Kimlar imtiyoz asosida o‘qishga qabul qilinadi?

Oliy ta’lim muassasalariga kirishda beriladigan imtiyozlarning turlari ham, shakllari ham har xil: ba’zilari davlat granti uchun berilsa, ba’zilari shartnoma uchun, sirtqi ta’lim yoki istalgan ta’lim shakliga beriladi.

2022 yil 11 may kuni “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bilan tasdiqlangan korrupsiyaga moyil munosabatlarni bartaraf etish bo‘yicha choralar dasturida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun beriladigan imtiyozlar ro‘yxati yagona hujjatda shakllantirilishi hamda ushbu imtiyozlarni umumiy kvotaga kiritmaslik to‘g‘risidagi qoida belgilanadi.

Hozirgacha ham qator imtiyozlar, masalan, harbiy qism tavsiyanomasiga ega bo‘lganlar uchun umumiy kvotadan tashqari o‘rinlar ajratilayotgan edi. Jumladan, Zulfiya davlat mukofoti sohibalari uchun ham qo‘shimcha grant o‘rinlari ajratilishi boshlangan.

O‘qishga kirishga alohida imkoniyatlar beruvchi imtiyozlarni quyidagicha guruhlash mumkin:

  • imtihonsiz, qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga kirishga asos bo‘luvchi;
  • imtihonsiz, kontrakt asosida o‘qishga kirishga asos bo‘luvchi;
  • faqat bir fan imtihonidan ozod etishga asos bo‘luvchi;
  • to‘plangan ballga qo‘shimcha ball qo‘shib beruvchi;
  • alohida kvota doirasida imtihonda ishtirok etishga asos bo‘luvchi imtiyozlar.

Sanab o‘tilgan imtiyozlar bir-biridan farq qiladi. Biroq darajasi turlicha bo‘lsa ham, ular oddiy tartibda hujjat topshirgan abituriyentlarga nisbatan ancha ko‘proq imkoniyatga egalikni anglatadi.

Imtihonsiz, qo‘shimcha grant asosida talaba bo‘luvchilar:

  • harbiy qism qo‘mondonligi va Yoshlar ittifoqining tavsiyanomasi bilan har bir harbiy qismdan bir nafardan yosh harbiy xizmatchi;
  • xizmat vazifasini bajarish payti halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan Qurolli Kuchlar tarkibidagi tashkilotlar harbiy xizmatchilari va Milliy gvardiya xodimlari, ichki ishlar tizimi xodimlarining farzandlari;
  • Olimpiya, Paraolimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, jahon chempionatlarida oxirgi 3 yilda g‘olib bo‘lgan sportchilar;
  • Zulfiya mukofoti, “Mard o‘g‘lon” mukofoti sovrindorlari;
  • “Nihol” mukofoti sohiblari;
  • Madaniyat vazirligining “Xalq cholg‘ulari ijrochilari”, “Milliy raqs ijrochilari” va “Yosh maqom ijrochilari” tanlovining bir nafardan g‘oliblari;
  • “Tarbiyachi”, “Hamshira” respublika tanlovi g‘oliblari;
  • Yoshlar ittifoqi faollari tavsiyanoma asosida hududiy OTMlarning pedagogika yo‘nalishlariga grantga kiradiganlar;
  • xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari;
  • Prezident maktabi bitiruvchilari.

Imtihonsiz, kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadiganlar:

  • Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashgan maktab bitiruvchilari kimyo, biologiya, fizika va AKT sohalariga qabul qilinadi;
  • Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod maktablari bitiruvchilari.

