Talabalarning 13 foizi yotoqxona bilan ta’minlangan. Qolganlari-chi?

Sentyabr. Talabalar yangi o‘quv yilini boshladi. Ayniqsa, ilk bor oliy o‘quv yurti ostonasiga qadam qo‘ygan yoshlarning quvonchi cheksiz. Talabalik baxtiga erishish oson bo‘lgani yo‘q, axir. Uning ortida necha yillik mehnat, zahmat bor. Yangi joy, yangi tanishlar, yangi muhit… Va ko‘pchilik talabalarning oldida turarjoy muammosi.

Talaba uchun eng qulayi talabalar turarjoyi. Ammo oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan barcha talabalarni turarjoy bilan ta’minlash imkoniyati mavjud emas. Bu mavzu bugun ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokamaga sabab bo‘lmoqda. Xo‘sh, oliy ta’lim dargohlarida ahvol qanday?

Samarqand davlat universitetida bugungi kunda 10 mingdan ortiq talaba tahsil oladi. Ularning 60 foizini qizlar tashkil etadi. Universitet qoshida 1453 o‘rinli 5 ta talabalar turarjoyi faoliyat yuritadi. Ularda 42 ta o‘rin "Ipak yo‘li" xalqaro turizm universitetiga, 30 tasi malaka oshirish va qayta tayyorlash markazi tinglovchilariga, 30 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Samarqand filiali tinglovchilariga ajratilgan. Universitetning 13 foiz talabalari yotoqxona bilan ta’minlangan.

- 2019-2020 o‘quv yilida 2500 talaba 1-kursga qabul qilindi, - deydi universitet yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Kamoliddin Davronov. - Talabalarni yotoqxonalarga joylashtirishda avvalo, nogironligi bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan, birinchi kursda o‘qiyotgan talabalarga alohida e’tibor qaratiladi. Joriy yilda universitetimizda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Qashqadaryo, Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlaridan ham ko‘plab talabalar o‘qishga qabul qilindi. Shuningdek, viloyatlar, chekka tumanlardan kelgan talabalar ham imkon qadar yotoqxonaga joylashtiriladi. Yana 3500 nafar talaba yotoqxonada yashash uchun ariza yozgan. Lekin, afsuski, talabalarning barchasini yotoqxona bilan ta’minlash imkoniyati yo‘q. Joriy yilning avgust oyida fakultetlar dekanatlari tomonidan universitet hududiga yaqin mahallalarda fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Samarqand shahar kengashi bilan hamkorlikda 1021 ta ijara xonadon shakllantirdik.

Samarqand davlat chet tillar institutida ham talabalar turarjoyi zamonaviy ta’mirlangan. Darsdan so‘ng madaniy dam olish, sport bilan shug‘ullanish, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratilgan.

- Institutimizda 4 mingdan ortiq talaba tahsil oladi, - deydi institutning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Otabek Faybullayev. - Ularning 500 nafari talabalar turar joyida yashaydi. 600 o‘ringa mo‘ljallangan maskandagi 100 o‘rin institutimiz qoshidagi akademik litsey o‘quvchilari uchun ajratilgan. Asosan boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, oilada ikki-uch nafar kishi shartnoma asosida o‘qiyotgan, chekka tuman va viloyatlardan kelgan talabalar turarjoy bilan ta’minlanadi. Bu yil institutimizga respublikamizning turli viloyatlaridan ham talabalar qabul qilindi. Birinchi o‘rinda ularni joy bilan ta’minladik.

Talabalar turarjoyi bilan bog‘liq muammolar bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Sharoiti haminqadar bo‘lsa ham, talabalar turarjoyiga ehtiyoj kuchli bo‘lgan. Bugun yotoqxonalarda talabalar uchun barcha imkoniyat va sharoitlar yaratilgan. Minglab kitoblardan iborat kutubxonadan tortib, fitnes zallarigacha, qizlarning hunar o‘rganishi uchun tikuvchilik xonalari ham bor.

Shu o‘rinda tadbirkorlarimizning ham faolligi kerak nazarimizda. Agar tadbirkor tomonidan talabalar turarjoylari tashkil etilsa, talabalar ijara uylariga beradigan pulni mana shunday maskanlarga sarflardi. Asosiysi, u o‘quv yili davomida doimiy, arzon turarjoyga ega bo‘ladi.

Nasiba JONTO‘RAYeVA.