Yoshlardan yozg‘irishga haqlimizmi?

Inson dunyoga kelganda avvalo, uning kimga o‘xshashligi haqida bahs yuritamiz. Avvaliga bu bahslar faqatgina tashqi qiyofa atrofida bo‘ladi, ammo bola ulg‘aygani sari uning fe’l-atvoridagi jihatlarni kimdan “o‘zlashtirgani” ham ma’lum bo‘la boshlaydi. Irsiyatdan o‘tgan fe’l-atvor bilan bir qatorda atrofdan o‘zlashtirilgan jihatlar bilan bola katta bo‘la boshlaydi. Aynan shu – atrof-muhitdan o‘zlashtirilayotgan jihatlarni biz tarbiya deb ataymiz.

Aslida, tarbiya bolaga pand-nasihat qilishdangina iborat emas. Ko‘pincha bu ham ota-onaning aksi sifatida namoyon bo‘ladi. Deylik, siz uyda bajarayotgan ishlar, bo‘sh vaqtni qay tariqa o‘tkazishingiz, oila a’zolaringiz bilan qaysi mavzularda suhbat qurishingiz, atrofdagilarga munosabatingiz istasak-istamasak bola ongu tafakkurida akslanib boraveradi.

To‘g‘risi, yoshi kattalarning yoshlardan yozg‘irishi hamisha ham to‘g‘ri emas, deb o‘ylayman. Biz yoshligimizda mana bunday qilardik, deydigan ota-onaning oilasidagi muhit ham o‘shanday bo‘lgan.   

Bugun ba’zi holatlar haqida so‘z yuritib, ota-onalarga, xususan, o‘zimga ham ko‘zgu tutishni istadim.

 Kimni tarbiya qilaylik?

Maktabda ishlaydigan, u xoh qishloq, xoh shahar maktabi bo‘lsin, o‘qituvchi bilan suhbatlashib qolsangiz, uning “dard”lariga beixtiyor sherik bo‘la bosh­laysiz. Yo‘q, o‘qituvchi bolaning tarbiyasi-yu kitob o‘qimasligidan emas, ota-onadan ko‘proq norozi bo‘ladi.

- “Ikki” baho qo‘yishingiz bilan mening bolamni kamsitasiz, nima haqingiz bor ikki qo‘­yishga, deb onasi yugurib keladi, - deya gapirib beradi shunday o‘qituvchilardan biri. To‘g‘ri, bu ota-­onalarning maktabga kelib turishlari uchun ham asos bo‘layotgani bir tomondan quvonarli. Lekin ikkinchi tomondan qarasangiz, bolaga mehr berib, ta’lim berayotgan o‘qituvchining shashti sinib qolishiga olib keladi. Tushuning, bir o‘qituvchi sinfdagi 40 nafar bolaga birday mehr berolmaydi, buning iloji yo‘q. Qolaversa, ota-ona bilan o‘qituvchilar o‘rtasidagi bunday katta jarlik faqatgina bola tarbiyasiga ziyon qiladi. Unda manmanlik, nafaqat o‘qituvchiga, balki keyinchalik o‘z yaqinlariga nisbatan ham bepisand, talabkashlik xislati kuchayadi. Ya’ni, kezi kelganda hatto bahosini ham janjal qilib yaxshilatishga ko‘nikkan bola kelajakda ham xuddi shu yo‘l bilan kattaroq maqsadlarni talab qila boshlaydi. Shuning o‘zi tarbiyada keskin bir o‘pirilishni yuzaga keltiradi.

Amallar talablarga mos kelmaganda...

Darvoqe, talab haqida. Yaqinda O‘zbekis­tondan Belarusga o‘qishga ketgan bir guruh talabalar bilan suhbatlashib qoldim. To‘g‘risi, ularning ba’zi fikrlarini eshitib, oliy ta’lim muassasasida o‘qiydigan bolalarning boshqa davlatda o‘zlarini tutishlari naqadar ayanchli ekanidan, garchi, 20 yoshdan oshsa-da, oddiy qoidalarga amal qilmasligi, to‘g‘rirog‘i, shu ko‘nikmaning yo‘qligi uchun hamon nazoratga muhtoj ekanligini his qildim.

