onajonim, deb momoga erkalanganlarini ko‘rishning o‘zi bir zavqli. Hayratimni yashirolmay, biror sanani nishonlayapsizlarmi, deb so‘radim. “Shu yoshlarida onamizning duoda o‘tirishlari biz uchun bayramda” deya javob berdi farzandlar.
- Onam tabiatan shunaqa, shukrli, har bir kunini xursandchilik bilan o‘tkazadi, - deydi onaxoning qizlari, 70 yoshli Sayyora Mamedova. – Xursandchilik bilan deganim o‘yin-kulgu emas, balki yaxshi kayfiyat, kundalik ishlarni zavq bilan bajarishdir. Esimni tanibmanki, onamning bo‘sh o‘tirganlarini ko‘rmaganman. Hamma ishlari rejali va tartibli bo‘lardi. Bola paytimiz ertalab soat to‘rtda uyg‘onganlarini eslayman, hozir ham shunday. Sahar turib, ko‘chalarni supurishdan tortib, tomorqa ekinlariga qarash, bolalarga nimadir tayyorlab qo‘yish – hammasini muhayyo etardilar.
Onaxon turmush o‘rtog‘i Murod Roziqov bilan 11 nafar farzandni katta qilganlar. Bugungi kunda farzandlarining sakkiz nafari hayot, yuzdan ortiq nevara, chevara, evaralari yig‘ilsa bir uyga sig‘maydi.
Qo‘shnilar orasida devor bo‘lmagan
- Yoshligimizda qo‘ni-qo‘shnilar bilan oramizda devor bo‘lmasdi, ularning bolalari biznikiga, bizniki ularnikiga bemalol kirib-chiqib yurishardi, - deya yoshlik yillarini xotirlaydi onaxon. – Urushdan keyingi qiyin yillar edi, hamma qiynalib qolgandi, lekin o‘shandayam bir-birimizdan hech nimani ayamasdik. Qo‘shni tengdoshlarim hammasi zavod fabrikaga ishga chiqishga majbur bo‘ldi. Emizikli bolasiga o‘zim qarab turardim. Shularni bolasi och qolmasin, sut kelsin, deb nimadir yeyishga urinardim, lekin ko‘p narsa yeyolmasdik-da. Eyyy, bolam, nimasini aytasan, achchiq piyoz yeb o‘tgan kunlarimiz qancha edi. Xudoning marhamatini qarangki, odam astoydil istasa sut ham kelarkan. Qo‘shnilarning yigirmaga yaqin bolalarni shunaqa qilib katta qildim. O‘sha bolalarning nevaralari ham meni hozir katta aya deb chaqirishadi. Tomorqamizda hamma narsani o‘zim yetishtirardim, uyda o‘sha ekinlardan ovqat tayyorlaganmiz.
Farzandlar, qo‘ni-qo‘shnilarning aytishlaricha, onaxon 90 yoshlarigacha o‘sha odatlarini tark etmagan, ya’ni teshachasi bilan ekinlarini o‘zi parvarish qilgan. Oilada ko‘chadan ko‘kat, ba’zi sabzavotlar deyarli sotib olinmagan ekan.
Mahallamizning Lutfixonim Sarmisoqovasi
- Muslima onajon hududimizning Lutfixonim Sarimosoqovasi, - deydi Samarqand shahridagi Panjob jome masjidi otinoyisi Gulchehra Ashurova. – Bu aktrisani ko‘pchilik onalar tisoliga aylantirib yuborgan, butun O‘zbekistonning ayasi, deb atashadi. Bu kishiga mahallamiz ahli xuddi shunday munosabatda. Negaki, onaxonning tillaridan jonim, poshshoyim degan so‘z tushmagan. Onalarimiz, buvilarimiz u kishi haqida juda ko‘p yaxshi gaplarni aytganlarini ko‘p eslaymiz. Kechirimliligi, bag‘rikengligi, har doim, hatto yomonlik qilganlarga ham mehr ulashganlari, yuzlaridan kulgu arimagani uchunmi, bir ko‘rgan odam u kishini yana bir ko‘rsam deydi. Mehmondo‘stligiyu, odamoxunligini aytmaysizmi? Shuning uchun balki, u kishini Alloh mana shunday uzoq va fayzli umr bilan siylagandir. Axir o‘zing yaxshi bo‘lsang olam yaxshi, degan gap borku.
Uyimizda hech qachon janjal bo‘lmagan
- Onamning tartibli hayotiga doim havas qilganmiz, - deydi katta kelini Hakima Qurbonova. – Erta tongda turib, to yettigacha hamma ishlarini bajarib bo‘lardilar. Ba’zida hali kelinlik paytimiz tong qorong‘usida ko‘chalarni supurib-sidirib, qo‘shnilarga kelinlarim tozalab qo‘ydi, deganlar. Biz to‘rt ovsin, egachilarim bilan hech qachon san-manga bormaganmiz. Ko‘pchilik hayron qoladi, chetdan kelganlar hatto ishonmaydi ham. Lekin bu rost. Shu yoshga kirib biron marta uyimizda janjal bo‘lganini, urishib qolganimizni eslolmayman. Buning hammasi onajonimiz sabab, deb o‘ylayman. Chunki u kishi hammamizning yaxshi tomonimizni aytib, bizni yaxshilikka undaganlar. Qizlariga ham kelinlarining faqat yaxshi tomonlarini aytganlar. Bilmaganimizni o‘rgatgan, yaxshimizni oshirganlar, borga ham, yo‘qqa ham shukur qilishni o‘rgatganlar. Tozalikka, qat’iy ovqatlanishga juda e’tiborlilar. Ya’ni nonushta, tushlik, kechki ovqat har doim bir vaqtda bo‘lar, tushlikda issiq taom bilan salat, ko‘katlar doim dasturxon ustida bo‘lishi kerak edi. Bizlarni ham shunga o‘rgatganlar.
Onaxonni kuzatib, fikrlarni eshitar ekanmiz, u kishi bugun oiladagi totuv yashash sirining timsoli ekaniga guvoh bo‘lamiz. Chunki xotirjamlik, namunali oila bo‘lish uchun oilada u yoki bu kamchiliklar bo‘lishi mumkin. Ammo bu oilada hammasi badastir ekaniga amin bo‘lasiz. Muomala munosabat deysizmi, kichiklarga izzat, kattalarga hurmat, qo‘ni-qo‘shnichilik hurmatimi, tozalik-sarishtalik, pazandalik, chiroyli ro‘zg‘or tutumi – hammasi manaman deb, ortiqcha bezaklarsiz ko‘zga tashlanib turibdi. Ko‘zga tashlangani sayin havasingizga, hayrtingizga sazovor bo‘ladi. Nahotki, shu jussasi kichik, baqamtigina, nurli onaxon shunday katta oilani birlashtirib, ularga ma’naviy quvvat berib turishni eplayotgan bo‘lsa, deya tasanno aytasiz.
Gulruh MO‘MINOVA.