Faqat bir fan imtihonidan ozod etib, ball beruvchi imtiyozlar:

  • respublika fan olimpiadalarining 1-3-o‘rin sohiblariga g‘olib bo‘lgan fani bo‘yicha maksimal ball beriladi;
  • chet tili bo‘yicha belgilangan darajadagi xalqaro va milliy sertifikatga ega abituriyentlar uchun shu fandan maksimal ball beriladi;
  • tasviriy, amaliy san’at va dizayn yo‘nalishi bo‘yicha respublika va xalqaro tanlovlar g‘oliblari mutaxassislik fanidan maksimal ball oladi;
  • “Bolalar sport o‘yinlari”ning g‘oliblariga belgilangan fan bo‘yicha maksimal ball beriladi;
  • umumta’lim fanlari bo‘yicha sertifikatga ega abituriyentlarga sertifikatdagi baliga mos proporsional ball beriladi.

To‘plangan ballga qo‘shimcha ball beradigan imtiyozlar:

  • “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga harbiy yo‘nalishlar uchun o‘zlari to‘plagan balga 30 foiz, boshqa OTMlarga topshirganda 15 foiz miqdorda qo‘shimcha ball beriladi.

Qo‘shimcha kvota doirasida tanlovda qatnashish uchun asos bo‘luvchi imtiyozlar:

  • Navoiy viloyatining olis cho‘l hududlarida kamida 3 yildan beri yashab kelayotgan abituriyentlar Navoiy, Buxoro, Samarqand viloyatlaridagi OTMlarga hududda 4 yil ishlab berish sharti bilan grant asosida olinadi;
  • Uzun tumani Bobotog‘ hududidagi yoshlar uchun Surxondaryo viloyati OTMlarining pedagogika va tibbiyot yo‘nalishlariga qo‘shimcha grant asosida kvota ajratiladi;
  • Qurolli kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar harbiy xizmatchilarining farzandlari qo‘shimcha 5 foiz, Milliy gvardiya xodimlarining farzandlari qo‘shimcha 2 foiz, Bojxona xizmati xodimlarining farzandlari esa qo‘shimcha 2 foizli kvota asosida tanlovda ishtirok etadi;
  • ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari uchun alohida 3 foizli kvota ajratiladi, ularga bu kvota doirasida tanlovda qatnashish uchun 3 yilga amal qiluvchi sertifikat beriladi;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 2 foizli kvota ajratiladi;
  • mehribonlik uylari bitiruvchilari bo‘lgan chin yetimlarga va bolalar shaharchasi tarbiyalanuvchilariga 1 foizli kvota ajratiladi;
  • ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar uchun 4 foizli kvota ajratiladi;
  • o‘rmonchilar va ularning farzandlariga OTMlarning tegishli yo‘nalishlari uchun qo‘shimcha 20 foizlik kvota ajratiladi;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari tavsiyanoma asosida “Ijtimoiy ish” yo‘nalishiga to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlari doirasida qabul qilinadi;
  • harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega abituriyentlar o‘zlari tanlagan birinchi yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi;

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 3 dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan hokim yordamchilari davlat OTMlarining iqtisodiy ta’lim yo‘nalishlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tavsiyasiga ko‘ra davlat granti asosida sirtqi ta’lim shakliga suhbat asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 noyabrdagi “Iqtisodiyot tarmoqlarida kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarni sirtqi va kechki ta’lim shakliga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 675-son qaroriga ko‘ra, iqtisodiyot tarmoqlarida ishlayotgan kamida 5 yillik stajga ega bo‘lgan fuqarolar tegishli tavsiyanoma bilan suhbat asosida mos OTMlarga tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, mazkur imtiyozlarni berish yoki bekor qilish Davlat test markazi vakolatiga kirmaydi. Imtiyozlarni berish vakolatiga ega vazirlik, qo‘mitalar tomonidan ularning reyestri yuritilib, Davlat test markazi ma’lumotlar bazasiga yuboriladi. Davlat test markazi mazkur reyestrlardagi ma’lumotlar asosida kirish imtihonlarida ishtirok etgan abituriyentlarga keltirilgan hujjatlari bo‘yicha imtiyozlar qo‘llanilishini amalga oshiradi.

Vohid Sirliboyev,

Davlat test markazi viloyat bo‘limi boshlig‘i.