- Belarusdagi institut rektori doim o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashib, fikrlarini bilib turishga harakat qilardi, - deya gapirib beradi shu talabalardan biri. - Bilim olish, yashash bilan bog‘liq masalalarda muammo yo‘q edi. Qolaversa, hammasi haqida u yerga borishdan oldin ogohlantirilgandik. Afsuski, qaysi davlatga ketayotganimizni, qaysi tilda ta’lim olishimizni bilib ham ko‘pgina talabalar “Biz rus tilida o‘zlashtirishga qiynalyapmiz”, deya shikoyat qilishdi avvaliga. Institut rektori garchi, bu vakolatiga kirmasa-da (sababi, o‘qishga qabul qilinishidan oldin talabalar rus tilini yaxshi bilishi asosiy shartlardan biri edi), rus tilini chuqurroq o‘rgatish bo‘yicha bepul kurs tashkil qilib berdi. Lekin bu kursga boruvchilar soni shikoyat qilganlardan ko‘ra ozchilikni tashkil qildi.

Keyingi uchrashuvda talabalar juma namozi o‘qiymiz, deya dars jadvalini o‘zgartirishni talab qildi. Bu shikoyat ham e’tiborga olinib, ushbu kunda dars jadvali o‘zgartirildi. Lekin buni qarangki, o‘qishga istagi bo‘lmagan, faqat talab qo‘yish kerak, deb hisoblaydigan talabalar har safar yana nimalarnidir aytishga harakat qilardi. Shunday yig‘ilishlardan birida fakultet dekanining chiqishi bizni juda ta’sirlantirdi. “Hurmatli talabalar, to‘g‘ri, sizlarning fikrlaringiz biz uchun muhim. Lekin ba’zi talablaringiz xatti-harakatlaringizga mos kelmayotgani bizni tashvishga solyapti. Siz juma namoziga boraman, deb aytyapsiz, ammo shu talabni qo‘ygan talabalar yotoqxonada spirtli ichimlik ichib, derazalarni sindirdi. Bir nechta o‘zbekis­tonlik talabalar  avtomobilni ijaraga olish qoidalarini keskin buzdi, bir necha avtohalokatlar sodir bo‘ldi. Ba’zi talabalar jiddiy qoidabuzarligi uchun o‘z mamlakatingizga qaytarildi. Biz talab­laringiz xatti-harakatlaringizga mos kelishini istaymiz”, dedi u.

To‘g‘risi, dekanimizning shu chiqishidan shaxsan juda uyaldim.

Institut tarbiyachi emas

Bu talaba biroz ehtirosga berilgan, xorijda tengdoshlarining xatti-harakatlaridan uyalgan holda bu fikrlarni bildirgandir. Uning faktligi rost. Shunda bugun bejiz yurtimizda oliy ta’lim muassasalarida ota-onalar yig‘ilishi o‘tkazilmayotgan ekan-da, degan fikrga bordim. Nafaqat hali mustaqil  fikrlash, balki harakat qilishda hatto, 20 yoshlilar ham nazoratga muhtoj ekanligi kishini tashvishga soladi. Bu endi maktablarga o‘xshab institutlar ham tarbiya bilan shug‘ullanishga ko‘proq e’tibor qaratishga majbur bo‘layotganini bildiradi.

Vaholanki, uyidan uzoqda tahsil olayotgan talaba farzandining qanday yashayotgani, nima bilan mashg‘ulligini bilib turish ota-onaning vazifasi. Buning uchun institut ularni  chaqirishi shart emas. Qolaversa, talabani bu yoshda tarbiya qilishning foydasi yo‘q, u oilasidan oladiganini olib bo‘lgan, faqat tarbiya bobida ma’lum bir yo‘nalishlarni berish mumkin, xolos.

Tahririyatimiz atrofida talabalarni ijaraga qo‘yadigan xonadonlar ko‘p. Ular bilan suhbatlashsangiz, ko‘pi yozg‘irib qoladi.

“Oddiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaydi talabalar. Kitob o‘qiganini ko‘rmayman... Ko‘pchiligining ota-onasi bir martayam xabar olmaganidan hayron qolaman. Nahotki, farzandi qanday sharoitda, kimlar bilan yashayotgani bilan qiziqmasa!”.

Bizning aksimiz

Xulosa chiqarishga shoshilmang, yuqorida aytganimday, yoshlardan yozg‘irayotganim yo‘q. Ular o‘zimizning aksimiz ekan, demak, birinchi navbatda, o‘zimizni isloh qilishimiz kerakligini aytmoqchiman, xolos.

Gulruh MO‘MINOVA,

“Zarafshon” muxbiri.