Viloyat sog‘liqni saqlash va pensiya jamg‘armasi boshqarmalari e’tiboriga: Qariyalarga hech qanday imtiyoz yo‘qmi?
Tahririyatimizga Payariq tumanida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Turdi Tursunovdan quyidagi mazmunda xat keldi:
“Yangam Halima Toshnazarova 1938 yilda tug‘ilgan. Ko‘p yillar kolxozda og‘ir ishlarni bajarib, pensiyaga chiqqan. II guruh nogironi. Kolxozda 40 yil ipak qurti boqqan, rayon sovetining deputati bo‘lgan. Shunday bo‘lsa ham 700 ming so‘mga yaqin pensiya oladi. Pensiyasi dori-darmoniga ham yetmayapti. Unga biror imtiyoz bormi?
Men ham pensiya yoshidagi ijodkor kishiman. Ammo haligacha biron imtiyozdan foydalangan holda sayohatga chiqmaganman, davolanish uchun sanatoriyalarga bormaganman. Umuman, pensiya yoshidagi fuqarolarga imtiyozlar bormi?”.
Ushbu savolga tegishliligi bo‘yicha javob berishni so‘rab viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasiga murojaat qildik. Afsuski, ikkala tashkilotdan ham bu haqda hech qanday ma’lumot ololmadik.
Xo‘sh, pensiya yoshidagi, xususan, nogironligi bo‘lgan pensiya yoshidagi kishilarga hech qanday imtiyoz yo‘qmi?