Samarqandlik talabalar nufuzli tanlovda g‘olib bo‘ldi

“Mirzo Ulug‘bek vorislari” tanlovining respublika bosqichi o‘z yakuniga yetdi.

Unda 280 nafar iqtidorli yoshlardan 100 nafari g‘olib deb topildi. Ularning 4 nafari Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti talabalaridir.

Tanlovda institutning dorivor o‘simliklar yetishtirish va qayta ishlash texnologiyasi ta’lim yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Azimjon Hamroyev o‘zining “BIOFOOD CHICKEN” - parrandalar uchun biologik toza, omuxta yem mahsuloti startap loyihasi bilan qatnashgan bo‘lsa, iqtisodiyot ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich talabasi Jasmina Xurramova “Qurilish chiqindilari (gips)dan milliy dekorativ idishlar yasash”, bioiqtisodiyot ta’lim mutaxassisligi 1-bosqich magistranti Husniddin Safarov “Farm-water-technology” - fermer xo‘jaliklari uchun mo‘ljallangan suv sarfini o‘lchovchi innovatsion qurilma, agrokimyo va agrotuproqshunoslik ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Nilufar Rayimberdiyeva “Superfood” – amarant unini iste’molga kiritish nomli startap loyihalari bilan ishtirok etdi.

Bugun institutda “Mirzo Ulug‘bek vorislari” tanlovining respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan ixtirochi yoshlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Institut rektori oliygoh talabalarining tanlovdagi ishtirokini tahlil qildi.

- Tuman bosqichida 61 nafar, viloyat bosqichida esa 11 nafar talabamiz g‘olib bo‘lishgan edi, - dedi rektor Sh.Hasanov. - Respublika bosqichida 4 nafar yoshlarimiz Mirzo Ulug‘bek vorislari deya tan olindi. Mana shunday yoshlar boshqalarga namuna va ilmiy izlanuvchanlikka rag‘bat bo‘lib xizmat qilsa ajab emas. Zero, institut hali qanchadan-qancha jamiyat uchun muhim bo‘lgan muammolar, masalalarga o‘ziga xos yechim taklif beradigan startap g‘oyalarni shunday tanlovlar orqali o‘rtaga tashlay oladi.

Tanlovda g‘olib bo‘lgan talabalarga institut tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi, ilmiy rahbarlar moddiy rag‘batlantirildi.